Oldin va hozir: “Jassiga o‘xshashi yo‘q” seriali qahramonlari 25 yilda qanday o‘zgardi?

Hind televideniyesining mashhur romantik-komedik loyihalaridan biri — “Jassiga o‘xshashi yo‘q” 2003-yilda efirga uzatilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida tomoshabinlar mehrini qozongan. Serial oddiy ko‘rinishdagi, ammo nihoyatda aqlli va mehnatkash qiz — Jassi hayoti haqida hikoya qiladi. Loyiha nafaqat muhabbat va karyera yo‘lini, balki tashqi ko‘rinish ortidagi haqiqiy qadriyatlarni ham yoritgani bilan ajralib turadi.
Serial voqealari markazida yirik moda kompaniyasiga ishga kirgan Jassi va uning murakkab ish muhiti turadi. Tashqi ko‘rinishi sabab masxara qilinadigan qahramon asta-sekin o‘z bilimi va fidoyiligi bilan hurmat qozonadi. Uning rahbari Arman bilan munosabatlari esa butun syujet davomida asosiy dramatik chiziqni tashkil etadi va tomoshabinni ekranga bog‘lab qo‘yadi.
“Jassiga o‘xshashi yo‘q” nafaqat o‘z davrining reyting rekordlarini yangilagan, balki ko‘plab tomoshabinlarga o‘ziga ishonch va ichki go‘zallikning ustuvorligini eslatgan loyiha bo‘lib qoldi. Ushbu maqolada Afisha.uz film aktyorlarining bugungi hayotiga nazar tashlaydi.
Mona Singh
Mona Singh 1981-yilda Hindistonning Chandigarh shahrida tug‘ilgan bo‘lib, keng jamoatchilikka 2000-yillar boshida tanilgan. U professional faoliyatini modellik va reklama roliklari orqali boshlagan, keyinchalik televideniyega kirib kelgan.
Uning katta shuhrat qozonishiga “Jassiga o‘xshashi yo‘q” serialidagi bosh rol sabab bo‘ldi. Loyihada u aqlli, kamtar va mehnatkash Jassi obrazini yaratib, millionlab tomoshabinlar mehrini qozondi. Mazkur loyiha unga bir nechta mukofot va nominatsiyalar olib kelib, televideniyedagi mavqeini mustahkamladi.
Keyingi yillarda Mona Singh turli teleloyihalar va realiti-shoularda boshlovchi sifatida ham ishtirok etdi. U dramatik va romantik janrdagi seriallarda rol ijro etib, obrazlar xilma-xilligini namoyon qildi. Shuningdek, u 2026-yilda “Baxtiyor Patel: Xavfli josus” va “Chegara 2” filmlarida bosh rollarni ijro etdi.
Apurva Agnihotri
Apurva Agnihotri 1972-yilda Hindistonning Kanpur shahrida tug‘ilgan. U hind kino va televideniyesida faol ijod qiluvchi taniqli aktyor bo‘lib, o‘zining rollari bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan.
U aktyorlik faoliyatini 1990-yillarning o‘rtalarida boshlagan. Turli teleko‘rsatuvlar va seriallarda ishtirok etib, tez orada o‘ziga xos ijodiy uslub va yuz ifodasi bilan tanilgan. U serialda Armaan Suri obrazini gavdalantirgan. Suri yirik biznesmen, keyinchalik Jassining eri bo‘ladi.
Bugungi kunda Apurva Agnihotri hind kino va televideniyesida faol faoliyat olib bormoqda. U kino loyihalarida ham ishtirok etadi, shuningdek, sahnada va teleko‘rsatuvlarda ham o‘z ijodini davom ettirmoqda. Aktyor 2025-yildan beri “Tong otish arafasida” filmida suratga tushmoqda.
Rakshanda Xan
Rakshanda Xan 1974-yilda Hindistonning Mumbay shahrida tug‘ilgan. U televideniye faoliyatini 2000-yillar boshida boshlagan va dastlab boshlovchilik hamda seriallardagi rollari bilan tanilgan. Aktrisa hind teleindustriyasida asosan dramatik va salbiy obrazlari orqali mashhurlikka erishgan.
Xan keng auditoriyaga serialdagi Mallika Sethi roli orqali tanildi. 2000−2010-yillar davomida aktrisa hind telekanallarida efirga uzatilgan ko‘plab seriallarda qatnashdi. U asosan salbiy yoki murakkab xarakterdagi obrazlarni gavdalantirib, dramatik yo‘nalishda faol ishladi. Shuningdek, u realiti-shou va ko‘ngilochar teleloyihalarda ham ishtirok etgan.
So‘nggi yillarda aktrisa televideniyedagi faoliyatini davom ettirib, turli serial va loyihalarda rol ijro etmoqda. Jumladan, u oxirgi 3 yilda “Umrbod birga”, “Qudratli Ashok” va “Qo‘rqmas Beera” filmlarida suratga tushdi.
Parmit Sethi
Parmit Sethi 1966-yilda Hindistonning Nyu-Dehli shahrida tug‘ilgan. U hind kino va televideniyesida aktyor, rejissyor va ssenariynavis sifatida faoliyat yuritadi. Professional faoliyatini 1990-yillarda boshlagan va dastlab televideniye hamda kinodagi rollari bilan tanilgan.
