"Oskar" marosimi YouTube’da bepul namoyish etiladi

2029-yildan “Oskar” mukofotini topshirish marosimi YouTube platformasida bepul translyatsiya qilinadi. Amerika Kinoakademiyasi va YouTube o‘rtasida ko‘p yillik hamkorlik kelishuvi imzolandi, deb xabar berdi Variety.
Kelishuvga ko‘ra, YouTube 2029-yildan 2033-yilgacha marosimni namoyish etish bo‘yicha eksklyuziv global huquqlarga ega bo‘ladi. 2026, 2027 va 2028-yillardagi marosimlar esa AQShda avvalgidek ABC telekanali orqali efirga uzatiladi.
Yangi hamkorlik doirasida tomoshabinlar butun dunyo bo‘ylab “Oskar” marosimini, qizil yo‘lakdan jonli reportajlarni, sahna ortidagi lavhalarni hamda mukofot topshirishdan keyingi tantanali kechadan tayyorlangan videolarni bepul tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi. AQShdagi YouTube TV obunachilari ham ushbu kontentdan foydalana oladi.
Kinoakademiya vakillarining ta’kidlashicha, YouTube’ga o‘tish marosimni global onlayn auditoriya uchun bir nechta tillardagi subtitrlar va ovoz yo‘llari orqali yanada ochiq va qulay qiladi.
“YouTube bilan tuzilgan ushbu global hamkorlik „Oskar“ marosimi va Akademiyaning yil davomida amalga oshiriladigan dasturlari uchun yangi uy bo‘ladi. Bu orqali biz kinoni yanada keng miqyosda targ‘ib qilish, yangi avlod kinorejissyorlarini ilhomlantirish va kino tariximizga misli ko‘rilmagan darajada global kirish imkonini yaratamiz”, — dedi Akademiya bosh direktori Bill Kramer va prezident Linnett Xauell Teylor.
Insayderlar ma’lumotiga ko‘ra, YouTube translyatsiya huquqlari uchun 100 million dollardan ortiq taklif qilgan. Disney/ABC va NBCUniversal nisbatan kamroq taklif bilan cheklangan, Netflix ham muzokaralarda qatnashgan, biroq uning shartlari oshkor etilmagan.
97-marotaba o‘tkazilgan “Oskar” marosimi joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tdi va so‘nggi besh yildagi eng yuqori tomoshabinlar sonini qayd etdi — translyatsiyani 19,69 million kishi tomosha qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa marosim 104,2 milliondan ortiq tilga olinib, “Gremmi” va Superkubokdan ham o‘zib ketdi.