Oskar-2026: marosimdagi qiziqarli voqealar va g‘oliblar ro‘yxati

Toshkent vaqti bilan 16-mart kuni tongda 98-Oskar taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Afisha.uz kinematografiya sohasida yilning eng muhim voqealaridan biri hisoblanadigan marosimning qiziqarli vaziyatlari va gʻoliblar roʻyxati haqida ma’lumot beradi.
Marosimda komik Konan Obrayen boshlovchilik qildi. Ma’lumot uchun, u 2025-yilda ham marosimda boshlovchi sifatida qatnashgandi.
Komik shou avvalida dunyo va kinematografiyada muhokama qilinayotgan koʻplab mavzular, jumladan, sun’iy intellekt, Timoti Shalamening balet va operachilar haqidagi soʻzlari, striming servislarining kinoteatrlarga bosimi haqida hazil qildi.
Bundan tashqari, shou Obrayenning “Weapons” filmi qahramoni Gledis xola obraziga parodiyasi bilan boshlandi. Bu videoda yilning asosiy filmlari ham eslab oʻtildi.
Va mavzudan uzoqlashmagan holda, “Eng yaxshi ikkinchi darajali aktrisa roli” nominatsiyasida “Weapons” filmidagi Gledis xola obrazi uchun Emi Medigan Oskar mukofotini qoʻlga kiritdi.

“Eng yaxshi ikkinchi darajali aktyor” nominatsiyasida esa “One Battle After Another” kinokartinasidagi roli uchun Shon Penn Oskarga ega chiqdi. Bu aktyorning rollari uchun qoʻlga kiritgan uchinchi haykalchasi boʻldi.
Bungacha u 2004-yilda “Mystic River” va 2009-yilda “Milk” filmlari uchun “Eng yaxshi aktyor” deb topilgandi.

Bir qator animatsion filmlar ham mukofotlandi. Jumladan, “KPop Demon Hunters” multfilmi “Eng yaxshi animatsion” film deb topildi. Bundan tashqari, multfilmda ijro etilgan “Golden” qoʻshigʻi “Eng yaxshi qoʻshiq” nominatsiyasida gʻolib chiqdi.
“The Girl Who Cried Pearls” multfilmi esa “Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film” boʻldi.

Texnik nominatsiyalarda bir qator Oskar haykalchalari, kutilganidek, “Frankenstein” filmiga ataldi. Kinokartina “Eng yaxshi kostyumlar”, “Eng yaxshi grimm va turmaklar” hamda “Eng yaxshi sahnalashtiruvchi rassom ishi” nominatsiyalarida gʻolib boʻldi.

Oskar mukofoti tarixida ilk bor “Eng yaxshi kasting” nominatsiyasi ham taqdim etildi. Unda “One Battle After Another” kinokartinasi gʻolib boʻldi.
“Biz birgalikda 10 ta film suratga oldik va “Oskar"ni sendan oldinroq qoʻlga kiritdim. Umid qilamanki, sen ham bugun uni qo‘lga kiritasan”, — dedi mukofotni qabul qilib olgan Kassandra Kulukundis rejissyor Pol Tomas Andersonga.

Qisqa metrajli filmlar bo‘yicha kutilmagan voqea yuz berdi. “Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film” yo‘nalishida ikkita film g‘olib bo‘ldi. Bular: “Two People Exchanging Saliva” va “The Singers”.
Rejissyor Pol Tomas Anderson o‘zining ilk Oskarini “Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy” nominatsiyasi bo‘yicha “One Battle After Another” filmi uchun qo‘lga kiritdi.
Umuman olganda 2026-yilgi Oskar taqdirlash marosimida asosiy nominatsiyalar uchun “One Battle After Another” va “Sinners” filmlari kurashdi. Rayan Kugler tomonidan ishlangan kinokartina “Eng yaxshi original ssenariy” deb topildi.

Bundan tashqari, “Avatar: Fire and Ash” filmi ham Oskarga ega chiqdi. Film “Eng yaxshi vizual effektlar” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.

Har yilgi marosimning eng siyosiy qismi hujjatli filmlar taqdirlanadigan vaqtda bo‘ladi. Bu safar ham shunday bo‘ldi va “Eng yaxshi hujjatli film” sifatida “Mr. Nobody Against Putin” filmi tan olindi. “Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film” esa maktablardagi otishmalarda vafot etgan bolalarning bo‘sh xonalarida olingan “All the Empty Rooms” kinosi bo‘ldi.
Yilning eng yaxshi blokbasterlaridan biri bo‘lgan “F1” filmi ham mukofotsiz qolmadi. Kinokartina “Eng yaxshi ovoz” bo‘yicha Oskarga loyiq ko‘rildi.

“Sinners” filmi esa navbatdagi Oskarini “Film uchun eng yaxshi musiqa” nominatsiyasida qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, kinokartina “Eng yaxshi operator ishi” bo‘yicha ham taqdirlandi.
Mukofotni qabul qilib olgan Otem Dyureld Arkapou ushbu nominatsiyada Oskarga ega chiqqan ilk ayol bo‘ldi.

“Eng yaxshi montaj” bo‘yicha haykalcha “One Battle After Another”ga nasib etdi.
Norvegiyalik ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Sentimental Value” filmi “Eng yaxshi xorijiy film” deb topildi. Bungacha ushbu nominatsiyaga Norvegiyaning 6 ta filmi qo‘yilgan, biroq ular g‘olib bo‘lolmagandi.

Rejissyor Pol Tomas Anderson asosiy nominatsiyada ham g‘olib chiqdi. U faoliyati davomida ilk bor akademiya tomonidan “Eng yaxshi rejissyor” deb topildi.
Shuningdek, “Sinners” filmida bosh rolni ijro etgan Maykl B. Jordan “Eng yaxshi aktyor”, “Hamnet” filmida bosh rolni ijro etgan Jessi Bakli “Eng yaxshi aktrisa” deya eʼtirof etildi.

Akademiya tomonidan o‘tgan yilning “Eng yaxshi film”i — “One Battle After Another” bo‘ldi. Bu filmning oltinchi Oskari bo‘ldi.