Oldin va hozir: “Jumong” seriali aktyorlari 19 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Janubiy Koreyaning MBS telekanali 45 yilligiga bag‘ishlab suratga olingan “Jumong” seriali muxlislar e’tiboriga havola etilganiga ham 19 yil to‘ldi. Dastlab, loyiha 60 qismga mo‘ljallangan, biroq unga qiziqish ortganidan so‘ng serial 81 qismgacha uzaytirilgan. Film Gogryo qirolligi asoschisi Jumong haqida hikoya qiladi.
Afisha.uz qadimgi sulolalar tarixi va silsilasiga qiziqishni yuqori darajada orttirgan serial aktyorlari 19 yildan ortiq vaqt ichida qay darajada o‘zgargani va hozirda nimalar bilan shug‘ullanayotgani haqida batafsil ma’lumot beradi.
Son Il-guk
Serialning bosh qahramoni, qat’iy va jasur qirol Jumong rolini ijro etgan aktyor Son Il-guk joriy yil 1-oktyabr sanasida 53 yoshni qarshi oladi. Son mashhur siyosatchilar oilasi vakilidir. Ota-bobolari yo‘lidan bormagan qahramonimiz 1998-yildan o‘zini teatr va kinoda sinab ko‘ra boshlagan. 2006-yilgi mashhurlikdan so‘ng Songa Koreya kinematografiyasida talab keskin oshgan.
U hatto 2008-yilda o‘zini stendap janrida ham sinab ko‘rgan. Biroq aktyor so‘nggi o‘n yillikda umuman birorta loyihada ishlamadi. Uning so‘nggi roli 2016-yilda suratga olingan “Chan Yon Sil” serialidagi shu nomdagi personaj bo‘ldi.
Xan Xe-djin
2005-yilda efirga uzatilgan “Kuchli bo‘l, Gimsun” serialidagi roli orqali mashhurlikka erishgan aktrisa Xan Xe-djin “Jumong"ga ham asosiy rollardan birini ijro etishga chaqirilgan. Shu tariqa betakror Soseono obrazi yaratilgandi. Aktrisa 2013-yilda Janubiy Koreya terma jamoasi himoyachisi Ki Son Yonga turmushga chiqdi, ular 2015-yilda qizli bo‘lishdi. Xan oxirgi marta 2023-yilda suratga olingan “Ajrim bo‘yicha advokat” teleserialida rol ijro etdi.
Kim Sin-su
Kino sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan aktyor Kim Sin-su haqida internetda ma’lumot topish juda qiyin. U deyarli hech qachon intervyu bermagan va shaxsiy hayotini sir saqlab kelgan. Ijodkor 25-iyul kuni 54 yoshga kirdi. Sin-su portfoliosidagi so‘nggi ish bu 2023-yilda ekran yuzini ko‘rgan “Yetkazmachi” filmidagi Ji Chang Sok roli bo‘lib turibdi. Bu personaj filmda Dongpa polisiya bo‘limidagi maxsus guruh rahbari sifatida gavdalanadi.
Jun Kvan-ryul
Jumongning tutingan otasi, uni saroyga olib kelib, o‘z qaramog‘i ostida tarbiyalagan valiahd shahzoda, keyinchalik qirol Geumva rolini ijro etgan aktyor Jun Kvan-ryul bugungi kunda ham faol ravishda film va reklamalarda suratga tushmoqda.
Ta’kidlash kerak, ushbu ijodkorga serialdagi muvaffaqiyatidan so‘ng mana qariyb 20 yildirki tarixiy doramalarda qayta va qayta qirol yoki mo‘ysafid ustoz obrazlarini gavdalantirishni so‘rab murojaat qilishadi. Aktyor so‘nggi marta 2022-yilda filmda suratga tushgan.
O Yon Su
Jumongning onasi, Buyo davlati malikasi Yuva xonim rolini ijro etgan aktrisa O Yon Su hozirda 53 yoshda. Uning qahramoni filmning ilk bosqichlarida dramatik voqealar markazida turadi. 2022-yilda u harbiy prokuror Doberman roli bilan besh yillik tanaffusdan so‘ng ekranlarga qaytdi. Yon Su armiya tashkil etilganidan beri bu lavozimga erishgan birinchi ayol qo‘mondon sifatida tasvirlangan.
