"Green Book", "The Wolf of Wall Street", "Pearl-Harbor": real voqealarga asoslangan filmlar

Hayotda yuz bergan voqealar ko‘pincha o‘ylab topilgan ssenariylardan ham kuchliroq taassurot qoldiradi. Shu sababli real voqealarga asoslangan filmlar har doim tomoshabinning e’tiborini tortadi — chunki unda ko‘rsatilayotgan hikoya chinakam odamlarning hayoti, boshidan kechirgan og‘ir sinovlari yoki yuksak g‘alabalari bilan bog‘liq.
Afisha.uz mana shunday kinokartinalarning 15 tasini bir yerga jamladi.
Green Book
Asosiy voqealar yoʻlda boʻlib oʻtadigan va har jihatdan bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan odamlar haqidagi filmlar qiziqishni uygʻotadi. Bu kinokartinada ularning bosib oʻtadigan yoʻli va qanday qilib, ajralmas doʻstlarga aylanganini koʻrish mumkin.
Nozikta’b, boy va iste’dodli musiqachi haydovchi va tansoqchi sifatida bu ishga deyarli mos kelmaydigan odamni yollaydi. Toni “vaysaqi” — gapirmay turishni, oshxona jihozlaridan foydalanishni bilmaydigan, lekin mushtlari bilan yaxshi ishlaydigan odam. Bu sayohat ikkalasining ham hayotini butunlay o‘zgartirib yuboradi.
I, Tonya
Bu Margo Robbi ijrosidagi real voqealarga asoslangan biografik film. Aktrisa unda amerikalik figurali uchish boʻyicha AQSh chempioni Tonya Xarding rolini ijro etadi.
Tonyaning figurali uchish boʻyicha karyerasi sport olamidagi eng mashhur ziddiyatlardan biri boʻlgan voqea tufayli yakunlanadi. Unga koʻra, Xardingning asosiy raqibiga hujum uyushtiriladi va unda Tonya ham ishtirok etadi. “Tonya barchaga qarshi” filmining asosini ham aynan ushbu voqea tashkil etadi.
Pearl-Harbor
Rejissyor Maykl Bey tomonidan 2001-yilda Ikkinchi jahon urushining asosiy voqealaridan biri boʻlgan Perl-Xarbor haqida olingan kinokartina. Bu yirik tarixiy voqea fonida olingan muhabbat qissasidir.
Ikki uchuvchi do‘stning tinch hayoti Ikkinchi jahon urushi vaqtida yapon aviatsiyasi Perl-Xarbordagi AQSh harbiy bazasiga to‘satdan hujum qilgan bir kechada barbod bo‘ladi.
The Wolf of Wall Street
Afsonaviy rejissyor Martin Skorsezening ushbu filmi real hayotda mavjud boʻlgan va hozirda kinokartina yakunida koʻrsatilgandek biznes-kouchlik bilan shugʻullanayotgan Jordan Belfortning hayoti haqida hikoya qiladi.
1987-yil. Jordan Belfort muvaffaqiyatli investitsiya bankining brokeriga aylanadi. Ko‘p o‘tmay, bank Dou Jons indeksining to‘satdan qulashidan so‘ng yopiladi. Jordan mayda aksiyalar bilan shug‘ullanuvchi kichik bir muassasaga ishga kiradi. Uning mijozlar bilan muloqot qilishdagi qat’iyatli uslubi va tug‘ma xarizmasi tezda o‘z samarasini beradi. U qoʻshnisi Donni bilan tanishadi va darhol til topishadi. Ular o‘z firmasini ochishga qaror qiladi va tez fursatda boylik orttiradi. Kunlarning birida Belfortga FBR agenti qiziqa boshlaydi…
The Aviator
Otasidan kichik bir fabrikani qabul qilib olgan Hovard Hyuz, uni fantastik daromad keltiruvchi gigant korxonaga aylantiradi. Ulkan kinokompaniya sohibiga aylanganidan soʻng, Hovard oʻz davrining eng qimmat filmini suratga olib, gollivudning sohibjamol aktrisalarining yuraklarini zabt etadi. Las-Vegasning eng nufuzli kazinolari unga tegishli edi. U kattaligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi tijoriy aviakompaniyani xarid qilib, parvoz tezligi boʻyicha dunyo rekordini oʻrnatadi…
Pullar Hyuzning yuragini kuydirib, halovatini qochiradi, qalbini esa parchalaydi. Faqat bir necha ming metr yuqorilardagina u rostmanasiga baxtli boʻla oladi. Faqat oʻsha yerda, hammasini uchuvchining mahorati va Xudo hal qiladigan yerdagina, hech narsa sadoqat va sharafdek qadrga ega boʻlmay qoladi.
Spotlight
Oskar mukofotining asosiy nominatsiyasida gʻolib chiqib, 2015-yilning eng yaxshi kinokartinasi deb topilgan film rejissyor Tomas Makkartining beshinchi kinosi hisoblanadi. Asosiy mavzu — bir qator jurnalistlar duch kelgan muammo.
AQSh tarixidagi eng shov-shuvli mojarolardan birining real voqealarga asoslangan jurnalistik surishtiruvi haqida hikoya qiluvchi film. Boston gazetasi muxbirlari Rim-katolik cherkovi vakillari ayblanayotgan pedofiliya holatlarini fosh etmoqda.
Catch Me If You Can
Leonardo di Kaprio real hayotda mavjud boʻlgan firibgarlar rolini ijro etish boʻyicha katta tajribaga ega ekanini koʻrish mumkin. U Jordan Belfortdan avvalroq yana bir mashhur firibgar Frenk Abegneyl obrazini ham gavdalantirgan.
Frenk Abegneyl 21 yoshga kirmasidan oldin shifokor, advokat va fuqarolik aviatsiyasi uchuvchisi sifatida ishlashga ulguradi. Yolgʻon va firibgarlikda ustasifaranglik, shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirish mahorati unga soxta cheklar orqali millionlab dollar olib keladi. FQB agenti Karl Henretti Frenkni tutib, qilmishlari uchun qonun oldida javobgarlikka tortish uchun harakat qiladi.
Dunkirk
Oʻzining fantastik (ham oʻz ma’nosida, ham koʻchma ma’noda) filmlari bilan mashhur rejissyor Kristofer Nolan real voqealarga asoslangan film suratga olganiga ishonish biroz qiyin boʻlishi mumkin, lekin hayotda hamma narsa boʻladi.
Film Ikkinchi jahon urushi boshida bo‘lib o‘tgan Dyunkerk operatsiyasi davomida uch yuz mingdan ortiq askarning mo‘jizaviy tarzda qutqarilishi haqida hikoya qiladi. Voqealar yuz minglab ingliz va ittifoqchi qo‘shinlarning dushman kuchlari tomonidan qurshab olinishi bilan boshlanadi. Askarlar plyajda tuzoqqa tushib, dengizga orqa o‘girgan holda, hal qilib bo‘lmaydigan vaziyatga duch keladi.
Into the Wild
Inson va tabiatning oʻzaro chambarchas bogʻliq ekanini his qilish uchun bu filmni koʻrish kifoya. Real voqealarga asoslangan kinokartina yolgʻizlikni yoqtiradiganlar uchun ham ayni muddao boʻladi.
Kristofer MakKendless Emori kollejini eng yaxshi talabalar va sportchilar qatorida tamomlaganidan soʻng, oʻqish davrida toʻplab qoʻygan 24 ming dollarni xayriya jamgʻarmasiga berib, yovvoyi tabiatga shoʻngʻish uchun, avtostop uslubida Alyaskaga yoʻl oladi. Yoʻlda hayotiga u yoki bu tarzda ta’sir oʻtkazadigan turli insonlar bilan tanishadi.
A Beautiful Mind
Rassel Krou bosh rolni ijro etgan ushbu kinokartina ham Oskarning “Eng yaxshi film” nominatsiyasida gʻolib chiqqan.
Jon Forbs Nesh matematika dahosi boʻlib, karyerasining boshida oʻyinlar nazariyasi sohasida ulkan tadqiqotlar amalga oshirib, fanning bu boʻlimini oʻzgartirib yuborgan va katta mashhurlikka erishgan. Ammo ayni onning oʻzida surbet va ayollar bobida muvoffaqiyatli boʻlgan Nesh, hayotini oʻzgartirib yuboruvchi taqdir zarbasini qabul qiladi.
