Egizaklar haqidagi komediya: "Hammasiga Istanbul aybdor" seriali premyera qilindi

E’lon qilingan sana· 316
Egizaklar haqidagi komediya: "Hammasiga Istanbul aybdor" seriali premyera qilindi

Tashkent City Mall’da joylashgan Cinematica kinotetarida 30-iyul kuni “Salom TV” kompaniyasi tomonidan suratga olingan “Hammasiga Istanbul aybdor” serialining premyerasi boʻlib oʻtdi. Afisha.uz muxbiri ham tadbirda qatnashdi va quyida shu haqda soʻz boradi.

Serial rejissyori Elyor Alimov boʻlib, Shoxrux Murtazayev unga prodyuserlik qilgan. Rollarni Mahliyo Asqaraliyeva, Sardor Nozimov, Murod Nasimov, Nargiza Salmonova, Saida Rametova, Gʻanisher Rahmatullayev, Aziza Begmatova va Said Muxtorov kabi aktyor va aktrisalar oʻynagan.

Serialning asosiy qahramonlari Fotima va Zuhra boʻlib, ular bir-biriga xarakter jihatdan oʻxshamaydi. Fotima ishga shoʻngʻib ketgan, oʻz biznesiga ega qiz omadli qiz. Zuhra esa uning teskarisi, ishlari yurishmayotgan, muhabbatda omadi chopmayotgan qiz. Fotima toʻyi kuni ish bilan Istanbulga ketishga majbur boʻladi, oʻz vaqtida qayta olmasligi aniq boʻlgach, Zuhradan oʻrnini egallashini soʻraydi. Yorqin egizak singlisi soyasida yashayotgan Zuhra kutilmaganda o‘z hayotini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oʻzbek tomoshabiniga “Maktab” va “Toshkent 94” seriali bilan tanish boʻlgan platforma hozirda ancha samarali ijod qilmoqda. Serial bosh prodyuserining soʻzlariga koʻra, “Salom TV” har bir qatlamdagi auditoriyani qamrab olish uchun ishlashga harakat qilayotgani va ushbu romantik komediya janridagi serial ham buning bir boʻlagi ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari serial epizodlari Turkiyada, xususan, Istanbul aeroportida ham suratga olingan.

“Syujetning yarmi Istanbulda suratga olingan. Bu biz uchun yangi chellenj boʻldi. Istanbulda serial olish arzon emas, katta resurslar ham kerak. Lekin bizda bunday katta budjet yoʻq. Shunga qaramay jamoamiz bilan bunday chorlov tomon qadam bosdik. Aeroportlarni gaplashdik, kelishdik, resurslarimizni ishga soldik va bu mana shunday katta serial boʻlib chiqdi. Boshida buni qanday suratga olamiz, deb koʻp oʻylaganmiz. Serialni turk bozorlarida ham premyerasi boʻladi”, — deydi Shoxrux Murtazayev.

Ma’lumot uchun, serial 10 qismdan iborat. Hozirda uning dastlabki ikki qismini “Salom TV” platformasi orqali tomosha qilish mumkin. Bir haftada bir marotaba yangi qism e’lon qilinadi.

Bundan tashqari, “Hammasiga Istanbul aybdor"ning birinchi qismini YouTube orqali tomosha qilish ham mumkin. Shuningdek, serial Kinopoisk platformasida ham koʻrish uchun mavjud.

Bir aktyor yoki aktrisa tomonidan egizaklarning, qiyofadoshlarning roli ijro etilishi haqida gap ketar ekan, Adiz Rajabovning “Oʻzimdan oʻzimgacha” kinokartinasi yodga tushadi. Ushbu serialda ham bosh rolni ijro etgan aktrisaga bu rol qanchalik qiyinchilik tugʻdirgani haqida savol berdik.

“Ikkala qahramonning ham oʻziga yarasha dunyosi, xarakteri boʻladi. Unisining xarakterini bunga, buni esa unga adashtirib qoʻymay, deb ancha harakat qildim. Oldindan bunday rolda oʻzimni sinab koʻrishni orzu qilardim, nasib qilgan ekan”, — dedi bosh rol ijrochisi Mahliyo Askaraliyeva.

Butun dunyoda kultga aylangan serial formati Oʻzbekistonda ham avvaldan mashhur boʻlgan. Format yillar davomida koʻplab evolyutsiyalarni boshdan kechirdi. Hozirda butun dunyoda mashhur boʻlgan seriallarning bir mavsumi 8−10 qismni tashkil etadi. Bu tendensiya Oʻzbekistonga ham kirib kelgani va bunday filmlar koʻpaygani raqobatni yuzaga keltiradi. Raqobat esa oʻz navbatida rivojanishning, oʻsishning kaliti hisoblanadi.

Reportajni toʻliq holda bizning YouTube sahifamizda tomosha qiling:

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling