Qozoqcha horror: "Dastur: La'natlanganlar" filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 123
Qozoqcha horror: "Dastur: La'natlanganlar" filmiga taqriz

4-mart kuni Magic Cinema kinoteatrida qozog‘istonlik ijodkorlar tomonidan ishlangan horror janridagi “Dastur: La’natlanganlar” filmi o‘zbek tilida premyera qilindi. Bu shu nomdagi kinokartinaning ikkinchi qismi hisoblanadi.

Film nima haqida? (ehtiyot boʻling, kichik spoylerlar bor)

Markaziy Osiyo kinosida uzoq vaqt davomida yo maishiy komediyalar, yo og‘ir art-xaus dramalar ustunlik qilib kelgan. Biroq qozoq va qirgʻiz kino ijodkorlari so‘nggi yillarda “janrli kino"lar ishlashda ham ancha oʻsishga erishdi. Rejissyor Alisher Utevnig “Dastur: La’natlanganlar” horror filmi ham shular jumlasidan.

Kino tarixiga nazar solsak, qoʻrqinchli filmlarga shunchaki vaqt oʻtkazish vositasi sifatida qaralgan. Ular katta yutuqlarga erishmagan. Ammo oxirgi vaqtlarda horror kinokartinalarga ijtimoiy muammolarning qoʻshilishi fonida bu janrga e’tibor oshdi. Oskar mukofotiga ham “The Substance” yoki “Sinners” kabi filmlar nomzodlari qoʻyildi.

Film syujetiga koʻra, yolgʻiz ona Guljanning qizi Dana yoʻqolib qoladi. U qariyalar tomonidan oʻgʻirlab ketilgan ketiladi. Qizini izlar ekan, Guljan dahshatli sirga duch keladi.

Oʻgʻrilar Danani faqat qariyalar yashaydigan ovulga olib ketishgan va uni qadimiy marosimga tayyorlashmoqda. Guljan militsiya xodimi bilan birgalikda qizini topishga kirishadi.

Milliy mifologiya va “Stranger Things”

Markaziy Osiyo horror janri uzoq vaqt davomida “shunchaki qo‘rqitish” metodikasidan nariga o‘ta olmayotgan edi. “Dastur"ning yutug‘i shundaki, u g‘arbning horror standartlarini milliy mifologiya va islomiy tushunchalar bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilgan. Ikkinchi qismda ham buni saqlab qolish uchun harakat qilingan va bunda gʻarb horrorlarida koʻp foydalaniladigan etnik mifologiyaga yuzlanilgan.

Filmning vizual uslubida operatorlik ishi va ranglar alohida e’tirofga loyiq. Kadrlar juda sovuq, bu esa tomoshabinda doimiy xavotir hissini uyg‘otadi. Har bir kadr sizni qoʻrqitishi yoki hayajonda ushlab turishi mumkin. Shu bilan birga Olma-Ota shahrining goʻzal peyzajlarini tilga olmay iloj yoʻq.

Biroq filmni ideal deb bo‘lmaydi. Uni tomosha qilar ekansiz, rejissyor va vizual effektlar bo‘yicha mutaxassislar Netflix’ning mashhur “Stranger Things” serialidan sezilarli darajada ilhomlanganini payqash mumkin. Ayniqsa, qurbon keltirilishi kerak boʻlgan “oʻlim ma’budi” bizga tanish boʻlgan Vekaga juda oʻxshab ketadi.

Garchi bu Markaziy Osiyo kinosi uchun yangi va qiziqarli yondashuv bo‘lsa-da, ba’zi o‘rinlarda “original kontent” o‘rniga g‘arb tajribasining mahalliylashtirilgan nusxasini ko‘rayotgandek tuyuladi. Bu filmning atmosferasini buzmaydi, lekin uning individualligiga biroz soya soladi.

Aktyorlik mahorati borasida ijodiy guruhga o‘rtachadan yuqori baho qoʻyish mumkin. Chunki aktyorlar ham, aktrisalar ham boʻlayotgan voqealarga tomoshabinni ishontira oladi. Ayniqsa, qishloqdagi qari kampir va chol obrazlari shunchaki kadrda mavjudligi bilan ham qoʻrqita oladi.

Qizini topish uchun jon kuydirayotgan onaning ham xatti-harakatlarini tushunish mumkin. Biroq unga yordam berayotgan militsiya xodimi biroz shablonlarga asoslangan qahramonga aylanib qolgan.

Xulosa

Dastlabki 40 daqiqada film juda shiddatli va qiziqarli boshlanadi, biroq finalga yaqinlashgan sari syujet biroz “chalkashib” ketgandek tuyulishi mumkin.

Va, albatta, har bir horror filmda boʻlgani kabi filmning soʻnggi daqiqalarida aqlga sigʻmas voqealar yuz beradi. Bungacha miyasini “oʻchirib” qoʻyishga ulgurgan tomoshabin bundan zavq olishi mumkin.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, “Dastur” — bu qozoq kinosining oʻzini oʻzi kashf qilish jarayonidagi muhim qadamdir. Utev gʻarb trendlarini milliy muammolar bilan uygʻunlashtira olgan. Garchi kadrlar orasidan “Stranger Things” elementlari koʻzga tashlanib tursa-da, film oʻzining “dahshatli” missiyasini toʻliq yaxshi bajargan.

Kino uchun chiptalarni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling