Koʻz uchun iftorlik yoxud kinoda ovqat shunchaki yegulik emas

E’lon qilingan sana· 1 312
Koʻz uchun iftorlik yoxud kinoda ovqat shunchaki yegulik emas

Kino san’atida mashhur “Chexov miltig‘i” qoidasi mavjud: bordiyu sahnada qurol namoyish etilsa, u albatta ishlatilishi shart. Ayni mantiq dasturxonga ham daxldor. Rejissyor nigohimizni qahramonning ovqatlanishiga yirik planda qaratdimi, bilingki, bu shunchaki qorin to‘ydirish sahnasi emas, balki niqoblar yechilib, hokimiyat talashiladigan va haqiqat “chaynaladigan” eng intim jarayondir.

Keling, bugungi oqshom oddiy tomoshabin emas, balki haqiqiy film shinamandasi sifatida kino tarixidagi eng mashhur “kino-taomlar"ni tatib ko‘ramiz. Ogohlantirib o‘tamiz: bu menyudagi barcha narsa ham oson hazm bo‘lavermaydi.

Ishtaha ochar: Bred Pitt va beparvolik ta’mi

E’tibor berganmisiz, Bred Pitt ishtirok etgan filmlarda (“Oushenning 11 do‘sti”, “Jang klubi”) u deyarli har doim nimadir chaynab yuradi? Bu shunchaki aktyorning injiqligimikin? Aslo!

Buning ikki sababi mavjud. Avvalo, qahramon xarakteri: Rasti Rayan (Bred Pitt) doim harakatda bo‘lib, o‘tirib ovqatlanishga vaqt topolmay, yo‘l-yo‘lakay “fast-fud” iste’mol qiladi. Ikkinchisi va muhimrog‘i esa qahramon ruhiyatini koʻrsatish. Kinoda ovqatlanish — vaziyat ustidan to‘liq nazorat ramzidir. Qahramon atrofdagi xaosga, portlashlarga yoki politsiya sirenasiga shu qadar befarqki, xotirjamgina sendvichini paqqos tushiraveradi. Bred Pittning “og‘zidagi” yegulik — bu uning “sovuqqon” ekanligining eng arzon va ishonchli vizual isbotidir.

Asosiy taom: Shtrudel va ruhiy qiynoq

Agar Bred Pitt uchun ovqat xotirjamlik timsoli bo‘lsa, Kventin Tarantino nazdida taom qiynoq qurolidir. Uning filmlarida dasturxon atrofi jang maydoniga aylanadi.

“Inglourious Basterds” (Manfur kimsalar) filmidagi mashhur restoran sahnasini yodga oling. Natsist ofitseri Gans Landa qochib ketgan yahudiy qiz Shoshanna bilan bir stolda o‘tirib, unga shtrudel buyurtma qiladi, biroq qiz yeyishga chog‘langanda to‘xtatadi: “Attendez la crème! (Kuting, qaymoqni olib kelishsin)”.

Bu yerda qaymoq shunchaki shirinlik emas, balki Landaning hukmronligidir. U qizni muntazir qilib, uning nafas olishini, qo‘rquvini kuzatadi. Qaymoq keltirilgach, Landa ishtaha bilan tanovul qilishga kirishadi, qiz esa zo‘rg‘a yutadi. Tarantino bizga uqtiradiki, dushmanni sindirish uchun qurol shart emas, unga shunchaki shirinlik yedirish va uning tomog‘idan qanday o‘tayotganini tomosha qilish kifoya.

Gazak: Sayferning steyki va shirin yolg‘on

Ba’zan esa ovqat ekzistensial tanlovdir. “Matritsa” filmidagi xoin Sayfer yodingizdami? U haqiqiy dunyodagi (Ziondagi) bemaza bo‘tqadan voz kechib, Matritsadagi soxta, lekin sersuv steykni tanlaydi.

U sanchqidagi go‘shtga tikilib, kino tarixidagi eng falsafiy jumlalardan birini so‘zlaydi: “Men bu steykning soxtaligini bilaman. Lekin uni og‘zimga solganimda, Matritsa menga uning sersuv va mazali ekanligini aytadi”.

Bu sahna inson tabiatining zaifligini fosh etadi. Ko‘pincha biz achchiq va mashaqqatli haqiqatdan ko‘ra, qulay va mazali yolg‘onni “yeyishni” afzal bilamiz. Sayferning steyki — bu bizning komfort zonamiz ramzi.

Desert: Chizburger va oddiy baxt

Vanihoyat, menyuimizning eng so‘nggi va eng salmoqli qismi. 2022-yilda ekran yuzini ko‘rgan “The Menu” filmi zamonaviy jamiyat yuziga tarsaki tushirdi.

Filmda boylar qimmatbaho, tushunarsiz va “konseptual” taomlarni iste’mol qilsalar-da, hech kim to‘ymaydi va hech kim rohatlanmaydi. Ular ovqatni yemaydi, balki uni “tahlil qiladi”. Bosh oshpaz Slovik barcha mijozlarni jazolab, faqat bir kishini, Margotni tirik qoldiradi. Nega? Sababi Margot undan oddiy, arzon, lekin haqiqiy Chizburger so‘raydi.

Film finalida Margotning o‘sha chizburgerni ko‘zlarini yumib, rohatlanib yeyishi — kinodagi eng “mazali” sahnadir. Bu bizga unutilgan haqiqatni eslatadi: ovqat (va hayot) kimnidir hayratda qoldirish uchun emas, balki to‘yish va lazzatlanish uchun zarur.

Xulosa o‘rnida

Keyingi safar kinoteatrda o‘tirganingizda, ekrandagi “dasturxon"ga e’tiborliroq bo‘ling. Rejissyorlar bekorga qahramonni ovqatlantirmaydi. Steykni kesayotgan pichoq aslida dushmanni “nimtalayotgan” bo‘lishi, oddiy qahva ho‘plash esa qahramonning ichidagi bo‘shliqni to‘ldirishga urinishU bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, kino shunchaki tasvirlar yig‘indisi emas, balki biz uchun yozilgan ulkan menyu. Asosiysi, nima yeyayotganingizni bilsangiz bas.

Yoqimli ishtaha!

Samandar Erkinjonov
Muallif
Samandar Erkinjonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling