Geek Con Tashkent 2025: yosh chegarasini bilmaydigan gik madaniyati festivali

E’lon qilingan sana· 660
Geek Con Tashkent 2025: yosh chegarasini bilmaydigan gik madaniyati festivali

Huma Arenada 20-dekabr kuni Geek Con Tashkent 2025 festivali boʻlib oʻtdi. Festival kino, serial, anime, multfilm va video o‘yinlar muxlislarini bir joyga to‘pladi. Turli yoshdagi tomoshabinlarni jalb etgan holda, bu tadbir gik madaniyat allaqachon o‘smirlar qiziqishi doirasidan chiqib kengroq doiraga kirganini namoyon qildi.

Festivalda turli avlod vakillaridan kospleyerlar ishtirok etdi. Oʻsmirlardan tashqari, tadbirda oʻz davrining filmlari va teleseriallari qahramonlariga aylangan keksa yoshdagi tomoshabinlar, jumladan, “Terminator” filmidagi T-1000 va “Kalambur” teleserialidagi qahramonlar ham ishtirok etdi.

Festival maydoni jonli va ba’zan kutilmagan manzaralar bilan to‘la edi. Tashrif buyuruvchilar Shrek O‘rgimchak odam bilan suratga tushayotganini, yonida esa turli olam va davrlardan kelgan qahramonlar bemalol kezib yurganini kuzatishlari mumkin edi. Bunday holatlar hazil, nostalgiya va zamonaviy ommaviy madaniyat yonma-yon mavjud bo‘lgan Geek Con ruhini yaqqol aks ettirardi.

Dasturning eng yorqin jihatlaridan biri kospley musobaqasi boʻldi. Unda individual va guruhli chiqishlar namoyish etildi. Ishtirokchilar Marvel va DC olamidagi personajlarni, shuningdek, mashhur anime qahramonlarini taqdim etishdi. Kospleyerlar nafaqat liboslarining detallarigacha, balki aktyorlik mahoratiga ham alohida e’tibor berishdi, qahramonlarining shaxsiyati, xulq-atvori va kayfiyatini ifoda etishga harakat qilishdi.

Festivalda sahna dasturidan tashqari, tez tayyorlanadigan taomlar va Osiyo oshxonasi taomlaridan iborat fud-kortlar ham faoliyat yuritdi. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar plakatlar, sevimli qahramonlarning haykalchalari, nishonlar va mualliflik rasmlari xarid qilishlari mumkin bo‘lgan savdo va art-zone tashkil etilgandi.

Ovozlari ko‘plab filmlar, seriallar, anime va video o‘yinlar orqali tomoshabinlarga tanish bo‘lgan mehmon dublyaj aktyorlari jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otdi. Ular orasida “Demon slayer,” “Chainsawman” “Vanitas xotiralari” anime seraillari, shuningdek, “Claustrophobe 2” va “From My Window” filmlari bilan tanilgan Islom Ganjayev ham bor edi. Uning ovozi Cyberpunk 2077 o‘yinida va Yandexning reklama loyihalarida ham jaranglaydi. Aktyor Crunchyroll mukofotining “Eng yaxshi dublyaj aktyori” nominatsiyasi g‘olibi hisoblanadi.

Festivalning mehmonlari orasida Sonik, “Gravity Falls” multseriali qahramonlari va “Rick and Morty” animatsion serialining barcha personajlariga ovoz bergan Dmitriy Karpov ham bor edi. U nafaqat dublyaj sohasida, balki o‘zining hazilga boy YouTube kanali bilan ham mashhur.

Taklif etilganlar qatorida “Star Wars,” “Captain Amerika,” Cyberpunk 2077, “Stranger things” “Sonic” va “Sherlock” kabi loyihalarni ovozlashtirishda qatnashgan Danil Eldarov ham bor edi.

Muallif: Laylo Alimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling