Oskarning yangi "Di Kapriosi": Timoti Shalame nega yana magʻlub boʻldi?

2026-yil, 15-mart, “Oskar” kechasi. Boshlovchi konvertni ochib, yilning eng yaxshi aktyorini e’lon qilgan lahzada, zalning butun e’tibori bir soniyaga Timoti Shalamega qaratildi. Kameralar uning yuziga yaqinlashgach, u shunchaki jilmayib qoʻydi. Uning yuzida millionlarga tanish boʻlgan, biroz charchagan, ammo mutlaqo xotirjam tabassum aks etdi. Uchinchi mag‘lubiyat. 22 yoshidan boshlanib, 30 yoshlik ostonasigacha davom etayotgan poyganing navbatdagi manzili u uchun yana yopiq qoldi.
Xoʻsh, Shalamet nega yana magʻlub boʻldi? Quyida biz Akademiyaning yashirin psixologik oʻyinlari, Shalame yaratgan mutlaqo yangicha qahramon prototipi hamda bitta ehtiyotsiz intervyu unga qanchaga tushgani haqida qisqa va aniq tahlil yuritamiz.
“Di Kaprio sindromi”: Akademiya nega chiroyli yigitlarni qiynaydi?

Timoti Shalame va Leonardo Di Kaprio — tengdosh emas, ammo oʻxshash qismatga egadek tuyuladi. Ikkalasi ham ilk Oskar nominatsiyasini aynan juda yoshligida qo‘lga kiritib, o‘z avlodining eng porloq yulduzlariga aylanishgan. Shunga qaramay, Akademiya Di Kaprioga uzoq kutilgan haykalchani faqatgina u 41 yoshga to‘lib, qahratonda ayiq bilan olishib, qonga belangandagina ravo ko‘rgan.
Nega kinoakademiklar iqtidorli aktyorlarni bunchalik uzoq kuttirishdan zavq oladi? Balki javob shafqatsiz darajada qisqadir: Chunki bu ularning qoʻlidan keladi. Keksa akademiklar yosh yulduzlarga darhol toj kiydirishga shoshilmaydi. Aksincha, ular aktyorning ruhan qiynalishini, loyga botishini va o‘zini yuz marta isbotlashini talab qilayotgandir? Ehtimol tepada aytganimizdek, e’tiborga tushish yoʻlida bunday iqtidorlar “qurbonlik” qilinar?
Biroq Shalame shunchaki qurbon emas, uning Akademiyaga qaysidir ma’noda “yoqmaydigan” yana bir oʻziga xos jihati bor.
Qoliplarni buzgan personaj

Sir emaski, Shalame Gollivud doim talab qiladigan an’anaviy “macho” obrazidan butunlay yiroq. Ekranda tomoshabinni hayratda qoldirish uchun unga sun’iy shishirilgan bilaklar yoki qurol kerak emas. Aksincha, uning qahramonlari biz bilan ancha nozik va chuqur psixologik tilda so‘zlashishni tanlaydi.
Buni aktyorning ketma-ket rollarida yaqqol koʻrish mumkin. U “Call Me By Your Name” filmida Elio orqali ilk muhabbat titrog‘ini his qildirib, koʻp oʻtmay “Dune”da shubhalarga toʻla majburiy yetakchiga (Pol Atreydes) aylanadi. Ehtimol, “A Complete Unknown"dagi Bob Dilan ijrosi uning eng yaxshi niqoblaridan biridir, sababi u yerda mashhurlik ortiga yashiringan charchagan insonni koʻramiz. Oʻtgan yilgi “Marty Supreme"da esa, o‘z egosi va yolg‘izligi bilan kurashgancha, bor-budini bir oʻyinga tikkan telbanamo stol tennischisi portretini gavdalantirdi.
Shu sababli, Shalame qahramonni shunchaki o‘ynamasdan, balki uning hayoti bilan yashaydi deyishimiz mumkin. Qonida fransuz romantikasi va amerika xaosini birlashtirgan bu yigit doimiy izlanishda. Uning biroz she’riy va tushunarsiz tabiati Akademiya standartlariga unchalik mos kelmasligi mumkin, biroq aynan shu moʻrtlik uning kino olamidagi eng katta quroliga aylanib ulgurgan. Afsuski, san’atdagi bu ishonch uning real hayotdagi ehtiyotsizligi bilan toʻqnash kelib, barchasini barbod qildi.
Qimmatga tushgan intervyu

2025-yilda “A Complete Unknown” filmidagi Bob Dilan ijrosi ortidan kelgan ikkinchi nominatsiya. Darhol ketidan 2026-yilgi “Marty Supreme” va uchinchi marta paydo boʻlgan o‘sha tanish umid. Hammasi oʻta silliq davom etayotgan bir paytda, kutilmaganda aktyorning shov-shuvli intervyusi e’lon qilindi.
Shalame oʻz suhbatida ehtiyotsizlik qilib, “Ochig‘i, hozir hech kim balet va opera haqida qayg‘urmaydi,” deb yubordi. Aslida bu koʻpchilikning xayolidagi oddiy va ehtimol, haqqoniy gap, shunday emasmi? Biroq, mashhurlarni bitta xato gapi uchun internetda talab tashlash urf boʻlgan bugungi kunda, bu ehtiyotsizlik uning Oskar kampaniyasiga halokatli zarba berib ulgurdi. Natijada mashhur balerina Misti Kouplend unga keskin javob qaytarib, faxriy aktrisa Jeymi Li Kyortis bahs oloviga moy sepdi. Hatto Metropolitan Opera ham rasmiy bayonot berishgacha bordi. Bularning yakuni sifatida, marosim boshlovchisi Konan OʻBrayen sahnadan turib, butun zal oldida aktyor ustidan ochiqchasiga zaharxanda qildi.
Oskar yo‘lida bitta oʻylanmay aytilgan so‘z butun oʻyinni ostin-ustun qilib yuborishi hech gap emas. Shu sababli beixtiyor o‘ylab ko‘rishga majburmiz: uning gapi haqiqatan ham kechirib boʻlmas jinoyatmidi yoki shunchaki xato qilishini poylab turgan Akademiya oʻzi uchun navbatdagi qurbonni topganidan xursand boʻldimi? Sir emaski, Oskar tarixi doim shunday kadr orti oʻyinlari bilan tirik qolgan. Mashhur, yosh va biroz oʻzboshimcha Shalame esa bu galgi dramaning eng qulay o‘ljasiga aylangan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Xoʻsh, bu navbatdagi magʻlubiyat uning karerasiga yomon ta’sir qiladimi?
Yakun hali yaqin emas

30 yosh ostonasida turgan Shalame muhim chorrahaga yetib keldi. Uchinchi marta boʻsh qoʻl bilan qaytish og‘riqli, shubhasiz. Lekin bu hikoyaning oxiri emas, aksincha, kelajakdagi epik yutugʻining muqaddimasi boʻlishi ham mumkin. Bir zumga tasavvur qiling: agar u Oskarni hozir, ayni kuchga toʻlgan paytida olib qo‘yganida, balki gʻalabadan sarmast boʻlib, oʻsishdan toʻxtagan dangasa aktyorga aylanib qolarmidi?
Bunga zid oʻlaroq, hozircha mukofotning yo‘qligi Shalame uchun eng baquvvat motivatsiya boʻlib xizmat qilishi ehtimoli katta. Chunki ochiq qolgan bu masala uni har bir yangi rolda o‘z iqtidorini tinimsiz tasdiqlashga, qulaylik zonasidan chiqib, emotsional chegaralarini buzishga majbur qiladi. Katta ehtimol bilan, chinakam san’atkorning asil kuchi aynan yutqazgandan keyingi qadamda namoyon bo‘ladi.
U oltin haykalchani balki 35 yoshida olar, balki 40 yoshidadir. Ehtimol, hech qachon olmas. Ammo bitta fakt o‘zgarmas qoladi: Timoti Shalame — uyidagi javonda tilla haykalchasi bor-yo‘qligidan qat’ii nazar, o‘z avlodining eng noyob va iqtidorli aktyorlaridan biridir.
Endigi savol faqat bitta: u bu mashaqqatli yo‘lda oxirigacha borish uchun yetarlicha sabrlimi? Biz-chi? Biz uning ushbu kurashlarga boy sayohatini kuzatishda davom etishga tayyormizmi?