Qoniqarsiz final, Netflix'ning "sinishi", hujjatli film: "Stranger Things" fenomeni va uning atrofidagi voqealar

E’lon qilingan sana· 511
Qoniqarsiz final, Netflix'ning "sinishi", hujjatli film: "Stranger Things" fenomeni va uning atrofidagi voqealar

Koʻplab kinematografiya muxlislari uchun 2026-yil 9 yil davom etgan “Stranger Things” serialining finali bilan boshlandi. Toshkent vaqti bilan 1-yanvar kuni uzoq kutilgan (haqiqatan ham juda uzoq kutilgan) oxirgi qism (haqiqatan ham oxirgi qism) e’lon qilindi. Ushbu serialning muxlisi hisoblangan Afisha.uz muharriri quyida yakuniy qismlar va ularning atrofidagi voqealar haqida soʻzlaydi.

Serial haqida qisqacha

Aka-uka Dafferlar tomonidan ishlangan “Stranger Things” seriali voqealari 1980-yillarda Indiana shtatidagi oʻylab topilgan Houkins shahrida bo‘lib o‘tadi. Yaqin atrofda joylashgan Houkins milliy laboratoriyasi go‘yoki AQSh Energetika vazirligi uchun ilmiy tadqiqotlar olib boradi, lekin aslida g‘ayritabiiy hodisalar, shu jumladan, odamlar ishtirokidagi tajribalar bilan yashirincha shug‘ullanadi. Laboratoriya xodimlari o‘zlarining tajribalaridan birida tasodifan parallel olam portalini ochib qo‘yishadi. Bu hech narsadan shubhalanmaydigan Houkins aholisiga zararli ta’sir ko‘rsata boshlaydi.

Birinchi mavsum voqealari 12 yoshli Uill Bayersni parallel olamdagi maxluq o‘g‘irlab ketganidan boshlanadi. Uning onasi Joys va shahar politsiyasi boshlig‘i Jim Hopper Uillni qidirishga tushadi. Xuddi shu paytda laboratoriyadan “Eleven” (oʻn bir) deb nom berilgan superkuchga ega qiz qochadi. Uni Uillning do‘stlari (Mayk, Dastin va Lukas) topadi. Tez orada bolalar uning g‘ayritabiiy qobiliyatlarini aniqlaydi va Eleven Uillni qidirishda yordam berishga harakat qiladi. Mavsum yakunida Uill qutqariladi.

Ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi mavsumda serialning eng asosiy antogonisti Vekna / Genri paydo boʻladi. U labarotoriyada bolalar orasida oʻtkazilgan tajribalarning birinchi natijasi hisoblanadi. Houkinslik bolalar jamoasi (mavsumlar davomida ularning tarkibiga koʻplab personajlar qoʻshiladi) esa unga qarshi kurashni boshlaydi. Oxirgi mavsum davomida qahramonlar Veknani qanday qilib yo‘q qilish va parallel olam sirini yechish yo‘llarini o‘ylab topishga harakat qiladi.

Serial finali nega tanqid qilinmoqda?

Beshinchi mavsumni tanqid qilishga yetarlicha sabablar bor. Serialning ilk qismi 2016-yilda chiqarilgan boʻlib, u vaqtda Netflix televideniya bilan raqobat qilayotgan va original gʻoyalar ustida bosh qotirayotgandi.

Oradan yillar oʻtib, Netflix Instagram yoki TikTok’dagi videolar bilan raqobat qilishni boshladi. Kompaniyaning har bir loyihasida ssenaristlar syujetni soddalashtirishga va qahramonlar tilidan qayta-qayta takrorlashga harakat qilinayotgani ma’lum boʻldi. Bu “Stranger Things"ning beshinchi mavsumida yaqqol namoyon boʻladi.

Kuchsiz ssenariy haqida gap ketganda, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari 80 dan ortiq syujet teshiklari va nomuvofiqliklarni topdi. Ularning katta qismi yakuniy mavsumga tegishli. Muxlislarda koʻplab savollar paydo boʻldi va ularning katta qismi javobsiz qoldi.

Soʻnggi qismdan so‘ng aka-uka Dafferlar tomoshabinlar yakunni o‘zlari tushunishlari uchun ba’zi syujet chiziqlari ataylab ochilmaganini tushuntirdi. Ammo muxlislar bunga rozi bo‘lmadi. Ba’zi tanqidlarning kelib chiqishiga serialning juda uzoq vaqt davomida taqdim etilgani ham sabab boʻldi. Umumiy hisobda 9 yil davom etgan “Stranger Things"ning final mavsumi oʻzini 3 yil kuttirdi.

Bu vaqt davomida kultga aylangan serialning muxlislar bazasi turli teoriyalar yaratdi, qaysidir qahramonlarni qurbon boʻlmasligini soʻrab chiqdi (final davomida bu mavzularda ham meta-hazillar qilingan). Umuman olganda muxlislarda kutilmalarni oshirishga yetarlicha vaqt boʻldi. Keyin esa mavsum yakuni bu kutilmalarni oqlay olmadi.

Conformity Gate: final boʻyicha teoriyalar

Koʻplab muxlislarning fikriga ko‘ra, serial juda pozitiv ruhda yakunlandi. Barcha o‘quvchilar maktabni muvaffaqiyatli tugatadi, Hopper politsiya ishiga qaytdi, omadsiz Dastin isyonkorga aylandi. Hikoyaning juda sodda yakunlanishi va javobsiz qolgan syujet chiziqlari koʻpchilikni sarosimaga soldi. Shu sababdan ijtimoiy tarmoqlarda finalda koʻrsatilgan voqealar faqat Vekna tomonidan yaratilgan illyuziya ekani haqidagi teoriya paydo bo‘ldi.

Keyinroq muxlislar haqiqiy final epizodlari Netflix’da 7-yanvar kuni chiqarilishiga ishonishni boshladi. Sana tasodifan tanlanmagan, balki Netflix X (sobiq Twitter) sahifasida 25-dekabr kuni aynan shu sana bilan “Kelajagingiz sizni kutmoqda”, deya yozilgan jumboqli post paydo bo‘lgan. “Conformity Gate” teoriyasi ishonuvchilari buni ishora deya qabul qildi.

Muxlislar yashirin epizod nazariyasini tasdiqlovchi butun boshli hujjatlar tayyorladi. Masalan, ko‘plab qahramonlarning kiyimlari 1970-yillardagi muhitni eslatadi — bu Genri yaxshiroq eslab qolgan davr. Shuningdek, fonda taxlangan kitoblar, kassetalardan sirli ishoralar qidirish boshlandi. Qidirgan odam esa, albatta, topadi.

7-yanvar kuni kechqurun Netflix saytiga yangi epizodni kutayotgan shunchalik ko‘p odam kirdiki, platforma ishlamay qoldi. 7-yanvar haqidagi post esa platformaning 2026-yilgi loyihalarining e’loni bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, muxlislarning umidi so‘nmadi: ko‘pchilik 12-yanvarga belgilangan hujjatli film maxfiy epizod bo‘lib chiqishini kutishni boshladi.

“Stranger Things” — Dafferlar seriali emas!

Serial muxlislari tomonidan yana bir nazariya ilgari surilmoqda. “Stranger Things” aka-uka Dafferlarning emas, balki ularning yetarlicha baho berilmagan katta jamoasiga tegishli loyiha. Ssenariynavislar orasida birinchi navbatda Ross Dafferning sobiq rafiqasi Li Yaniak ajralib turadi. Juftlik 2016-yilda turmush qurgan va 2024-yil boshida “Stranger Things"ning beshinchi mavsumini suratga olish ishlari endigina boshlangan vaqtda Li ajrashish uchun ariza bergan.

12-yanvar kuni Netflix’da “Stranger Things” beshinchi mavsumining yaratilishi haqida ikki soatlik hujjatli film namoyish etildi. Unda norozi muxlislar bir nechta muhim nuqtalarga e’tibor qaratdi. Mavsumning suratga olish ishlari yakuniy epizodning ssenariysi yakunlanmasidan boshlangan. Bu ishning professionalligiga putur yetkazgan.

Ikkinchidan, oltinchi qismni suratga olish paytida Mayya Xouk (Robin) rejissyor Shon Leviga o‘z qahramoni o‘zini qanday tutishi kerakligini aytib bergan va rejissyor aktrisaning taklifiga osongina rozi bo‘lgan. Bu rejissyorning serialga katta e’tibor qaratmaganidan dalolat beradi, deya hisoblangan.

Uchinchidan, muxlislar aka-uka Dafferlardan birining brauzeri ko‘ringan kadrni nishonga olgan. Unda Google-Docs yonida ChatGPT va Reddit oynalari ochilgan boʻlgan. Ushbu kadr asosida serial finali muxlislar teoriyalari asosida neyron tarmoqlar yordamida yozilgani haqidagi nazariya paydo bo‘ldi. Lekin bunga hujjatli filmdagi birgina kadrdan boshqa hech qanday dalil yo‘q.

Aslida, butun hujjatli filmda bir fikr takrorlanadi: bu loyiha boshidan oxirigacha — barcha afzalliklariyu, kamchiliklari bilan, aka-uka Dafferlarga tegishli. Hujjatli filmning yakuniy sahnasi esa kutilmaganda “Stranger Things"ning so‘nggi kadrlaridan ham ta’sirliroq tuyuladi.

Faqatgina “Stranger Things” emas

“Stranger Things” muxlislar finaldan norozi boʻlgan ilk serial emas. 2019-yilda xuddi shunday voqea “Taxtlar o‘yini” bilan ham sodir bo‘lgan, o‘shanda shou muxlislari finaldan shunchalik qoniqmaganki, uni qayta suratga olishni talab qilib petitsiya boshlagan. Tashabbus keng qo‘llab-quvvatlangab, uni 1,8 milliondan ortiq kishi imzolagan.

Internet unchalik rivojlanmagan davrda “Lost” va “Dexter” mualliflari ham shunga o‘xshash reaksiyaga duch kelgan — ikkala serialning finallari muxlislarni g‘azablantirgan.

“Stranger Things” bu zamonaviy madaniyatning yana bir muhim fenomenining yakuni bo‘lib, unda millionlab odamlar bitta loyiha atrofida birlashgan, yillar davomida u bilan birga yashab, ulg‘aygan, teoriyalar tuzgan va o‘zlarining ideal yakunini o‘ylab topgan serialga aylanishi kerak edi. Aslida esa boshqacha bo‘lib chiqqach, muxlislar buni qabul qilishda qiyinchilikka duch keldi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling