Oʻzbekcha "Substansiya": Sarvar Karimovning yangi "Sevgi sharbati" filmiga sharh

Milliy kino san’ati saroyida 2-oktyabr kuni rejissyor Sarvar Karimovning yangi “Sevgi sharbati” nomli komediya janridagi filmi premyera qilindi. Afisha.uz muxbiri ham ushbu premyerada qatnashdi va quyida shu haqda soʻz boradi.
Serial ITV platformasi bilan hamkorlikda suratga olingan boʻlib, boʻlib, Davron Hidoyatov unga prodyuserlik qilgan. Rollarni Murod Nasimov, Bobur Mansurov, Gulchehra Nosirova, Tohir Saidov, Charos Abbazova, Sabina Ibragimova va Abdulaziz Xoʻjayev kabi aktyor va aktrisalar oʻynagan.
Bu Sarvar Karimovning toʻrtinchi toʻliq metrajli filmi hisoblanadi. Bungacha rejissyor “Sehrli qalpoqcha"ning birinchi va ikkinchi qismini hamda “Sarvqomat dilbarim” kinokartinalarini suratga olgan. Shuningdek, “Hokim buva” seriali ham uning portfoliosini toʻldiradi.
“Filmimiz yengil komediya janrida. Agar „Sehrli qalpoqcha“ kinosi yoqqan boʻlsa, bu filmni ham koʻrsangiz yoqadi deb oʻylayman. Chunki oʻsha jamoa ishlagan. Ruhiyati ham sal katta boʻlgan Hoshimjonlar uchun desam toʻgʻriroq boʻladi”, — dedi Sarvar Karimov.
Kinokartina syujetiga koʻra, yosh kimyogar talabaning orzusi — “Sevgi sharbati"ni yaratish. Uning tasavvuriga ko‘ra, shu sehrli ichimlikdan keyin dunyodagi barcha qizlar unga oshiq bo‘lishi kerak. Ammo kutilmagan tajriba natijasida uning rejalari amalga oshmaydi va aksincha, o‘zi ayolga aylanib qoladi.
Kinokartina “2001: A Space Odyssey” filmiga ishora bilan boshlanadi. Bu, albatta, film syujeti kontekstida boʻladi. Unda insoniyat tarixida oilaviy munosabatlar qanday shakllangani, odam oldidan oqib oʻtgan suvning qadriga yetmasligiga toʻxtalib oʻtiladi. Shu bilan yana bir nechta tarixiy davrlarda bir xil ssenariydagi holat kuzatiladi.
Bundan tashqari, kino davomida bosh qahramon zinadan tushish jarayonida raqsga tushadi. Bu, albatta, Xoakin Feniksning Jokeriga ishoradir. Bularni, albatta, Sarvar Karimov stilida deyish mumkin.
Aktyorlar tarkibi asosan yoshlardan iborat. Hozir deyarli hamma kino va seriallarda chiqayotgan va oʻzbek kinosining yangi yulduziga aylanayotgan Murod Nasimov kinokartinada bosh rolni ijro etgan.
Shuningdek, katta aktyor va aktrisalar Tohir Saidov va Gulchehra Nosirova satirik uslubda yaratilgan ota-ona obrazini yaxshi jonlantirgan. Komediya elementlari asosan ota-ona va farzand oʻrtasidagi suhbatlarda koʻrindi.
Bundan tashqari, oxirgi paytlarda oʻzbek kinosida urfga aylangan filmga asosan Instagram’dagi blogerlarni taklif qilish tendensiyasi davom ettirilgan. A’zam Qahramoniy va Kunduziy kameoda koʻrinish bergan boʻlsa, Bobur Mansurov ancha katta rolni ijro etgan.
U oʻz vazifasini yaxshi uddalagan deyish mumkin. Shuningdek, film kulminatsiyasida Bobur Mansurov personajining qoʻshiq aytishini bugungi kundagi pop-madaniyatga katta ishora ekanini sezish mumkin.
Film ijodkorlari 2024-yilda premyera qilingan “The Substance” kinosidan ilhomlangani seziladi. Albatta, unga oʻzbekcha kolorit va komediya elementlari qoʻshilgan. Bunda ham bir tana uchun ikki inson kurashadi. Albatta, ikkinchi inson qayerdan kelib qolgani savollarni yuzaga chiqaradi. Fantastik komediya janri oʻzbek kinosida koʻp ham uchramaydi, shu sababdan buni endi rivojlanayotgan janrlar qatoriga qoʻshish mumkin.
Umuman olganda rejissyorning fantastik komediyaga boʻlgan qiziqishiga “Abdullajon” filmi sabab boʻlgan boʻlsa ajab emas. Uning “Sehrli qalpoqcha” filmida Zulfiqor Musoqovning shedevriga ishorani koʻrish mumkin.
Sarvar Karimovning filmlari yorqin ranglari bilan ham ajralib turadi. Birgina bosh qahramonning xonasini oladigan boʻlsak, u yerda juda kichik joyga juda koʻp narsalar sigʻdirilganini koʻrish mumkin. U oʻz tajribalarini aynan oʻz xonasida olib boradi. Buni namoyish etishda Murod Nasimovning mahoratidan juda oʻrinli foydalanilgan.
Rejissyorning soʻzlari bilan aytganda, bu yengil komediya boʻlib, odamlarning vaqtini maroqli oʻtkazishga qaratilgan. Undan katta ma’no yoki xulosalar qidirish notoʻgʻri. Umuman olganda loyiha odamlarni yana oʻzbek kinosiga qiziqtirish, kinoteatrlarga qaytarish uchun qilinganini ham sezsa boʻladi.
Filmga chiptalarni Afisha.uz saytining “Kino” boʻlimi orqali sotib olish mumkin.
