"Jannat 2: Onamga maktub" avvalgi mashhurlikni takrorlay oladimi? Filmga taqriz

19-fevral kuni Oʻzbekiston kinoteatrlarida qirgʻizistonlik ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Jannat 2: Onamga maktub” filmining namoyishi boshlandi. Bu kinokartina 2024-yilda chiqarilgan “Jannat onalar oyogʻi ostida” kinosining davomi hisoblanadi.

Premyerada filmni Oʻzbekistonda namoyish etilishida xizmat qilgan insonlar soʻzga chiqdi. Ular filmning qaroqchilar tomonidan oʻgʻirlanishi va ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy tarzda tarqatilishiga qarshi chiqib, buning oldini olish haqida gapirdi.

Ikkinchi qism ustida ham avvalgi film rejissyori Ruslan Akun ishlagan. U tomoshabinlarga 2013-yilda ishlangan mashhur “Salom, Nyu-York” filmi bilan ham tanish hisoblanadi.
Eski tanishlar — aqliy rivojlanishi 8 yoshli bolanikidek qolib ketgan mehribon yigit Odil va uning to‘qqiz yoshli do‘sti, zukko va jasur Samir filmning asosiy qahramonlari hisoblanadi. Ular bolaning orzusini ro‘yobga chiqarish uchun Qirg‘izistondan butun Rossiya bo‘ylab Moskvaga sinovlarga to‘la yoʻlga otlanadi.

Markaziy Osiyo kinosi asosan kuchli komediyalari bilan mashhur boʻlsa-da, oxirgi paytlar “yig‘latish” formulasini ham yaxshi oʻzlashtirib olmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu film ham avvalgisi kabi shunchaki oʻtkinchi kino emas, balki jamiyatning turli qatlamlari haqida berilgan savollardir.
Bu kinokartina ham filmning birinchi qismi kabi road-movie janrida olingan boʻlib, butun film voqealari yoʻlda oʻtadi. Film ijodkorlari avvalgi filmda yoʻlga qoʻyilgan ba’zi xatolarni hisobga olgani va ularning ustida ishlagani seziladi.

Filmning kirish qismiyoq tanish, ammo har safar yangicha og‘riq beruvchi atmosferaga olib kiradi. Bu galgi hikoya markazida ham ona va farzand turadi. Ular o‘rtasidagi uzilgan rishtalar va ularni tiklashga harakat qilayotgan bolakay boshqa qahramonlar uchun ham kechikkan pushaymonlik va qadr tushunchasini eslatadi.

Biroq kino juda koʻplab klishelar ustiga qurilgan. Ma’lum kadr aynan qanday tugashini yoki qaysi epizoddan keyin qaysi epizod kelishini bemalol taxmin qilish mumkin.
Vizual tomondan, albatta, Qirgʻizistonning goʻzal togʻlarini tilga olmay iloj yoʻq. Ammo bu kadrda biroz kamroq koʻrinadi. Ijodkorlar koʻproq bu dunyoning yoruq va chiroyli tomonlarini emas, balki qorongʻu nuqtalarini namoyish etishga harakat qilgan.
Kadrlar ortidagi “sukunat” ko‘p narsani soatlab gapirib berishi mumkin. Operatorlik ishi hissiyotlarni jilovlashga emas, aksincha, ularni maksimal darajada yuzaga chiqarishga xizmat qilgan.

Aktyorlar jamoasi haqida alohida to‘xtalish lozim. Chunki bu filmda bir qator Rossiya shou-biznesi yulduzlarini ham koʻrish mumkin. Komiklar Aleksey Sherbakov va Omar Aliboʻtayevdan tashqari, rossiyalik aktyorlar Stanislav Bondarenko hamda Pavel Maykovlarni koʻrish mumkin.
Bosh rol ijrochisi Emil Esenaliyevni yana ajoyib rol bilan tabriklash mumkin. Bundan tashqari, oʻzbek dublyaji ham film darajasini oshirganini ta’kidlash lozim.

Ssenariy mualliflari dialoglar ustida yaxshigina bosh qotirishgani ko‘rinib turibdi. Filmda “balandparvoz” gaplar kam, ammo har bir jumla nishonga tegishi uchun yozilgan.
Jumladan, ikkinchi darajali qahramonlar tomonidan yangraydigan “Kimdir seni kutishi qanchalar yaxshi” yoki “Aslida biz esi pastmiz” kabi jumlalar tomoshabinga ta’sir qilishi aniq.
“Onamga xat” nomi ham bejizga tanlanmagan — butun film davomida tomoshabin yozilmagan, aytilmagan gaplarning guvohiga aylanamiz.

Filmning o‘rtalariga kelib, dinamika biroz pasaygandek tuyulishi mumkin. Ba’zi sahnalar keragidan ortiq cho‘zilgan deb o‘ylaysiz, lekin aynan shu “pauza"lar insonga oʻz hayoti haqida o‘ylab olish uchun vaqt beradi.
Tanqidiy nuqtayi nazardan qaraganda, ba’zi joylarda melodrama xususiyatlarining haddan tashqari ko‘pligi filmni biroz “og‘irlashtirib” qo‘ygan.

Koʻpchilik “Jannat 2: Onamga maktub"ni birinchi filmning juda ham omadli chiqqani fonida kassa uchun ishlangan, deb oʻylashi mumkin. Qaysidir ma’noda ijodkorlarda ushbu motiv ham boʻlgandir. Ammo bugungi kunda butun dunyoda sikvellar modada ekanini ham hisobga olish kerak.
E’tibor berish kerak boʻlgan asosiy holat ikkinchi qism birinchi filmdan qolgan hislarni oʻldirib qoʻymaydi. Shu sababdan ham ushbu sikvelni ham omdali chiqqan deyish mumkin.

Filmga chiptalarni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.
"Jannat onalar oyogʻi ostida" nega bunchalik mashhur boʻldi? Filmga taqriz
Afisha.uz muharriri salkam ikki yarim soatli filmni tomosha qildi va quyida oʻz fikrlari bilan boʻlishadi. Ehtiyot boʻling, spoylerlar boʻlishi mumkin.