Sethi keng auditoriyaga 1995-yilda suratga olingan “Yuragi bor yigit kelinni olib ketadi” filmidagi Kuljit obrazi orqali tanildi. Mazkur loyiha hind kinosining eng muvaffaqiyatli filmlaridan biri bo‘lib, unga katta mashhurlik olib keldi. Shundan so‘ng u turli kinofilmlar va seriallarda ikkinchi darajali hamda xarakterli rollarni ijro etdi.
So‘nggi yillarda u kino va televideniyedagi faoliyatini davom ettirib, aktyorlik va ijodiy loyihalarda ishtirok etmoqda. Jumladan, u 2024−2026-yillarda “Majnuning missiyasi”, “Qo‘lingdan kelmaydi” va “Ranglar bayrami” filmlarida suratga tushdi. Sethi hind ko‘ngilochar sanoatida ko‘p qirrali ijodkor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Gaurav Gera
Gaurav Gera 1973-yilda Faridobod shahrida tug‘ilgan. U aktyor va komik sifatida hind televideniyesi hamda raqamli platformalarda faoliyat yuritadi. Professional faoliyatini 2000-yillar boshida boshlagan va dastlab televideniye seriallari orqali tanilgan.
Gera keng auditoriyaga “Jassiga o‘xshashi yo‘q” serialidagi Nandu roli orqali mashhur bo‘ldi. 2000−2010-yillar davomida u hind telekanallarida efirga uzatilgan bir qator ko‘rsatuv va seriallarda rol ijro etdi.
Shuningdek, stendap va komediya yo‘nalishidagi loyihalarda ham qatnashdi. Keyinchalik u ijtimoiy tarmoqlarda yaratgan komedik personajlari orqali ham mashhurlikka erishdi. U 2026-yilda “Yengilmas: Qasos” filmida suratga tushmoqda. Bu loyiha 2025-yilda chiqqan “Yengilmas” filmining mazmuniy davomi hisoblanadi.
Manini De
Manini De 1972-yilda Hindistonning Kalkutta (hozirgi Kolkata) shahrida tug‘ilgan. U hind televideniyesi va kinosida faoliyat yurituvchi aktrisa hisoblanadi. Professional faoliyatini 1990-yillar oxirida boshlagan va dastlab televideniyedagi rollari bilan tanilgan.
Manini De keng auditoriyaga serialdagi Pari Kapadia roli orqali tanildi. 2000−2020-yillar davomida aktrisa turli telekanallarda efirga uzatilgan mashhur kundalik seriallarda rol o‘ynadi. Shuningdek, u bir nechta badiiy filmlarda ham ishtirok etgan.
So‘nggi yillarda Manini De televideniyedagi faoliyatini davom ettirib, yangi serial va loyihalarda qatnashmoqda. U so‘nggi to‘rt yilda “Orzular sari”, “Dolchin” va “Xudodan so‘ralgan duo” filmarida rol ijro etdi.
Jayati Bhatia
Jayati Bhatia 1970-yilda Hindistonda tug‘ilgan. U hind televideniyesi va kinosida faoliyat yurituvchi aktrisa bo‘lib, asosan xarakterli va salbiy rollari bilan tanilgan. Professional faoliyatini 1990-yillarda boshlagan va qisqa vaqt ichida teleloyihalarda faol ishtirok eta boshlagan.
Bhatia keng auditoriyaga “Simar kelin bo‘lgan uy” serialidagi Mataji obrazi orqali tanilgan. 2000−2020-yillar davomida aktrisa turli hind telekanallarida efirga uzatilgan mashhur kundalik seriallarda rol ijro etdi. Shuningdek, u bir nechta hind filmlarida ham ko‘rinish bergan.
So‘nggi yillarda aktrisa televideniyedagi faoliyatini davom ettirib, turli serial va loyihalarda ishtirok etmoqda. U 2024−2026-yillarda suratga olingan “Tanib-tanimay uchrashdik” serialida Sharada Suryavanshi rolini ijro etdi.
Pushti Shakti
Pushti Hindistonlik aktrisa bo‘lib, ommaga “Mahining yo‘li” serialidagi Mahi Talvar rolini ijro etgani bilan tanilgan. Serial 2010-yilda Sony Entertainment Television telekanalida efirga uzatilgan va romantik komediya janrida bo‘lgan.
Aktrisa faoliyatini 1990-yillarda televideniyedagi rollardan boshlagan va “Beshlik” serialining ikkinchi mavsumida Chotti Mathur rolini ijro etgan. Shuningdek, u “Jassi” serialida asosiy qahramonning do‘sti Maitili obrazini ijro etgan.
Shakti so‘nggi yillarda deyarli katta ekranlarda ko‘rinmayapti. U Gʻarb davlatlarida mashhur tendensiya — bodi-pozitiv tarafdori va shu haqidagi fikrlari bilan doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarida chiqish qiladi.
Soundtrek
seriali musiqasi taniqli ijodkor Abhijet Hegdepatil tomonidan bastalangan. U o‘zining raqsbop uslubi bilan serialning muxlislar orasida yanada kengroq tanilishiga hissa qo‘shgan. Bastakor so‘ngg yillarda bir qator yirik loyihalarda ham rasmiy musiqalar yozgan.