Kyon Mi Ri
Serialdagi eng kuchli ta’sirga ega ayollardan biri qirolicha Vonxu obrazini gavdalantirgan aktrisa Kyon Mi Ri 2025-yil 27-yanvar kuni 60 yoshni qarshiladi. U 2009-yilda o‘zini xonandalikda sinab ko‘rdi va “Baxtli ayol” nomli albomini e’lon qilgandi.
Aktrisa so‘nggi yillarda zangori ekranlarda kam ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. U so‘ngg marta 2023-yilda suratga olingan “Pandora: Jannat ostida” filmida Min Yung-Xvi rolini ijro etdi. Ushbu teleshou tvN kanali orqali namoyish etilgan.
Son Ji Xyo
Serialdagi samimiy va sabr-toqatli ayol obrazini yaratgan Ye So-ya rolini Janubiy Koreyalik aktrisa Son Ji Xyo ijro etgan. U 1981-yil 15-avgustda tug‘ilgan bo‘lib, 2025-yilda 44 yoshni qarshilaydi. Asl ismi Chon Su-yon bo‘lgan Son Ji Xyo aktyorlikdan tashqari modellik va teleboshlovchilik bilan ham shug‘ullanadi.
Aktrisa ayniqsa mashhur “Running Man” realiti shousidagi ishtiroki orqali keng auditoriyaga tanilgan. So‘nggi yillarda u turli janrdagi loyihalarda faol suratga tushmoqda. U oxirgi marta 2024-yilda namoyish etilgan “Ishonch qirolichasi” veb-serialida ikkinchi darajali rollardan birini ijro etdi.
An Yon-jun
Serialdagi g‘amgin, ammo qat’iyatli shahzoda Yuri obrazini ijro etgan aktyor An Yon-jun 1987-yil 22-noyabrda tug‘ilgan. U 2025-yilda 38 yoshni qarshilaydi. Yon-jun o‘zining yumshoq tabiatli, ammo ichki iztirobga to‘la rollari bilan tanilgan va turli dramatik seriallarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
Aktor 2004-yilda faoliyatini boshlagan va tez orada mashhurlikka erishgan. So‘nggi yillarda u ham televideniyeda nisbatan kamroq ko‘rinmoqda. U oxirgi marta 2022-yilda efirga uzatilgan “Sirli uy” nomli mistik drama serialida ko‘rinish bergan. Ushbu loyiha MBC telekanali orqali namoyish etilgan.
Jin Xi Kyon
Serialdagi sirli va mohir shifokor — Yeo Mi-eul obrazini gavdalantirgan aktrisa Jin Xi Kyon 1968-yil 7-sentyabrda tug‘ilgan. U nafaqat aktrisa, balki model sifatida ham faoliyat olib borgan va o‘zining betakror uslubi bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan.
U so‘nggi yillarda ham ekranlarda faol ko‘rinmoqda. Aktrisa 2024-yilda Annapurna Film uchun suratga olingan “Hi Five” dramasida yetakchi rollardan birini — Chun-xva obrazini ijro etdi. Ushbu loyiha o‘zbek tomoshabinlari orasida ham e’tibor qozongan.
Xu Jun-xo
Serialdagi afsonaviy jangchi va adolatparvar qahramon — Xe Mosu obrazini yaratgan aktyor Xu Jun-xo 1964-yil 14-aprelda Janubiy Koreyada tug‘ilgan. U teatr, kino va seriallarda faol ijod qilgan, tajribali aktyorlar sirasiga kiradi. Sahnadagi tabiiy ifodasi va kuchli xarakterlar ijrosiga bo‘lgan moyilligi uni tomoshabinlar orasida juda mashhur qildi.
Xu Jun-xo aktyorlik faoliyatida ko‘plab filmlar va seriallarda qatnashgan. U “Silmido”, “Baland vulqon”, “Tun rohibalari” kabi mashhur loyihalarda o‘zining betakror rollari bilan tanilgan. Jumongdagi ishi esa uning tarixiy janrdagi eng yirik ijrolaridan biri hisoblanadi.
