“Tigʻiz payt 4” suratga olinmoqda: Jeki Chan va Kris Taker qaytadi

E’lon qilingan sana· 677
“Tigʻiz payt 4” suratga olinmoqda: Jeki Chan va Kris Taker qaytadi

Variety nashriga koʻra, uzoq yillardan beri kutilayotgan “Tigʻiz payt 4” loyihasi ustida nihoyat ish boshlangani ma’lum bo‘ldi. Filmning yangi qismi Paramout kompaniyasi tomonidan namoyish etiladi.

Aytilishicha, franshizani qayta jonlantirish jarayonida Oq uy aralashuvi ham bo‘lgan, AQSh prezidenti Donald Tramp studiyaga loyihani qayta yo‘lga qo‘yishni shaxsan tavsiya qilgan.

Filmning ilk uch qismini suratga olgan Brett Ratner yana rejissyorlikka qaytmoqda. Yangi filmda bosh rollarni yana Jeki Chan va Kris Taker ijro etadi.

Ma’lumotlarga koʻra, “Tigʻiz payt” filmining oldingi qismlari global miqyosda katta muvaffaqiyatga erishgan: 1998-yilgi birinchi film 244 million dollar, ikkinchi qism 347 million dollar, uchinchi qismi esa 258 million dollar yig‘gan. Biroq komediya janri so‘nggi yillarda kinoteatrlarda unchalik kuchli natija ko‘rsatmayotganligi hisobga olinmoqda. Bundan tashqari, hozirda Jeki Chan 71 yoshda, Kris Taker esa 2007-yildan beri kinoda bosh rol ijro etmagan.

Filmning premyera sanasi hozircha ma’lum emas.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling