"Faqat 12 dan keyin..." kinokartinasiga taqriz

E’lon qilingan sana· 1 229
"Faqat 12 dan keyin..." kinokartinasiga taqriz

Yangi yil bayrami arafasida Milliy kino san’ati saroyida yangi “Faqat 12 dan keyin…” kinokomediyasi premyera qilindi. Hozirda namoyish etilayotgan filmning ilk namoyishida Afisha.uz muxbiri ham ishtirok etgandi va quyida kino haqida oʻz fikrlarini bildiradi.

Butun dunyoda Yangi yil bayrami arafasida turli xalqlar va millatlar takror-takror koʻradigan filmlar bor. Masalan, “Garri Potter”, “Uyda yolgʻiz” filmlari yoki “Taqdir hazili yohud qushdek yengil boʻling” shular jumlasidan. Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar tomonidan ham mana shunday oʻlmas filmlar yaratishga urinishlar boʻlgan, lekin ularning hammasi ham omadli yakunlanmagan.

Rejissyor Iqbol Meliqoʻziyev tomonidan suratga olingan “Faqat 12 dan keyin” filmi ham mana shunday urinishlardan biri boʻlgan. Kinokartinada suratga tushgan aktyorlar tarkibiga qarar ekanmiz, juda katta nomlarga koʻzimiz tushadi.

Bosh rolni Matyoqub Matchonov ijro etgan. Keyingi rollarda Lola Eltoyeva, Ra’no Yarasheva, Tolib Moʻminov, Toxir Saidov, Sobir Otajonov, Xosiyat Husanova kabi oʻzbek kinosi metrlarini koʻrish mumkin. Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov film avvalida kameoda koʻrinish bergan.

Aktyorlar tarkibiga qarab turib umid uyg‘onadi. Ammo muammo shundaki, aktyorlar qancha urinmasin, ularni birlashtiradigan ssenariy mavjud emas. Yangi yil bayrami arafasida ba’zi oilalarda muammo yuzaga keladi, mahalla raisi boʻlgan Matyoqub Matchonov qahramoni esa ularning muammolarini hal qilishga va bayram nishonlashga chorlaydi.

Qachondir Oʻzbekistonda ham superqahramonlar haqida filmlar olinishi aniq edi, lekin bu ajrashmoqchi boʻlgan oilani bundan qaytaradigan yoki yoshlarning toʻy masalalarini hal qiladigan mahalla raisi obrazida gavdalanmasligi kerak edi.

Badiiy tilda mukammal soʻzlasha oladigan Sobir Otajonov obrazini buxorocha shevada, Xosiyat Husanovani esa andijoncha shevada gapirtirish fikri kreativdek koʻrinsa-da, oʻzini oqlamagan. Biz koʻrgan boshqa oʻzbek filmlarida ajoyib rollarni ijro etgan bu aktyor va aktrisalar sun’iy ravishda shevada gapirtirilmagandi.

Filmni qutqarishi mumkin boʻlgan yagona jihat Toxir Saidov obrazi boʻlishi mumkin edi. Bu syujet chizigʻida haqiqatan tugun, bekgraund va muammoni yechish uchun harakat bor. Biroq bunga filmda kamroq vaqt ajratilgan. Bundan tashqari, Xuvaydo Jumayeva ham oʻz rolini maromiga yetkazib ijro etgan.

Film boshidan oxirigacha bir maromda ketmaydi. Syujet juda ham tarqoq, motivatsiyalar ishonchsiz, dramatik lahzalar majburan qoʻshilgani seziladi. Ba’zi sahnalar keragidan ortiq cho‘zilgan, ba’zilari esa tushunarsiz. Filmga Instagram ijtimoiy tarmogʻida ba’zi muhokamalarga sabab boʻlgan, trendga chiqqan mavzular ham sun’iy ravishda qoʻshilgan.

Masalan, erini uradigan xotin yoki kattalarni hurmat qilmaydigan yosh yigit obrazlari buning isboti boʻladi. Shu sababdan biz yakunda toʻliq-metrajli filmga emas, balki bir yarim soatli vaynga ega boʻlamiz.

Yangi yil bayrami haqidagi filmlarning asosini moʻjiza tashkil qiladi. Qutilar motivi bilan bunga yaqin kelingan, ammo yakunda hammasi juda oddiy boʻlib chiqishi tomoshabinni xafsalasini pir qiladi. Film yakunida televizorda emas, balki kinoteatrlarda koʻrish mumkin boʻlgan novellaga aylanib qolganini sezish mumkin.

Film uchun chiptalarni Afisha.uz orqali sotib olish mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling