Germaniyaga oʻqishga yuborilgan talaba haqidagi "Matonatli Maryam" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 75
Germaniyaga oʻqishga yuborilgan talaba haqidagi "Matonatli Maryam" filmiga taqriz

Oʻzbkeiston Milliy kino san’ati saroyida 26-yanvar kuni rejissyor Umrbek Ro‘zimovning “Matonatli Maryam” badiiy publisistik filmning namoyishi boshlandi.

Kinokartina 1920-yillarda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan va buning natijasida siyosiy qatag‘onga uchragan Maryam Sultonmurodovaning hayot yo‘li haqida hikoya qiladi. Filmni oxirgi yillarda oʻzbek kinosida kuzatilayotgan “tarixiy filmlar toʻlqini"ning yana bir mevasi deyish mumkin. Biroq unda “Bahodir Yalangtoʻsh” yoki “Mahtumquli Firogʻiy” filmlari kabi uzoq tarix emas, balki yaqin tarix voqealari koʻrsatiladi.

Maryam Sultonmurodova 1905-yil 13-fevralda Xorazm viloyati Xiva shahrida tugʻilgan. Germaniyada 1922−1928 yillarda taʼlim olgan. Vatanga qaytganidan soʻng ikki martta qamoqqa olinadi va surgun qilinadi. 1957-yil 2-avgustda esa oqlandi. Ammo oqlanganidan keyin ham taʼqiblar davom etdi. Maryam Sultonmurodova 1971-yilda 66 yoshida vafot etadi.

Kinokartina 1920-yillarda Xorazmdagi ijtimoiy va siyosiy holatni koʻrsatadigan sun’iy intellekt orqali yaratilgan kadrlar bilan boshlanadi. “Matonatli Maryam"da SI tomonidan yaratilgan kadrlar sifatli chiqqanini va zamonaviy texnologiyalarning integratsiyasi kino sohasida ham yaxshilanib borayotganini sezish mumkin.

Filmning yana bir oʻziga xos jihatlaridan biri uning badiiy publisistik janrda suratga olinganidir. Badiiy kadrlar orasida hozirgi kundagi fan odamlari, yozuvchilar va tarixchilarning vaziyatni tushuntiradigan va Maryam Sultonmurodova hayotidan hikoya qiladigan monologlarini ham eshitish mumkin.

Xususan, Germaniyaga ta’lim olishga borgan talabalar haqida “Qoʻrqma” nomli kitobni yozgan Javlon Jovliyev ham qahramonimiz haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashadi. Biroq bu filmning tempini biroz pasaytirgan. Shunga qaramay, sovet hukumatining ilmli, fikrlaydigan odamlardan qanchalik qoʻrqishi ham maromida koʻrsatilgan. Bu qahramoning dialoglarida, shuningdek, uni soʻroq qilish jarayonlarida namoyon boʻladi.

Filmda bosh rolni Dilnoza Kubayeva ijro etgan. Maryam Sultonmurodovaning yoshlik vaqtini esa Diyora Olimova oʻynagan. Ushbu ikki aktrisadan boshqa hech kim kadrda uzoq vaqt koʻrinish bermaydi. Ammo Diyora Olimovaning Instagram sahifasida kinokartinaga kiritilmagan bir qator kadrlarni koʻrish mumkin.

Kinoning davomiyligi taxminan 1 soatni tashkil qiladi. Bu 66 yil umr kechirgan qahramon hayotini yoritish uchun yetarli emas. Filmda tomoshabinga yetishmaydigan narsalardan yana biri qahramonning his-tuygʻulari va ichki kechinmalaridir. Unda bir necha yillar va voqealar 1 yoki 2 epizodda oʻtib ketadi. Masalan, Germaniyada oʻqish davridagi voqealar, Maryam Sultonmurodovaning surgundagi hayoti yaxshi yoritilmagan.

Qahramonning hayoti haqida boshqa manbalardan oʻqigan odam uning “yigʻlatadigan” hayot kechirganini tushunadi. Lekin “Matonatli Maryam"da buni koʻrmaysiz. Shu tomondan kinokartina publisistik tomonga ogʻib ketib qolgan.

Bundan tashqari, filmda Xayriniso Majidxonova personaji ham bor. U Germaniyaga oʻqishga yuborilgan ikkinchi ayol talaba hisoblanadi. Uning hayoti fojiali yakunlangan va kinokartinada eslab oʻtiladi. Premyera vaqtida bosh rol ijrochisi Dilnoza Kubayeva bu personajga ham e’tibor qaratilishi kerakligini ta’kidlagandi. Albatta, uning hayoti ham katta film qilishga arziydi.

“Matonatli Maryam” rejissyor Umrbek Roʻzimovning ilk katta filmi hisoblanadi. Filmni debyutant rejissyor uchun yaxshi deyish mumkin. Ushbu kinoning asosiy vazifasi tomoshabinni Maryam Sultonmurodova ismli shaxs bilan tanishtirish boʻlsa, bu vazifa yaxshi uddalangan. Agar siz Wikipedia oʻqishni xohlamasangiz va buning oʻrniga kino koʻrmoqchi boʻlsangiz, unda Maryamning kimligi, qanday hayot kechirgani boʻyicha muhim ma’lumotlarni olasiz.

Tarixiy film ishlashning oʻziga yarasha qiyinchiliklari mavjud boʻlib, bu katta arajat talab qiladi. Xarajatning ortidan esa katta masshtab kelib chiqadi. Ushbu kinokartina bizni Maryam Sultonmurodova bilan tanishtirdi. Endi keyinroq uning hayotini chuqurroq koʻrsata oladigan yana boshqa film ham ishlanishidan umid qilib qolamiz.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling