Maykl Jekson haqidagi filmning yangi posteri e'lon qilindi

Maykl Jekson haqidagi biografik filmning yangi posteri e’lon qilindi. Unda musiqachining “oy raqsi” tasvirlangan. Film premyerasi 24-aprelga rejalashtirilgan.
Posterda “Sen ishonchga toʻlgansan. Sen kuchlisan. Sen go‘zalsan. Sen barcha zamonlarning eng buyugisan”, soʻzlari yozilgan. Filmda bosh rolni Maykl Jeksonning jiyani — 28 yoshli Jaafar Jekson ijro etmoqda.

Mayklning otasi Jo Jekson rolini ijro etayotgan Kolman Domingo o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Uni (Jaafar Jeksonni) repetitsiyada ko‘rganimda, shunchaki nafasim bo‘g‘zimga tiqildi. Jaafarning marhum amakisiga aylanishida qandaydir ilohiylik bor. Uning iste’dodi va Maykl obrazini gavdalantirishi shunchaki boshqa darajada”, — deydi aktyor.
Aktyorlar tarkibiga Nia Long, Mayls Teller, Laura Xerrier va boshqalar ham kiradi. Kinokartinaga “The Equalizer” va “Training Day” filmlari bilan tanilgan Antuan Fukua rejissorlik qilmoqda. Ssenariyni uch karra “Oskar” mukofotiga nomzod Jon Logan yozgan.