"Bu yerda hech qanday sir yoʻq": qadimiy kasb egalari haqida "Tegirmonchi" hujjatli filmi suratga olindi

25-avgust kuni Gazeta.uz tomonidan suratga olingan “Tegirmonchi” hujjatli filmi premyera qilindi. Unda Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Darband mahallasida 1990-yilda qurilgan suv tegirmoni va unda ishlaydigan odamlar hayoti haqida hikoya qilinadi.

Qayd etilishicha, bu yerda bir necha suv tegirmoni bor. Ulardan biri, 35 yil avval pensiyadagi ichki ishlar organi xodimi Sobir Sulaymonov tomonidan Darband daralari oralab oquvchi daryo yoqasida qurdirilgan.
Bu tegirmonni dastlab Chorshanbi Majidovning otasi ishlatgan, so‘nggi 12 yildan beri Chorshanbi akaning o‘zi tegirmonning egasi hisoblanadi.
Film davomida ushbu tarixiy kasb haqida ba’zi qiziq faktlarni bilib olish mumkin. Ta’kidlanishicha, tegirmon oʻz vaqtida qanday qurilgan boʻlsa, shundayligicha qolgan, oʻzgartirishlar qilish mumkin emas.

Tegirmon zamirida novvoyxona ham qurilgan boʻlib, bu joy mana oʻzining nonlari bilan “ikkinchi hayotini” boshlagan. Hujjatli film davomida bugʻdoy unga aylantirilishadan tortib, to nonga aylanishi va dasturxonga yetib kelguncha boʻlgan jarayon koʻrsatiladi.
Uzoq yillardan beri non tayyorlab keladigan Obida Sohibova non uchun xamirturushning qanchalik muhim ekanini ta’kidlaydi. “Xamiturush qanday tayyorlanadi?”, deya berilgan savolga “Bu yerda hech qanday sir yoʻq. Xamirturush shunchaki un, qatiq va suv bilan tayyorlanadi”, — deb javob berdi Chorshanbi Majidov.

FIlmda mintaqa uchun xavfli signal hisoblangan suv muammosi ham koʻtariladi. Xususan, Chorshanbi Majidov agar suv kamaysa, ish toʻxtab qolishini aytadi. Bu nafaqat qadimiy kasb boʻlgan tegirmonchilar uchun, balki butun mamlakat uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlishi lozim.
“Tegirmonchi” hujjatli filmining muallifi Otabek Turdiyev, muharrirlari esa Davlat Umarov va Muhrim A’zamxoʻjayev hisoblanadi. Quyida uni tomosha qilishingiz mumkin.