Dallas Buyers Club
Umuman olganda, bu jamlanmaning ikkinchi nomini “Oskar olganlar” deb nomlash ham mumkin. Chunki ushbu filmdagi roli uchun Metyu Makkonaxi faoliyatidagi birinchi va hozircha yagona “haykalcha"ni qoʻlga kiritgan.
Dallaslik Ron Vudruf oʻzida OIV kasalligi aniqlagunga qadar ko‘ngilxushlik qilib yurardi. Shifokorlar unga atigi 30 kun muhlat beradi. Ammo u o‘zining umrini uzaytiradigan tajribaviy dorini topishga muvaffaq bo‘ladi, keyin esa dunyodagi eng yomon ko‘rgan odamlarini qutqara boshlaydi.
12 Years a Slave
Jamlanmadan kelib chiqsak, kinokartinaning Oskar yutgani yangilik boʻlmasa kerak. Bundan tashqari, film ajoyib aktyorlar tarkibi bilan ham ajralib turadi. Unda Bred Pitt, Benedikt Kamberbetch, Pol Dano, Maykl Fessbander va boshqalarni koʻrish mumkin.
Solomon Nortap Nyu-Yorkda yashardi va ishlardi. U uylangan va o‘qimishli edi, bir kuni ikki kishi unga Vashingtondan ish taklif qiladi. AQSh poytaxtiga koʻchgach, o‘g‘irlab ketiladi va qulga aylantiriladi. Nortap bir xo‘jayindan ikkinchisiga o‘tib, ayanchli hayot kechiradi.
Moneyball
Bred Pitt bilan davom etamiz. Yuqoridagi “I, Tonya” filmi qishki sport turi haqida boʻlsa bunisi beysbol — yozgi sport turi haqida. Ushbu real voqealar asosida rejissyor Bennet Miller tomonidan suratga olingan kinokartina “A” kategoriyadagi motivatsion filmlar qatoriga kiradi.
2001-yil. “Oakland Athletics” beysbol menejeri Billi Bin muhim o‘yinda sezilarli darajada katta byudjetga ega bo‘lgan “Nyu-York Yankies"ga yutqazganidan so‘ng, o‘yinchilarni tanlash tizimini tubdan o‘zgartirishga qaror qiladi. Klivlendga biznes safari chog‘ida u Yel universitetining yosh bitiruvchisi, iqtisodchi Piter Brand bilan uchrashadi, u matematik hisob-kitoblar yordamida o‘yinchilarning shaxsiy statistik ko‘rsatkichlariga asoslangan foydaliligini baholashning innovatsion sxemasini joriy etishni taklif qiladi.
127 Hours
Buni introvertlar uchun film deyish mumkin. Ajoyib aktyorlardan biri Jeyms Franko bosh rolni ijro etgan kinokartina bir nechta sahnalarni hisobga olmaganda, real voqealarni aniqlik bilan takrorlaydi. Filmda Ralstonda bo‘lgan jihozlar to‘plami va unda mavjud bo‘lgan suv miqdori aniq qayta yaratilgan.
Qoyalarga chiquvchi va daralarda yashiringan g‘orlar ishqibozi yana bir bor yolg‘iz o‘zi tog‘larga boradi va o‘lim tuzog‘iga tushib qoladi. U 127 soatni oziq-ovqatsiz, ichimliksiz va deyarli tirik qolish umidisiz oʻtkazadi. Mana shunda xarakter kuchi namoyon bo‘ladi…
Lincoln
Oskar mukofoti yodingizdan koʻtarilgan boʻlsa, yana bir bor eslatamiz: buyuk aktyor Deniel Dey Lyuis Avraam Linkoln roli bilan ushbu mukofotni qoʻlga kiritgan. Filmga Stiven Spilberg rejissyorlik qilgan.
1865-yil. Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘n oltinchi prezidenti Avraam Linkoln mashhurlik cho‘qqisida. Ammo uning oldida jiddiy vazifalar turibdi. U vakillar palatasi orqali qullikni taqiqlovchi Konstitutsiyaga tuzatish kiritishi va fuqarolar urushini tugatishi kerak.
- #12 years a slave
- #127 hours
- #a beautiful mind
- #catch me if you can
- #dallas buyers club
- #dunkirk
- #green book
- #i, tonya
- #into the wild
- #lincoln
- #moneyball
- #pearl-harbor
- #spotlight
- #the aviator
- #the wolf of wall street
