"Muzyurak 3" multfilmining ovoz yozish jarayoni boshlandi

“Muzyurak” multfilmi qahramoni Olafga ovoz bergan aktyor Josh Ged ijtimoiy tarmoqlarda jamoa Disney multfilmining uchinchi qismi uchun ovoz yozishni boshlaganini ma’lum qildi.
U kompaniya ofisida qo‘lida Olaf qoʻgʻirchogʻini ushlab turgan suratini e’lon qildi. “Muzyurak 3” premyerasi 2027-yil 24-noyabrga rejalashtirilgan. Animatsion film ustida “Muzyurak 2” ijodkorlari Jennifer Li va Mark Smit ishlamoqda. Shuningdek, Disney avvalroq Anna, Elza va Olaf ot minib yurgan konsept-artni ham namoyish etgandi.

Uchinchi qism bilan parallel ravishda to‘rtinchi qism ustida ham ish olib borilmoqda.
“Men hech qachon bunday tezlikda ishlamaganman. Shunday bo‘ladiki, xonaning yarmi uchinchi qism ustida, ikkinchisi to‘rtinchi qism ustida ishlaydi va biz ularning o‘rtasida u yoqdan bu yoqqa yugurishimiz kerak bo‘ladi”, — dedi Li.
Yangi hikoyaning asosiy voqealari Anna va Kristofning to‘yi atrofida kechadi. Erendelldagi toʻydan soʻng qahramonlar Elza bilan noma’lum sinovlarga to‘la yangi sehrli sayohatga yoʻl oladi.