Oldin va hozir: “Kelgindi kuyov” filmi aktyorlari 20 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Mashhur rejissyor Rustam Sa’diyev tomonidan suratga olingan “Kelgindi kuyov” filmi 2005-yilda katta ekranlarga chiqqan bo‘lib, o‘z davrida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Loyihada Farrux Soipov, Lola Yo‘ldosheva va qator iste’dodli aktyorlar ishtirok etgan. Film o‘zbek kinematografining komediya janrida o‘ziga xos mavqe kasb etib, turmush, odatlar va mentalitetdagi farqlarni yengil, ammo mazmunli tarzda ko‘rsatib bergani bilan ajralib turadi.
“Kelgindi kuyov” qishloq hayoti, an’anaviy qarashlar va shaharlik yigitning yangi muhitga moslashishi orqali jamiyatdagi ijtimoiy tafovutlar, odamlar orasidagi munosabat va qadriyatlar to‘qnashuvini hajviy ko‘rinishda yoritadi. Asar nafaqat kulgu uyg‘otadi, balki oila, hurmat, to‘g‘rilik va insoniylik borasida ham o‘ylantiruvchi xulosalar beradi. Film o‘z davrida tomoshabin uchun xalqona yumor va hayotiylik timsoliga aylangan.
Afisha.uz oradan 20 yil o‘tib “Kelgindi kuyov” jamoasining hozirgi faoliyatiga nazar tashlaydi — aktyorlarning bugungi hayoti, ijodiy yo‘nalishidagi o‘zgarishlar va film ularga qanday yangi eshiklar ochgani haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Lola Yo‘ldosheva
O‘zbek shou-biznesining eng yorqin yulduzlaridan biri, pop-rok janridagi qo‘shiqlar ijrochisi Lola 2025-yil 4-sentyabr kuni 40 yoshni qarshiladi. U filmda asosiy qahramonlardan biri Zaynab rolini ijro etgan.
Ijodkor 2004-yil “Sevinch” filmida ilk yirik rolini o‘ynagandi. Uning aktrisalik mahorati muxlislar va kino olami tanqidchilari tomonidan yuqori baholandi. “Kelgindi kuyov” filmidagi roli Lolaga yanada ko‘proq shuhrat olib keldi. Bu muvaffayiqatdan keyin u bir necha filmlarda rol o‘ynadi.
Joriy yil 26−30-sentyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” saroyida xonanda Lola Yo‘ldoshevaning “O‘zicha” nomli katta yakkaxon konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ushbu dasturdan so‘ng qo‘shiqchi ijodiy faoliyatida tanaffus olganini e’lon qildi. U tarmoqdagi barcha postlarini arxivladi.
Ta’kidlash kerak, Lola 2005-yil ham san’at olamini noma’lum vaqtga tark etgandi. U 2011-yil yangi konsert dasturi bilan shou-biznesga qaytgan. So‘nggi yillarda Lola bir necha bor “milliy mentalitetga zid” chiqishlari ortidan tanqidlarga sabab bo‘lgan.
Farrux Soipov
41 yoshli Farrux Soipov filmda Suhrob rolini ijro etgan. U ilk rolini “Marjona” filmida ijro etgan. Shu filmdan so‘ng u alohida aktyorlik mahoratlari kurslarida o‘qigan. Keyinchalik AQSHga borib, maxsus kinematografiya kurslarida tahsil olgan.
Soipovning birinchi taniqli filmi “Kelgindi kuyov” bo‘lgan. Shundan so‘ng aktyor bir qator filmlarda bosh rollarni ijro etdi va ularning deyarli barchasi katta mashhurlikka erishdi. Ammo u 2017-yilga kelib, san’atni butunlay tark etdi.
San’atni tark etganidan keyin u tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga o‘tgan. U bundan keyin ancha vaqt ekranlarda ko‘rinish bermagan va 2018-yilga kelib umraga borgan vaqtida Jasur Hamroyevga intervyu bergan.
Farrux Soipov faoliyati davomida drama, melodrama, komediya va jangari filmlarda turli obrazlar yaratgan. Ulardan “Qalbim oʻgʻrisi”, “Feride”, “Sugʻdiyona”, “Oshiqlar”, “Panoh”, “Kelgindi kelin”, “Osiy banda”, “Nafs” va boshqalar bor.
Zikir Muhammadjonov
Filmda Suhrobning bobosi Abduvosil rolini o‘ynagan Zikir Muhammadjonov o‘zbek artisti, teatr va kino aktyori bo‘lgan. Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonov 70 yildan ko‘proq O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishlab, yuzdan ortiq rollarni ijro etgan. Taniqli ijodkor 2012-yil 23-avgustda 91 yoshda vafot etgan.
Taniqli san’atkor keng qamrovli aktyor bo‘lib, spektaklda, kino va televideniyeda jahon dramaturgiyasining mumtoz namunalarida, o‘zbek adiblarining umuminsoniy mavzularidagi asarlarida obrazlarni mahorat bilan yaratgan.
Ustoz san’atkor uzoq yillik faoliyati davomida bir qancha chet el filmlarida ham suratga tushgan. Muhammadjonov yaratgan obrazlar kuchli psixologik dramatizmi, romantik ko‘tarinkiligi bilan ajralib turadi. “Shuhrat” medali, “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Murod Rajabov
O‘zbek kinosi va teatrining iste’dodli vakillaridan biri, o‘ziga xos uslubi bilan tanilgan aktyor Murod Rajabov filmda Zaynabning otasi rolini ijro etgan. U filmda asosiy qahramonlardan biri sifatida o‘ziga xos, xarakterli rollarni yaratgani bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan.
Ijodkor sahnadagi faoliyatini teatr orqali boshlagan bo‘lib, u ilk bor 1970-yillar boshida ekranda ko‘rinish bergan. Murod Rajabovning aktyorlik mahorati tanqidchilar tomonidan ham, keng auditoriya tomonidan ham iliq kutib olingan.
Ayniqsa, o‘zbek komediya filmlarida ijro etgan rollari unga yanada katta shuhrat olib keldi va aktyorni ommaviy tanilishga olib chiqqan burilish nuqtalaridan biri bo‘ldi.
U 2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni, 2025-yilda esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Aktyor 2023-yil 8-aprel kuni 73 yoshida vafot etgan.
Lola Eltoyeva
Filmda Toʻtiniso rolini o‘ynagan aktrisa Lola Eltoyeva hozirda 53 yoshda. Ijodkor faoliyati davomida 60 dan ortiq spektakllarda, 45 ga yaqin filmlarda rol ijro etgan. 200 ga yaqin filmlarga va bir necha teleseriallarga ovoz bergan.
U hozirgi kunda O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat olib bormoqda. Aktrisa 2023-yilda chiqarilgan “Abdulla Oripov” filmida Klara Xadjayevna, 2024-yilda sahna yuzini ko‘rgan “Birinchi qaldirg‘och” spektaklida Ma’suma Qoriyeva rollarini ijro etdi.
Eltoyeva O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega. U, shuningdek, “Do‘stlik” ordeniga ham sazovor bo‘lgan. Aktrisa hozirda O‘zDSMI dotsenti hisoblanadi.
Yayra Abdullayeva
O‘zbek kino va teatr san’atining ardoqli namoyandalaridan biri, ko‘plab tomoshabinlar sevgan aktrisa, O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva milliy teatr va kino tarixida o‘chmas iz qoldirgan ijodkorlardan biridir. U o‘zining tabiiy, hayotiy va ta’sirchan obrazlari bilan bir necha avlod tomoshabinlarining mehrini qozongan. U filmda Zaynabning buvisi Rayhon rolini o‘ynagan.
Yayra Abdullayeva o‘z ijodiy faoliyati davomida ko‘plab spektakllar va filmlarda ishtirok etgan. U yaratgan obrazlar — mehribon ona, sabr-toqatli ayol, hayot sinovlaridan o‘tgan, ammo matonatini yo‘qotmagan qahramonlar timsolida aks etadi.
Uning ijrosida samimiyat, insoniylik va o‘zbek ayoliga xos tarovat doimo sezilib turardi, shu bois ham Abdullayevaning ijodi keng auditoriya tomonidan iliq kutib olingan.
Aktrisa 2019-yil 14-may kuni 88 yoshida olamdan o‘tgan. Yayra Abdullayeva o‘zbek san’atida katta meros qoldirdi — uning rollari hali-hanuz tomoshabinlar qalbida yashaydi, ijodiy yo‘li esa yosh avlod aktyorlar uchun chinakam saboq bo‘lib qolmoqda.
Dilnoza Kubayeva
Dilnoza Kubayeva bugungi kunda mamlakatning eng taniqli aktrisalaridan biri sanaladi. U o‘zining yorqin xarizmasi, kuchli dramatik mahorati va turfa obrazlarni ishonarli talqin etishi bilan millionlab tomoshabinlar mehrini qozongan. San’atkor “Kelgindi kuyov” filmida Rayhonning yoshligi obrazini yaratgan.
2007-yildan O‘zbek milliy akademik drama teatrida aktyorlik vazifasida ishlab keladi. 2010-yil “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, shu yilning o‘zida “Eng ulug‘, eng aziz” Respublika ko‘rik tanlovida 2-o‘rin bilan, 2012-yil “Shuhrat” medali va 2021-yil “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” kabi mukofotlar va estalik nishonlari bilan taqdirlandi. 2009-yili turmush o‘rtog‘i vafot etgan.
Bugungi kunda ham Dilnoza Kubayeva sahna va ekranlarda faol. U katta konsert loyihalari, teatr spektakllari, seriallar va filmlarda muntazam suratga tushib kelmoqda. Shuningdek, aktrisa ijtimoiy hayotda ham faol bo‘lib, turli madaniy tashabbus va xayriya loyihalarida ishtirok etadi.
Shohida Ismoilova
Filmda Zaynabning onasi rolini gavdalantirgan aktrisa Shohida Ismoilova 1976−1980-yillarda Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida tahsil olgan. Ijodiy faoliyatini 1980-yilda Oʻzbek davlat drama teatrida boshlagan va u yerda aktrisa 20 dan ziyod obrazlar yaratgan.
1987-yildan to hozirgi kunga qadar Oʻzbek milliy akademik drama teatrida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bu yerda ham u 50 ga yaqin spektakllarda turli xarakterdagi obrazlarni yaratgan.
Aktrisa 1999-yili “Andijon bahori” xalqaro teatrlar festivalida “Kunduzsiz kechalar” spektaklidagi Soliha roli uchun “Eng yaxshi ayol roli ijrochisi” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan.
Rixsitilla Abdullayev
Aktyor va teleboshlovchi Rixsitilla Abdullayev 1978-yil 5-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Mannon Uyg‘ur nomidagi San’at institutida “Drama va kino aktyorligi” yo‘nalishida tahsil olgan va teatr sahnasida 1999-yildan boshlab faoliyat yurita boshlagan. 2010-yilda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Abdullayev kinematografiya olamida ham faol va ko‘p qirrali ijodkor sifatida tanilgan. 2005-yilda suratga olingan “Kelgindi kuyov” filmida Suyunbek rolini ijro etgan — bu film uning ommaviy tanilishida muhim rol o‘ynagan. Shuningdek, u “Kaminaning oilasi” teleserialidagi asosiy roli orqali muxlislar mehrini qozongan.
Aktyor 2002-yilda taniqli aktyor Yoqub Ahmedovning qizi Nodira Ahmedova (Abdullayeva)ga uylangan va ularning 3 nafar farzandi bor. U san’at va televideniye sohasida tajribali ijodkor sifatida faoliyatini davom ettirmoqda va yosh aktyorlar uchun namunali ustoz bo‘lib xizmat qilmoqda.
Umid Shodmonov
O‘zbek kinosi va teatrining taniqli vakillaridan biri Umid Shodmonov 1977-yil 5-yanvarda tug‘ilgan bo‘lib, bugungi kunda aktyorlik mahorati bilan tomoshabinlar e’tiborini qozonib kelmoqda.
U Muqimiy nomidagi drama va komediya teatrining yetakchi aktyorlaridan biri hisoblanadi. Shodmonovning sahnadagi tabiiyligi, obrazni chuqur his eta olishi va dramatik hamda komedik rollardagi moslashuvchanligi uni teatr olamining muhim shaxslaridan biriga aylantirgan.
Uning “Kelgindi kuyov” filmidagi Arslonxon obrazi ikkinchi darajali rol bo‘lsa-da, esda qolarli obrazlardan birini yaratgan aktyorlardan biridir. Filmning umumiy atmosferasi, hayotiy voqealar bilan to‘yingan syujeti va ijtimoiy kesatiqlari Shodmonov ijrosidagi qahramon orqali yanada kuchliroq ta’sir bergan.
Saundtrek
Film rasmiy saundtrekini Lolaning o‘zi kuylagan. “Sevgilim” deb nomlangan tarona 2005-yilda chiqarilgan bo‘lib, o‘sha paytlarda mahalliy telekanallar va radiochartlarning eng yuqori o‘rinlaridan joy olgan.
Taronada muallif hech qachon chet ellik insonni sevib qolaman deb o‘ylamaganini aytadi. Bu Farrux Soipovning qahramoni Amerikada yashagani bilan bog‘liq. Lola qo‘shiqni doimiy ravishda konsertlarida ijro qilib keladi.



















