Makoto Shinkai olami: bahorda koʻrish mumkin boʻlgan 5 ta anime

E’lon qilingan sana· 1 491
Makoto Shinkai olami: bahorda koʻrish mumkin boʻlgan 5 ta anime

Tasavvur qiling, bahor, salqin shabada esyapti, sakura daraxti yaproqlari havoda mayin uchib yuribdi. Atrof toza va tiniq havo bilan to‘lgan, yorqin ranglar esa tabiatni yanada jonlantirib yuborgandek. Barglarga tushayotgan quyosh nuri va sokin muhit inson qalbida g‘ayrioddiy bir hissiyot uyg‘otadi. Shunday manzarani faqat tabiat qo‘ynida emas, balki ekran ortidan turib ham his qilish mumkin desam, ishonarmidingiz?

Yaponiyalik animator va rejissyor Makoto Shinkai yaratgan animelar aynan shunday sehrli atmosferani tomoshabinga yetkazib bera oladi. Uning asarlarida tabiatning eng nozik va go‘zal jihatlari — yomg‘ir tomchilari, quyosh nuri, shahar chiroqlari yoki sokin manzaralar — nihoyatda real va poetik tarzda tasvirlanadi. “5 Centimeters per Second”, “The Garden of Words”, “Your Name”, “Weathering with You va Suzume” kabi animelari orqali u zamonaviy anime dunyosida o‘ziga xos uslub yaratgan ijodkor sifatida tanilgan.

Makoto Shinkai (asl ismi Makoto Niitsu) 1973-yilda Yaponiyaning Nagano prefekturasida tug‘ilgan. U ijodiy faoliyatini video o‘yinlar kompaniyasida grafik dizayner sifatida boshlagan, biroq mustaqil ravishda yaratgan qisqa animatsiyasi “Voices of a Distant Star” katta e’tibor qozonganidan so‘ng to‘liq anime rejissyorligiga o‘tadi. Bugungi kunda u zamonaviy animatsiyada eng muhim ijodkorlardan biri sifatida e’tirof etiladi va ko‘pincha Hayao Miyazakidan keyingi avlodning eng yorqin anime mualliflaridan biri sifatida tilga olinadi.


“Your name” / “Sening isming”

Makoto Shinkai’ning “Your Name” animesi zamonaviy anime olamidagi eng mashhur romantik va fantastik filmlardan biri hisoblanadi. Film ko‘pincha Hayao Miyazaki ijodiga qiyos qilinsada, Shinkai o‘ziga xos uslub va hikoya bilan ajralib turadi.

Hikoya tog‘li Itomori qishlog‘ida yashovchi maktab o‘quvchisi Mitsuha va Tokiodagi yigit Taki atrofida kechadi. Bir kuni ular g‘ayrioddiy hodisaga duch keladi — ularning ruhlari tasodifan almashib qoladi. Shu tariqa ular bir-birining hayotini yashab ko‘rishadi, kundaliklarini va telefon xabarlarini qoldirib, bir-biriga moslashishga harakat qilishadi. Avvaliga bu holat kulgili va qiziqarli bo‘lib tuyuladi, ammo vaqt o‘tishi bilan voqea yanada murakkablashib, ular orasidagi sirli bog‘liqlik ochila boshlaydi.

Film sevgi, sog‘inch va masofa kabi mavzularni ko‘taradi. Shinkai hikoyada shahar va qishloq hayoti, fan va an’ana, o‘tmish va hozirgi zamonni qarama-qarshi qo‘yadi. Ajoyib animatsiya, Tokioning deyarli fotorealistik manzaralari va tabiat tasvirlari filmni yanada ta’sirli qiladi. Natijada “Your Name” romantika, fantaziya va dramatik voqealarni uyg‘unlashtirgan, tomoshabinni uzoq vaqt o‘z ta’sirida qoldiradigan ta’sirchan anime sifatida e’tirof etilgan.

Animeda foydalanilgan qoʻshiq ham juda mashhur boʻlib, trek yaponiyalik rok guruh RADWIMPS tomonidan kuylangan. Qoʻshiq va anime bir biriga uzukka koʻz qoʻygandek munosib.

Animeni tomosha qilish.


“5 Centimeters per Second” / “Soniyasiga 5 santimetr”

Makoto Shinkaining “5 Centimeters per Second” animesi uch qismdan iborat bo‘lib, unda ikki inson o‘rtasidagi munosabatlarning yillar davomida qanday o‘zgarib borishi hikoya qilinadi.

Voqealar bolalikdagi do‘stlar Takaki va Akari atrofida kechadi. Ular bir-biriga juda yaqin bo‘lishiga qaramay, hayotdagi turli o‘zgarishlar sabab asta-sekin uzoqlasha boshlaydi. Shunga qaramay, ular o‘rtasidagi hissiyotlar vaqt o‘tishi bilan ham yo‘qolmaydi. Film inson hayotida masofa va vaqt ba’zan eng kuchli tuyg‘ularni ham sinovdan o‘tkazishini ko‘rsatadi.

Makoto Shinkai o‘ziga xos uslubda kundalik hayot manzaralarini nihoyatda chiroyli animatsiya bilan tasvirlaydi. Qorli tunlar, sokin temiryo‘l bekatlari va shahar manzaralari qahramonlarning ichki kechinmalari bilan uyg‘unlashadi.

Animeni tomosha qilish.


“The Garden of Words” / “Soʻzlar bogʻi”

Yomgʻir boshlanish zahotiyoq ayan shu anime yodga keladi, sababi undagi ushbu satr keng tarqalgan: “We'll meet again when it rains”. Bu sahnadan ilhomlanib biz ham kinodaqiqa ruknida toʻxtalganmiz.

Hikoya poyabzal dizayneri bo‘lishni orzu qiladigan o‘smir Takao va yomg‘irli kunlarda parkda uchrashib qoladigan sirli ayol Yukari atrofida rivojlanadi. Ular Tokiodagi parkda faqat yomg‘irli tonglarda tasodifan uchrashib turishadi. Vaqt o‘tishi bilan bu ikki yolg‘iz inson o‘rtasida o‘ziga xos yaqinlik paydo bo‘ladi va ular bir-birining ichki kechinmalarini tushuna boshlaydi.

Filmda tabiat manzaralari — yomg‘ir tomchilari, parkdagi ko‘lmaklar va yashil bog‘ tasvirlari nihoyatda batafsil va deyarli realistik tarzda berilgan. Shu orqali Makoto Shinkai qahramonlarning ruhiy holatini ham juda nozik ifodalaydi. “The Garden of Words” qisqa bo‘lishiga qaramay, insonlar o‘rtasidagi murakkab tuyg‘ular, yolg‘izlik va umid haqida chuqur taassurot qoldiradigan nafis anime sifatida esda qoladi.

Animeni tomisha qilish.


“Suzume”

Makoto Shinkai’ning eng oxirgi chiqqan ushbu animesi fantastika, sarguzasht va dramani uyg‘unlashtirgan ta’sirchan hikoya hisoblanadi. Film Yaponiya bo‘ylab sirli eshiklarni yopish orqali falokatlarning oldini olishga harakat qilayotgan o‘smir qiz Suzume haqida hikoya qiladi.

Hikoya Kyushu hududida yashovchi Suzume ismli qizning Souta bilan uchrashuvi bilan boshlanadi. U qadimiy xarobalar orasida paydo bo‘ladigan sirli eshiklarni izlab yuradi. Bu eshiklar boshqa dunyoga ochilib, yopilmasa yirik tabiiy ofatlar yuz berishiga sabab bo‘ladi. Tasodifan bu voqealarga aralashib qolgan Suzume Souta bilan birga Yaponiya bo‘ylab sayohat qilib, eshiklarni yopish missiyasiga qo‘shiladi. Film davomida Shinkai yo‘qotishlar, xotira va umid mavzularini nazar tahslaydi. Hikoyada tabiiy ofatlar motivi ham muhim o‘rin tutadi, bu esa hozirgi yapon jamiyati tajribalaridan kelib chiqib kiritilgan.

Bu animeda ham RADWIMPS ijodidan foydalanilgan, anime uchun yaratilgan saundtrek koʻplab muxlislarga ega.

Animeni tomosha qilish.


“Weathering with You” / “Ob-havo farzandi”

Ingliz tilida “Weathering with you” deb nomlangan, yaponchadagi nomi “Tenki no ko”, shu sababli biz asliyatga yaqinroq boʻlishi uchun “Ob-havo farzandi” nomida qoldik. Anime sevgi, tabiat va inson tanlovi haqida hikoya qiluvchi romantik fantastik drama hisoblanadi.

Voqealar Tokiodan qochib kelgan o‘smir yigit Hodaka atrofida kechadi. U katta shaharda yashashga harakat qilib, tasodifan Hina ismli qiz bilan tanishadi. Hina g‘ayrioddiy qobiliyatga ega boʻlib, u ibodat qilganda bulutli osmonni bir zumda quyoshli qilishi mumkin. Shu sababli ular “quyosh chaqiruvchi” xizmatini yo‘lga qo‘yishadi va odamlarning iltimosiga binoan ob-havoni o‘zgartirishadi.

Animeni tomoshqa qilish.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Makoto Shinkai olami: bahorda koʻrish mumkin boʻlgan 5 ta anime — Toshkent Afishasi