Oldin va hozir: “Mehmonjonlardan aylanay” seriali aktyorlari 17 yildan soʻng

Rejissyor Mohigul Hamroyeva tomonidan 2008-yilda suratga olinib, 2009-yildan efirga uzatilgan “Mehmonjonlardan aylanay” seriali o‘z vaqtida millionlab tomoshabinlarni ekran yoniga mixlab qo‘ygandi.
Serial ssenariysini taniqli yozuvchi Erkin Xushvaqtov yozgan. Loyiha Gʻarbda mashhur bo‘lgan sitkom janrida bo‘lib, Toshkentda yangi uyga ko‘chib o‘tgan oilaning qiziqarli hayoti haqida hikoya qiladi.
Afisha.uz 17 yildan so‘ng “Mehmonjonlardan aylanay” aktyorlarining bugungi hayotiga nazar tashlaydi — ular qanday o‘zgargani, ijodiy faoliyatidagi yangi bosqichlar va loyihadan keyingi yo‘li haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Hamid Toshpo‘latov
Serial bosh qahramoni Aziz rolini ijro etgan aktyor Hamid Toshpo‘latov hozirda 69 yoshda. Aktyor koʻp yillardan buyon O‘zbek milliy akademik drama teatrida o‘z faoliyatini yuritadi.
Ijodkor uchun “Mehmonjonlardan aylanay"dagi roli kino doirasidagi tashrif qog‘oziga aylandi deyish mumkin. U 2010-yillarda “Oqibat”, “Bevalar”, “Achchiq hayot”, “Dard” va “Hayotim orzusi” kabi filmlarda bosh rollarni o‘ynagan.
Toshpo‘latovning ikki o‘g‘li va besh qizi bor. U 2021-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘lgan.
Nodira Mahmudova
Serialdagi yana bir bosh rol ijrochisi Nodira Mahmudova 1967-yil Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini bitirgan.
1988-yildan beri O‘zbek milliy drama teatri aktrisasi hisoblanadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist. U deyarli 30 yildan beri o‘zi tahsil olgan institutda talablarga dars berib keladi.
Faoliyati davomida “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi”, “Gʻaroyib parvoz” filmlarida, “Yaratganga shukur”, “Tanlash huquqi”, “Zumrad va Qimmat”, “Tubanlik” kabi filmlarda va ko‘plab spektakllarda rol o‘ynagan.
Nargiza Ro‘ziboyeva
Serialda Charos rolini o‘ynagan aktrisa Nargiza Ro‘ziboyeva 1988-yilda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan. U 2010-yilda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining estrada aktyorligi yo‘nalishini tamomlagan.
Ijodkor serialdan keyin ham bir qancha filmlar va “Meros yoxud Zurriyot-2” teleserialida suratga tushdi, shu bilan birga “Opa-singillar” serialidagi Nasiba roli bilan katta mashhurlikka erishdi. U o‘zini xonandalikda ham sinab ko‘rdi. 2014-yilda Narmin taxallusi bilan “Kechmas” nomli taronani taqdim etdi.
Ro‘ziboyeva 2016-yilda rejissyor Ulugb’ek Sharmetovga turmushga chiqdi va familiyasini Sharmetovaga o‘zgartirdi. U 10 yildan beri O‘zbekiston rus akademik drama teatri aktyori sifatida faoliyat yuritadi. U 2025-yilda “Kinoteatr” telekanalida efirga uzatilgan “Tez yordam” serialida bosh rolni ijro etdi.
Sherzod Ahmedov
Serialdagi ikkinchi darajali qahramonlardan birini gavdalantirgan aktyor Sherzod Ahmedov 1983-yilda tug‘ilgan. U 2001-yildan beri O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida ishlaydi.
Ahmedov ijodiy faoliyati davomida nafaqat aktyorlik, balki rejissyorlik va boshlovchilik bilan ham shug‘ullangan. U bolalar auditoriyasi bilan ishlash qiyin va zavqli ekanini ta’kidlagan.
Aktyor so‘nggi yillarda kino va seriallarda deyarli suratga tushmadi. Intervyular ham bermadi. Faqatgina teatrda rejissyorlik bilan shug‘ullanib, yosh tomoshabinlar uchun turli spektakllar sahnalashtirayotgani ma’lum.
Shaxriyor Izzatullayev
Serialda oilaning kichik farzandi Husan rolini ijro etgan aktyor Shaxriyor Izzatullayev hozir ham san’at sohasidagi faoliyatini davom ettirmoqda.
U “Jasur”, “Kulchatoy” va “Soy qo‘shig‘i” kabi filmlarda ikkinchi darajali rollarni ijro etgan. Aktyor so‘nggi yillarda yirik loyihalarda ko‘rinish bermadi.
Izzatullayevning Instagram’dagi sahifasidan ma’lum bo‘lishicha, u hozirda Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida o‘z texnika do‘koniga ega.
Dilbar Ikromova
1947-yilda tug‘ilgan aktrisa Dilbar Ikromova Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1970-yildan Hamza teatrida ish boshlagan.
U 2001-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, 2021-yilda Fidokorona xizmatlari uchun ordeni bilan mukofotlangan. Aktrisa o‘zbek tomoshabiniga Sotti obrazi bilan yaxshi tanish.
Dilbar Ikromova 2020-yil 25-avgust sanasida 73 yoshida koronavirus oqibatida vafot etgan va Toshkent shahridagi Yalong‘och-2 qabristoniga dafn qilingan.
Madina To‘xtayeva
Aktrisa Madina To‘xtayeva 1948-yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni bitirib Toshkent davlat san’at institutiga o‘qishga kirib tahsil olgan.
Ijodkor 1969-yil “Yosh gvardiya” teatriga (hozirda Oʻzbek drama teartri) ishga kirgan va hozirgacha shu yerda ishlab kelmoqda. Uning birinchi o‘ynagan roli yozuvchi Shuhratning “Besh kunlik kuyov” spektaklidagi O‘lmasxon roli edi.
2000-yil teatr sahnasidagi faoliyati uchun Madina To‘xtayeva hukumat tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlandi.
Feruza Meliboyeva
Taniqli kino va teatr aktrisasi Feruza Meliboyeva serialda kosmetika vositalari sotuvchisi rolini o‘ynagan.
Ijodkor uzoq yillardan beri O‘zbekiston davlat drama teatri aktrisasi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda xususiy telekanallardagi novellalarda suratga tushmoqda.
U 2024-yil yakunida film suratga olish jarayonida sochlarini kalga oldirishi ortidan yana muxlislar e’tiboriga tushgandi. Aktrisa bu ishidan hech ham afsuslanmasligini aytgan.
Avaz Qodirov
2010-yillar o‘zbek teleseriallarining haqiqiy yulduzlaridan biri bo‘lgan Avaz Qodirov 1981-yilda Toshkentda tug‘ilgan. U o‘zining qat’iy obrazlari bilan tomoshabinlar ko‘nglidan joy olgan.
“Qaytar dunyo” va “Maftuna” kabi seriallardagi rollari bilan tanilgan aktyor keyingi yillarda ham o‘zini turli ampulalarda sinab ko‘rdi. U “Mug‘ombir kuyovlar”, “Sevadi, sevmaydi” filmlarida ham rol ijro etgan.
Aktyor 2021-yilda Turkiya kinoijodkorlari bilan hamkorlikda suratga olingan “Ishq o‘yinlari” loyihasida ham ishtirok etdi. U “Otalar so‘z — aqlning ko‘zi” telenovellasining asosiy qahramonlaridan biri edi. Oʻzbek milliy akadamik drama teatrida faoliyat olib bormoqda.
Asadillo Nabiyev
Asadillo Nabiyev 1979-yil 5-mayda Qarshi shahrida tug‘ilgan. 1995—1996-yillarda “Muloqot” teatr-studiyasida aktyor bo‘lib ishlagan. 1996-yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga kirib, 2000-yilda tamomlagan.
2004-yildan 2007-yilgacha O‘zbek milliy akademik drama teatrida yordamchi aktyor, koʻp yillar mobaynida O‘zbek milliy akademik drama teatrida aktyor sifatida faoliyat yuritgan. 2017-yildan hozirgi kunga qadar mazkur teatrning direktor o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
U 2014-yil O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 2021-yili esa aktyorga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni topshirilgan.



















