Hayao Miyazaki va Ghibli olami: tirik afsona va eng sara animelar

E’lon qilingan sana· 5 492
Hayao Miyazaki va Ghibli olami: tirik afsona va eng sara animelar

Hayao Miyazaki — tirik afsona, anime dunyosining “otasi”, hayotimizni hech bo‘lmaganda bir oz bo‘lsa-da qiziqarliroq, chiroyliroq va ma’noliroq qilgan shaxslardan biri. Buni uning o‘zi rad etsa ham. Miyazakining ijodi va yaratgan olamlari anime yoki yapon madaniyatiga qiziqmagan tomoshabinni ham bir muddat to‘xtab o‘ylashga, go‘zallikdan bahramand bo‘lishga undaydi.

Biz ushbu maqolada Hayao Miyazaki, uning ijodi, odatlari va eng sara animelari haqida ma’lumot beramiz. Qulayroq joylashib oling, Ghibli va Miyazaki dunyosiga sayohat qilamiz.


Hayao Miyazaki 1941-yil 5-yanvarda Tokio shahrida tug‘ilgan. Uning bolalik davri Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgani sababli ko‘plab ko‘chishlar, qo‘rquv va urush manzaralari bilan to‘la bo‘lgan. Bu tajribalar keyinchalik uning ijodida urush mavzusiga qayta-qayta murojaat qilishiga, unga qat’iy tanqidiy pozitsiyadan qarashiga sabab bo‘ladi.

Miyazakining ichki qarama-qarshiliklari aynan shu bolalik tajribasi va oilaviy muhit bilan bevosita bog‘liq. Uning otasi Katsuji Miyazaki harbiy samolyotlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan zavodda direktor bo‘lib ishlagan. Shu sababli Hayao Miyazakida samolyotlar, uchish va mexanizmlarga nisbatan alohida mehr shakllanadi. Bu qiziqish keyinchalik uning filmlarida — samolyotlar, uchuvchilik, osmon manzaralari va murakkab mexanik konstruktsiyalar orqali yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bu yerda muhim bir paradoks yuzaga keladi: Miyazaki urushni yomon ko‘radi, ammo odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan harbiy samolyotlarga estetik va muhandislik jihatidan qiziqadi.

Miyazakining onasi Yoshiko Miyazaki esa uning shaxsiyati va ijodiga butunlay boshqa yo‘nalishda ta’sir ko‘rsatgan. U kuchli, irodali va qaysar ayol sifatida eslanadi. Miyazaki ayrim intervyularida “Laputa: Castle in the Sky” filmidagi Dola obrazida onasining xarakteri aks etganini tan olgan. Yoshiko Miyazaki uzoq yillar davomida sil (tuberkulyoz) kasalligi sabab yotib qolgan Bu holat “My Neighbor Totoro” filmida bilvosita ifodalangan: Miyazaki o‘zini yoki aka-ukalarini emas, balki ikki kichkina qiz orqali bolalik qo‘rquvi, sog‘inch va umid hissini tasvirlashni ma’qul ko‘rgan.

Yoshligidan manga va animatsiyaga qiziqqan Miyazaki asta-sekin bu sohada o‘z yo‘lini topa boshlaydi. U 1963-yilda Toei Animation studiyasida kichik lavozimda ish boshlaydi. Aynan shu yerda u Isao Takahata bilan tanishadi va keyinchalik bu ijodiy hamkorlik Studio Ghibli tashkil etilishiga asos bo‘ladi. Hatto studiyaning nomi ham Miyazakining samolyotlarga bo‘lgan qiziqishini aks ettiradi. Studio Ghibli nomi Ikkinchi jahon urushi davrida ishlab chiqarilgan Italiya harbiy samolyoti “Caproni Ca.309 Ghibli” nomidan olingan.

Miyazaki va ovqat

Ghibli studiyasi yoki Hayao Miyazakining umumiy uslubiga bu yerda alohida to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilmadik. Shu sababli e’tiborni tomoshabinlar xotirasida eng mazali qismlar boʻlgan ovqat sahnalariga toʻxtalamiz.

Miyazakisan ovqat sahnalariga alohida e’tibor va mehr bilan ishlagan, bu esa tomoshabinda tom ma’noda ishtahani ochadi. Qahramonlarning ovqat tayyorlashi, idish-tovoq tovushi, bug‘ chiqishi, qo‘l harakatlari va chaynash jarayoni mayda detallarigacha jonlantiriladi. Shu sababli Ghibli filmlaridagi ovqat “multfilm ovqati” emas, balki tirik, issiq va haqiqiydek tuyuladi.

YouTube’da Miyazakisanning ramyon tayyorlagan videolari mavjud. U ovqat — bu madaniyatning tasviri deb hisoblashini aytib oʻtgan.

Miyazaki animelaridagi ovqat sahnalari shu darajada ta’sirliki, ular tomoshabinlar orasida alohida madaniy hodisaga aylandi. Bugungi kunda YouTube’da Ghibli filmlaridagi ovqatlarni real hayotda qayta tayyorlab ko‘rishga bag‘ishlangan yuzlab videolar mavjud.

Miyazaki va uning odatlari

Miyazakisanning eng sevimli odati, chamasi, iste’foga chiqish bo‘lsa kerak. Sababi oddiy: u “bu safar rostdan ham bo‘ldi, endi bas”, deb e’lon qilganiga qaramay, 80 yoshdan oshgan bo‘lsa ham hanuz qo‘lida qalam bilan ishlashda davom etmoqda. Har safar ishlab turgan loyihasini yakunlashi bilan iste’foga chiqqanini e’lon qiladi, oradan bir muddat o‘tib esa yangi g‘oya va yangi loyiha bilan yana qaytadi.

Bu holat, ehtimol, Miyazakisanning o‘zi uchun jismonan va ruhan og‘ir jarayondir. Ammo biz tomoshabinlar uchun yana bir san’at asari, yana bir bor Ghibli olamiga qaytish imkonidir.

Hayao Miyazaki ijodini “iste'foga chiqib, yana qaytish” odati bilan ham tanish mumkin. U faoliyati davomida bir necha bor kinodan ketishini e’lon qilgan, biroq har safar ijod uni yana qaytarib kelgan.

1997-yilda “Princess Mononoke” filmi chiqqach, Miyazaki ilk bor iste’foga chiqishini aytadi. Filmning og‘ir mavzusi va murakkab ishlab chiqarish jarayoni uni jiddiy charchatgan edi. Shunga qaramay, u oradan ko‘p o‘tmay qaytib, 2001-yilda “Spirited Away” filmini yaratdi — bu asar uning eng mashhur ishlari qatoriga kiradi.

2013-yilda “The Wind Rises” filmidan so‘ng u rasmiy ravishda rejissyorlikni tark etishini e’lon qildi. Film Miyazakining shaxsiy xotiralari va urush haqidagi ichki ziddiyatlarini aks ettirgani sababli “so‘nggi film” sifatida qabul qilindi. Biroq bu ham yakun bo‘lmadi.

2018-yilda u “Boro the Caterpillar” qisqa metrajli filmi bilan yana ijodga qaytdi va 2023-yilda “The Boy and the Heron” filmini taqdim etdi. Shu tariqa, Miyazaki uchun iste’fo aniq nuqta emas, balki vaqtinchalik tanaffus bo‘lib chiqadi — tomoshabinlar uchun esa yana bir san’at asariga ega bo‘lish imkonidir.

Miyazakisan boʻsh vaqtlaridan studiyasining yaqinida joylashgan yirik ariqlardan birini tozalashga, kundalik hayotni suratga olishga va shunchaki hammasi aslida bema’no ekani haqida pessimist boʻlishga sarflaydi. Oxirgisi esa, albatta, hazil.

Qahramonlar

Hayao Miyazaki asarlarida qahramonlar ko‘pincha yosh bolalar bo‘ladi. Rejissyorning o‘zi ham bir necha intervyularida bolalarni kelajak uchun umid ramzi sifatida ko‘rishini aytgan. Uning nazarida kattalar dunyosi allaqachon buzilgan, urushlar, ochko‘zlik va hokimiyat istagi bilan zaharlangan. Bolalar esa hali bu tizimga to‘liq singib ketmagan, ular halollik, rahm-shafqat va tanlov erkinligini saqlab qolgan yagona qatlamdir. Shu sababli Miyazaki hikoyalarida aynan bolalar muammolarni hal qiladi, dunyoni tushunadi va muvozanatni tiklaydi.

Cho‘chqalar esa Miyazakining shaxsiy sevimli obrazlaridan biridir. Shu sababli ham uning uyidagi ustaxona “Buta-ya”, ya’ni “Cho‘chqaxona” deb ataladi.Porco Rosso” filmidagi bosh qahramon ham aynan shu qarashlarning yorqin namunasi hisoblanadi.

Shuningdek, Miyazaki animelarida tabiat tirik va ongli mavjudot sifatida namoyon bo‘ladi. O‘rmon ruhlari, g‘ayritabiiy maxluqlar va tabiat qahramonlari yapon mifologiyasi va sintoizm an’analaridan olingan bo‘lib, inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat g‘oyasini kuchaytiradi. Miyazaki uchun tabiat fon emas, balki u hikoyaning to‘laqonli qahramonidir.

Miyazaki va an’analarga sodiqlik

Miyazakisan zamonaviy texnologiya ayniqsa sun’iy intelektga nisbatan unchalik ham yaxshi firkda emas. U ijodkorning eng yaxshi quroli bu tasavvur va qalam deb biladi. 2025-yilda sun’iy intellekt orqali ghibli uslubida rasmlar yasash avj olganda Miyazaki bunga qarshi ekanini va uning ishlariga nisbatan behurmatlik ekanini bildirgan.

Ammo har birimizni ichimizda doim oʻzini ghibli qahramoni sifatida koʻrish niyati yashagani bois hech boʻlamsa bir marta boʻlsa ham ChatGPT’ga “generate my photo in ghibli style” promptini yozganmiz va bu hafsalamizni pir qilmagan. Aynan oʻsha paytlarda Afisha.uz ham oʻzbek retro filmlari — Ghibli uslubidagi suratlarda qanday boʻlishini bir joyga toʻplagandi.


Endi esa navbat animelarga. Ghibli studiyasining eng yaxshi ijod namunalariga toʻxtalib oʻtamiz.

Laputa: Castle in the Sky

“Laputa: Castle in the Sky” — Hayao Miyazakining ilk yirik Ghibli animatsiyalaridan biri bo‘lib, u 1986-yilda namoyish etilgan. Film yosh qahramonlar — Pazu va Sheeta atrofida aylanadi, ular osmon shahrining sirlarini ochishga harakat qiladi. Hikoya orqali Miyazaki texnologiya va tabiat o‘rtasidagi ziddiyat, insonning qudratga bo‘lgan istagi va urushning halokatli oqibatlarini ko‘rsatadi. Miyazaki fimga gʻoyani Jonatan Sviftning “Gulliverning sarguzashtlari” asaridan olgan. Filmdagi osmon shahri Laputa Yevropa bug' moslamari estetikasi bilan yapon mifologiyasini birlashtirgan noyob dizayn orqali yaratilgan.

Laputa animasiyasidagi robotlar insoniyat bilan aloqada emas, balki faqat tabiat bilan bog‘langan mavjudot sifatida tasvirlangan. Filmni yaratishda Miyazaki yosh tomoshabinlar uchun ham, kattalar uchun ham ma’naviy va estetik tajriba yaratishni maqsad qilgan. Shu sababli “Laputa: Castle in the Sky” Ghibli studiyasining eng sevimli klassiklaridan biriga aylangan va butun dunyo bo‘ylab muxlislar tomonidan qadrlanadi.

Filmni tomosha qilish.


Grave of the Fireflies

“Grave of the Fireflies” bu Hayao Miyazaki emas, balki Isao Takahata tomonidan Ghibli studiyasida ishlab chiqilgan, ammo u Miyazaki bilan yaqin hamkorlikda ishlagan loyihalardan biri hisoblanadi. Film Ikkinchi jahon urushi davrida Yaponiyada yashayotgan aka-uka Seita va Setsuko hikoyasini tasvirlaydi. Bu asar Ghibli filmlari orasida emotsional og‘irlik va realizm bilan ajralib turadi. Film urushning inson hayotiga bevosita ta’sirini ochib beradi.

Fimni tomosha qilish.


My Neighbor Totoro

“My Neighbor Totoro” Hayao Miyazakining eng mashhur animelaridan biri bo‘lib, u 1988-yilda namoyish etilgan. Film ikki kichkina opa-singil Satsuki va Mei va o‘rmon va sehrli mavjudoti Totoro bilan bo‘lgan sarguzashtlarini hikoya qiladi.

Film Miyazakining bolalik va tabiatga bo‘lgan chuqur mehrini aks ettiradi. Totoro va boshqa o‘rmon ruhlari orqali rejissyor tabiat bilan inson o‘rtasidagi uyg‘unlik va bolalikning bexavotir, oddiy baxtini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, filmda kutilmagan baxtsizliklar ham mavjud, masalan, kasallik va oilaviy tashvishlar, qizaloqning yoʻqolishi va umuman boshqa qizaloqning oyoq kiyimini topishi, shular jumlasidan.

Filmni tomosha qilish.


Kiki’s Delivery Service

“Kiki's Delivery Service” — Hayao Miyazakining eng iliq, sokin va hayotiy animelaridan biri. Ushbu anime 1989-yilda yaratilgan. Film 13 yoshli jodugar qiz Kiki haqida bo‘lib, u an’anaga ko‘ra mustaqil hayot boshlash uchun uyidan chiqib ketadi. Kiki yangi shaharga kelib, supurgida uchib yetkazib berish xizmati ochadi. Ammo bu hikoya sehr haqida emas, balki ulg‘ayish, yolg‘izlik haqida.

Anime Kiki orqali ijodiy inqiroz mavzusini ko‘taradi. U ma’lum bir vaqtda uchish qobiliyatini yo‘qotadi — bu esa Miyazakining o‘z hayotida boshdan kechirgan charchoq va ijodiy to‘xtalishlarga ramziy ishora sifatida talqin qilinadi. Film shuni ko‘rsatadiki, iste’dod faqat mehnat bilan emas, balki ruhiy holat bilan ham chambarchas bog‘liq.

Vizual jihatdan film juda yengil va yorug‘. Shaharning arxitekturasi Yevropa uslubida bo‘lib, u real joyga asoslanmagan, balki Miyazakining Shvetsiya va boshqa Yevropa shaharlariga qilgan safarlaridan ilhomlanilgan. Qiziqarli jihatlaridan biri shundaki, dastlab Kiki ancha mustaqil va sovuqqon xarakterda tasvirlangan, ammo Miyazaki uning obrazini yumshatib, tomoshabinga yaqinroq qilishni istagan. Mushuk Jiji Kiki ichki ovozining timsoli bo‘lib, uning yolg‘izlik va qo‘rquvlarini ifodalaydi. Miyazakidan film oxirida Jiji nega gapirmay qolganini so‘rashganida, u shunday javob bergan: “Birga bo‘lganingizda so‘zlarning hojati yo‘q. Nimagadir erishganingizda esa boshqa narsalardan mahrum bo‘lasiz, shunday emasmi?”

Fimni tomosha qilish.


Princess Mononoke

“Princess Mononoke” Miyazakisanning eng murakkab va siyosiy jihatdan boy animelaridan biri. Film Ashitaka ismli yosh qahramon va tabiat ruhlari bilan odamlar o‘rtasidagi ziddiyatni markazga oladi. Miyazaki bu film orqali inson va tabiat, urush va tinchlik, texnologiya va tabiat o‘rtasidagi muvozanat kabi mavzularni chuqur tahlil qiladi.

Filmdagi qahramonlar yosh bo‘lsa-da, ularning harakatlari katta oqibatlarga olib keladi. San, ya’ni “Mononoke qizi”, o‘rmon ruhlari bilan birlashgan va odamlar dunyosiga qarshi kurashadi. Bu obraz Miyazakining ayol qahramonlarga bo‘lgan hurmatini ham ko‘rsatadi: San kuchli, irodali va murakkab xarakterga ega, ammo insoniylik va hissiyotdan mahrum emas.

Filmi tomosha qilish.


Spirited Away

Bu anime Hayao Miyazakining eng mashhur va global miqyosda tan olingan asari hisoblanadi. Film Chihiro ismli o‘n yoshli qizning sehrli dunyoga tushib qolishi va ota-onasini qutqarish uchun kurashishi haqidahikoya qiladi. Film Miyazakining boshqa ishlari kabi o‘zgacha vizual detallar va tabiat ramzlari bilan ajralib turadi.

Chihiro o‘rmon ruhlari, sehrli mavjudotlar ishlaydigan hammom olamida turli sinovlardan o‘tadi. Bu jarayon bolalikdan kattalikka o‘tish, mas’uliyat va jasoratni topish ramzi sifatida talqin qilinadi. “Spirited Away” 2003-yilda Oskar mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi yapon animatsiyasi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab Miyazakining nomini yanada mashhur qildi.

Filmni tomosha qilish.


The Wind Rises

Film Miyazakining bolalikdagi samolyotlarga bo‘lgan mehrini aks ettiradi. Shu bilan birga, u urush va insoniyatning qudratga bo‘lgan ishtiyoqi bilan bog‘liq ichki ziddiyatlarni ko‘rsatadi. Jiro orzu qiladi va yaratilgan dizaynlar orqali yuqori texnologiyaga erishadi, ammo bu erishilgan muvaffaqiyatlar urush va odamlar o‘limiga ham sabab bo‘ladi.

Miyazaki filmni yaratishda real hayotiy tafsilotlarga katta e’tibor qaratgan: samolyotlar texnik jihatdan to‘g‘ri chizilgan va ularni yaratish jarayoni batafsil tasvirlangan. Film nafaqat samolyotlar va texnika, balki hayot, sevgi, orzu va insoniy ziddiyatlarini chuqur aks ettiradi. Shu sababli tomoshabinlar uchun bu film uning ijodidagi eng shaxsiy va ta’sirli asarlardan biridir.

Filmni tomosha qilish.


The Boy and the Heron

Miyazakining soʻnggi animatsion filmi, 2023‑yilda chiqarilgan fantastik drama bo‘lib, u ko‘plab tomoshabinlar tomonidan rejissyorning qarama‑qarshi his‑tuyg‘ulari va chuqur falsafiy mavzularini aks ettiruvchi asar deb baholanadi. Miyazaki bu animeni nevaralariga atab yaratgan.

Film Mahito Maki ismli o‘smir bolaning urush davrida shaharni tark etib, qishloqqa ko‘chib kelishi bilan boshlanadi. U yerda ota‑onasini yo‘qotish, yangi oilaviy munosabatlar va noma’lum sirli olam bilan yuzlashadi. Bir kuni u oldiga gapiruvchi kulrang qush keladi. Bu qush uni sirli minoraga yetaklab, unda juda g‘ayritabiiy dunyoga kirib boradi.

Film ko‘plab mukofotlarni qo‘lga kiritdi, jumladan Oskar mukofoti (Best Animated Feature) va Oltin Globus, bu Miyazakiga animatsion kategoriya bo‘yicha ilk “Oltin Globus” sovrinini taqdim etdi.

Filmni tomoshqa qilish.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling