“Kelajakka qaytib” filmiga 40 yil to‘ldi: mashhur brendlar afsonaviy kartinani qayta eslamoqda

Bu yil 1985-yilda ekran yuzini ko‘rgan mashhur “Kelajakka qaytib” filmiga 40 yil to‘ldi. Kino tarixidagi eng sevimli ilmiy-fantastik asarlardan biri bo‘lgan bu trilogiya nafaqat o‘z davrining texnologiya mo‘jizasi, balki bugungi pop-madaniyatning ham muhim qismiga aylangan. Yubiley munosabati bilan bir nechta yirik brendlar filmga bag‘ishlangan maxsus kolleksiyalarini taqdim etmoqda.
Yaponiyaning mashhur Casio kompaniyasi “Kelajakka qaytib” filmiga bag‘ishlab CA-500WEBF nomli “limited edtion” raqamli soatni modelini taqdim etdi. Model Universal Products & Experiences bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, 1980-yillardagi mashhur CA-53 soatlarining zamonaviy talqini hisoblanadi. Xuddi shunday soatni film qahramoni Marti MakFlay taqib yurgan edi.
Soat korpusi kumush rangli alyuminiydan tayyorlangan bo‘lib, dizaynda film elementlari aks etgan: siferblatda mashhur DeLorean DMC-12 avtomobilining “OUTATIME” raqamli orqa chiroqlari, rangli tugmalar esa vaqt paneli indikatorlarini eslatadi. Orqa qopqog‘ida esa “oqim kondensatori"ning gravirovkasi joy olgan. Soat 21-oktabrda sotuvga chiqishi aytilgan.
Yana bir mashhur brend LEGO — “Kelajakka qaytib” filmiga bag‘ishlangan yangi konstruktor to‘plamini chiqarmoqda. Unda 357 dona detal, shuningdek Marti MakFlay va Dok Braun minifiguralari hamda kichik modeldagi DeLorean avtomobili mavjud. To‘plam 2026-yil 1-yanvardan 27,99 dollar narxda sotuvga chiqadi.
Bundan tashqari, LEGO sayti orqali filmga bag‘ishlangan boshqa, kattaroq DeLorean to‘plamini ham xarid qilish mumkin.Uning narxi 199,99 dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, Crocs brendi ham yubileyni nishonlash uchun o‘zining klassik Crocs modellariga “Kelajakka qaytib” dizaynini qo‘shdi. Modelda mashhur sahna 88 mil tezlikda vaqt bo‘ylab sayohat qilish onlari aks ettirilgan. Dizaynida chaqmoq izlari, DeLorean tasviri, oqim kondensatori hamda yonayotgan shinalar izi joy olgan.
To‘plam tarkibiga film ramzlari tasvirlangan jibbitzlar ham kiradi: Martining qizil kurtkasi, havo skeytbordi, soat minorasi va 1955-yil gazetasi. Yangi model 21-oktabrdan sotuvga chiqishi rejalashtirilgan.