"Koʻrinmas medal": oʻzbek futbolining unutilmas natijasi haqidagi filmni nima uchun tomosha qilish kerak?

18-sentyabr kuni “Gazeta.uz” tomonidan 2024-yilda Parij Olimpiadasiga yoʻl olgan Oʻzbekiston futbol jamoasi haqida suratga olingan “Koʻrinmas medal” hujjatli filmi YouTube’ga joylandi. Ushbu film avvalroq Yulduz Cinema’da yopiq premyera qilingandi. Shuningdek, uni hozir loyiha homiysi Yandex Uzbekistan’ning Kinopoisk platformasi orqali ham tomosha qilish mumkin.
Yopiq premyerada qatnashgan Afisha.uz muharriri filmni platformalarga joylangandan keyin ham qayta koʻrib chiqdi va quyida ushbu kinokartina haqida oʻz fikrlarini bildiradi.
Mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi futbol boʻyicha katta gʻalabalar haqida soʻz ketar ekan shu kungacha 1994-yilda Xirosimadagi Osiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan gʻalaba eslanadi. Ushbu gʻalaba haqida 2007-yilda “Faqat gʻalaba” nomli badiiy film suratga olingan.
Oxirgi yillarda oʻzbek futboli katta oʻsishga erishdi. Turli terma jamoalar avvaliga Olimpiada keyin esa Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Olimpiadaga chiqishdek tarixiy natijalarni hujjatli film sifatida muhrlash lozim edi. Ushbu vazifani film ijodkorlari uddaladi, deyish mumkin.
Eng birinchi qadamlar
Film asosan Olimpiadaga chiqqan jamoa a’zolari, murabbiylar shtabi, OʻFA raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimovlarning intervyularidan tashkil topgan.
Kinokartina ijodkorlari ushbu jamoaning eng avvaliga, “Olimpik” jamoasining tashkil topishiga alohida e’tibor qaratadi. Chunki termaning asosini aynan shu klub tashkil qilardi va 2000-yillardagi “Paxtakor” loyihasini inobatga olganda ancha tavakalli ish edi.
Shu sababli film yaratuvchilari “Olimpik"ning qay darajada muhim ahamiyatga ega ekaniga, oʻzbek futbolida bu jamoa qanday oʻrin tutganiga alohida e’tibor qaratganini ta’kidlash lozim. Chunki har bir katta ish uchun, albatta, ilk qadamlar muhim hisoblanadi.
“(Bu jamoada) hamma ham term jamoaga tusha olmaydi. 23 nafar futbolchim boʻlsa, 40−50 foizini bu yerdan olaman, legionerlarimiz ham koʻp. Boshqa jamoalarda ham oʻynashyapti”, — deydi Temur Kapadze.
Futbolchilar ham, murabbiy Temur Kapadze ham “Olimpik” loyihasini iliq xotiralar bilan eslaydi.
Oson boʻlmagan yoʻl
Bu jamoaning yoʻli 2022-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida boshlangan. Olimpiadaga yoʻllanma bermaydigan Osiyo kuboklariga Sharqiy Osiyo jamoalari, xususan, Yaponiya va Janubiy Koreya ikki yosh kichik, kelasi musobaqada Olimpiada uchun kurashadigan futbolchilarni yuboradi.
Ushbu musobaqada Oʻzbekiston ham mana shunday tavakkalga qoʻl uradi, lekin shunga qaramay finalgacha yetib boradi. Hujjatli filmda xronikal kadrlar orqali biz 2022-yilga qaytamiz.
“Aynan mana shu turnirda biz bir oila boʻla olishimizga ishonganman”, — deydi jamoa darvozaboni Abduvohid Ne’matov.
Oʻsha vaqtda hali oldinda 2 yil boʻlsa-da, koʻpchilik bu jamoaning potensialiga ishongandi. Chunki Kapadze shogirdlari ikki yosh kichik boʻla turib, kuchli raqiblarga qarshi ishonchli oʻyinlar namoyish etgandi. Ammo jamoa finalda magʻlub boʻlgandi.
“Buyogʻiga biz yanada kuchli boʻlishimiz kerak”, — degandi alamli magʻlubiyatdan keyin murabbiy Temur Kapadze.
Ammo ish Osiyo kubogidagi ishonchli oʻyinlar bilan yakunlanmasligi aniq edi. Chunki futbolchilar shunday yoshda ediki, yangi Messiga aylanishga ham yoki navbatdagi Boyan Krkich boʻlib qolib ketishi ham hech gap emasdi.
Filmda futbolchilarning qanday qilib professional faoliyat boshlashgacha kelganiga alohida toʻxtalib oʻtiladi. Ularning barchasi oson yoʻlni bosib oʻtmaganini namoyish etiladi. Kinokartina ijodkorlari Oʻzbekistonning turli nuqtalariga, jumladan, Qashqadaryodan Namangangacha borib, jamoa a’zolarining yaqinlari bilan suhbatlashadi.
Bunda oʻyinchilarning motivatsiyasi qanday boʻlgani, qanday qiyinchiliklarni koʻrganiga alohida toʻxtab oʻtiladi.
Har bir inson muhim
“Koʻrinmas medal"da ushbu natijaga erishishda oʻz hissasini qoʻshgan har bir odamga alohida e’tibor beriladi. Jamoaning vrachlari, murabbiylar shtabidagi xodimlar, menejerlar, video-operatorlar bilan ham intervyular bor. Bu orqali termaning ichki muhiti qanday boʻlganini koʻrish mumkin.
Shuningdek, kinokartinada futbolchilarning ota-onalari katta oʻrin tutadi. Ular oʻz vaqtida farzandi futbolchi boʻlishi uchun nimalardan voz kechgani haqida soʻz boradi.
“Bu jamoaviy oʻyin. Bu xuddi soatga oʻxshaydi, hamma detallar bir xil ishlashi kerak”, — deydi Kapadze.
Tarixiy hujjat
Albatta, bu filmni tarixiy hujjat deyish mumkin. Chunki futbol boʻyicha ilk bor Olimpiadaga chiqqan jamoa nimalarni boshidan kechirganini qayd etish muhim hisoblanadi.
Olimpiadaga chiqish bir martalik orzu hisoblanmaydi. Unda doimiy qatnashishni ta’minlash muhim. “Koʻrinmas medal” ushbu yoʻlda harakat qilayotgan keyingi avlod futbolchilari uchun motivatsiya boʻladi.
Shuningdek, undagi intervyular, fikrlar, kadrlar uzoq yillardan keyin ham oʻrganiladi.
“Koʻrinmas medal” filmini quyida tomosha qilish mumkin.
