"Sinners", "Blade", "Twilight": vampirlar haqidagi 10 ta film

E’lon qilingan sana· 223
"Sinners", "Blade", "Twilight": vampirlar haqidagi 10 ta film

Qoʻrqinchli filmlarda klassik qonxo‘rlardan tortib, zamonaviy va maishiy muammolar girdobidagi vampirlargacha bo‘lgan obrazlar o‘n yilliklar davomida ekranlardan tushmadi. Biroq so‘nggi yillarda bu jonzotlarga bo‘lgan qiziqish nafaqat horror filmlar ishqibozlari, balki jiddiy kino tanqidchilari orasida ham yuqori darajaga ko‘tarildi.

Bugun vampirlar shunchaki tunda ov qiluvchi maxluqlar emas, balki insoniy muammolar bilan ham hayot kechirishi mumkin ekani koʻrsatiladi. Janrga bo‘lgan bunday yangicha yondashuv tomoshabinlar e’tiborini qaytadan ushbu sirli olamga qaratishga majbur qildi. Kinoteatrlarda ham, striming platformalarida ham mistik atmosferaga boy kinolar soni ortdi.

Afisha.uz ushbu maqolada vampirlar haqidagi filmlar haqida ma’lumot beradi.


“Interview with the Vampire: The Vampire Chronicles”

Tomoshabinni bir filmga qiziqtirish uchun aktyorlar tarkibida Tom Kruz yoki Bred Pitt boʻlishi katta rol oʻynaydi. 1994-yilda premyera qilingan bu kinokartinada esa ularni birgalikda koʻrishimiz mumkin.

Shov-shuvga o‘ch jurnalistning oldiga vampir kelib, o‘z hayoti tarixini so‘zlab beradi. Hammasi 1791-yilda, yosh plantator Luining xotini va farzandidan ayrilgach, o‘lishni istagan, ammo “zulmat uchun tug‘ilgan” paytda boshlanadi. Jurnalist vampirning hikoyasini tinglab, unga o‘xshashni xohlaydi…

Filmni tomosha qilish.


“From Dusk till Dawn”

Bu film koʻpchilikka mashhur rejissyor Kventin Tarantinoning ssenariysi asosida suratga olingani bilan tanish. Shu bilan birga, aktyorlar tarkibida Jorj Kluni, Salma Hayek, Deni Trexo kabi katta nomlarni ham koʻrish mumkin.

Aka-uka oʻgʻrilar Set va Richard Gekko bankni oʻmarganidan keyin ruhoniyning oilasini garovga olib, Meksikaga qochishga urinadi. Tunni oʻtkazish uchun yoʻl boʻyidagi barga kirgan jinoyatchilar vampirlarga duch keladi va tong otguncha hayot uchun kurashishga majbur bo‘ladi.

Filmni tomosha qilish.


“Sinners”

Premyera qilinganiga koʻp boʻlmagan bu film 16 ta nominatsiya boʻyicha Oskar mukofoti uchun kurashmoqda va bu rekord hisoblanadi. Turli janrlarni oʻzida jamlagan kino tanqidchilar tomonidan ham, muxlislar tomonidan ham yaxshi baholandi.

1932-yil. Uzoq yildan so‘ng, egizaklar Smok va Stak Missisipidagi ona shahriga qaytadi. Ular Birinchi jahon urushidan keyin Chikagoda gangsterlarga aylanadi. Aka-ukalar oq tanli irqchidan xo‘jalik binolari joylashgan hududni sotib olib, u yerda plantatsiya ishchilari uchun musiqa barini ochadi. Dasturda ochilishidagi blyuz musiqasi shunchalik yaxshi chiqadiki, yaqin atrofda bo‘lgan irlandiyalik vampirning e’tiborini tortadi.

Filmni tomosha qilish.


“Blade”

Vampirlar haqidagi filmlarni kultga aylanishiga sabab boʻlgan kinokartinalardan biri “Blade” hisoblanadi. Bundan tashqari, 1998-yilda ishlangan filmning davomi ham suratga olingan va trilogiyaga aylangan.

Dahshatli voqealar dunyoni vampirlar egallab olishiga sabab boʻlishi mumkin. Bleyd — dahshatli o‘zgarishlarning oldini olishi va dunyoning vampirlar sayyorasiga aylanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan yagona shaxs. Danika Talos boshchiligidagi qudratli vampirlar guruhi Bleydga xalaqit berishga intilib, unga odamlarni qarshi qoʻyadi. Politsiya endi hamma maxluq deb hisoblaydigan odamni ovlashni boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


“What We Do in the Shadows”

Vampirlar haqida gap ketganda tomoshabinning xayoliga darrov horror janri keladi. Biroq kino tarixida bu mavzuga qoʻl urgan rejissyorlarning komediya janrini tanlaganini ham koʻrishimiz mumkin. Masalan, 2014-yilda rejissyor Tayka Vaytiti tomonidan suratga olingan film ham shular jumlasidan.

Viago, Dikon va Vladislav qo‘shnilar va bir vaqtning o‘zida o‘lmas vampirlar bo‘lib, ular ijara haqi, tungi klublardagi nazorat, halokatli quyosh nuri va boshqa muammolar mavjud bo‘lgan zamonaviy dunyoda omon qolishga harakat qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Twilight”

Komediya janridan romantik dramaga oʻtamiz. Robert Pattinsonga juda katta mashhurlikni keltirgan film janr muxlislari boʻlmagan tomoshabinlar uchun ham yaxshi tanish hisoblanadi.

O‘n yetti yoshli Bella otasinikiga, Forks shaharchasiga ko‘chib o‘tadi. U odamlarga hujum qilishdan bosh tortgan vampirlar oilasidan bo‘lgan sirli sinfdoshini sevib qoladi. Vampirni sevib qolish — bu qo‘rqinchlimi?

Filmni tomosha qilish.


“Van Helsing”

Aktyor Xyu Jekmanni koʻpchillik Rossomaxa obrazida taniydi. Biroq uning faoliyatida yana bir qahramon Van Helsing ham bor. Filmda asosiy antogonistlardan biri asosiy vampirlar dunyosi qiroli Drakula hisoblanadi.

Karpatda sirli Transilvaniya mamlakati — yovuzlik har qadamda uchraydigan, quyosh botishi bilan xavf-xatar jonlanadigan va dahshatlar qa’rida yashovchi maxluqlar shakllanadigan dunyo joylashgan. Bu dunyoga afsonaviy maxluq ovchisi Van Helsing keladi.

Filmni tomosha qilish.


“Dracula: A Love Tale”

Albatta, vampirlar haqidagi filmlar jamlanmasi Drakula haqidagi filmsiz toʻliq boʻlmasdi. U haqda juda koʻplab kinokartinalar ishlangan, lekin “Dracula: A Love Tale” bu mavzudagi eng yangi filmlardan biri hisoblanadi.

Shahzoda Vlad II, graf Drakula, rafiqasi malika Yelizavetaga bo‘lgan muhabbati uchun yashaydi. Cherkov nomidan olib borgan g‘olibona urushdan qaytgan shahzoda Yelizavetaning o‘limidan xabar topadi. G‘am-g‘ussaga botib, eng aziz insoni tortib olinganidan gʻazablanadi, sevgilisi qayta tug‘ilishi mumkinligini bilib, hamma narsadan voz kechadi va o‘zini abadiylikka mahkum etadi. 400 yillik kutishdan so‘ng, Drakula yana yosh Mina qiyofasida o‘z sevgisini uchratadi.

Filmni tomosha qilish.


“Abraham Lincoln: Vampire Hunter”

Koʻplab filmlar mashhur shaxslar hayotini qayta koʻrib chiqish va ularni fantastik voqealar bilan birga tasvirlash orqali yaratiladi. 2012-yilda ishlangan film Amerika prezidenti Linkoln hayoti haqida soʻzlaydi.

Film syujeti Amerika prezidenti Avraam Linkolnning yashirin hayotini ochib beradi — kunduzi mehribon er va ota, kechasi esa shafqatsiz vampirlar qotili. U qarshilik ko‘rsatgan qonxo‘rlar armiyasi kundan kunga ko‘payib bormoqda. Buyuk mamlakat prezidenti vampirlar to‘dasiga qarshi turib, o‘z oilasi va xalqini muqarrar halokatdan saqlab qola oladimi?

Filmni tomosha qilish.


“Graf”

Yuqoridagi mavzuni davom ettirgan holda Janubiy Amerika diktatoriga murojaat qilamiz. Chili sobiq prezidenti Augusto Pinochet haqida Netflix “Graf” filmini ishlagan.

Chili diktatori Augusto Pinochet vampirga aylanadi. 250 yillik hayotdan keyin esa oʻlishga qaror qiladi.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling