Asosiy qurbon kim? “Osmoni falaklarda. Aviaparvozning yagona qurboni” filmi premyera qilindi

Milliy kino san’ati saroyida 21-mart kuni taniqli rejissyor Jahongir Qosimovning “Osmoni falaklarda. Aviaparvozning yagona qurboni” badiiy filmi premyera qilindi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonovning “Osmoni falaklarda” nomli asari asosida suratga olingan film taqdimotida Afisha.uz muxbiri ham qatnashdi.
Film syujeti
Dramatik janrda ishlangan filmda inson taqdiri va uning ruhiy kechinmalari tasvirlangan. Bosh qahramon Iskandar (aktyor Merdan Matveliyev) aviatsiya sohasiga qiziqishi ortidan Rigadagi uchuvchilar institutiga o‘qishga kirish uchun ingliz tilini o‘rganishga qaror qiladi.

Til o‘rganish jarayonida o‘zidan olti yosh katta repititori Sadaf (aktrisa Yulduz Rajabova)ni sevib qoladi. Sadaf ham uning tuyg‘ulariga befarq bo‘lmaydi.

Ikkisining muhabbati chiroyli ochib beriladi. Bu orada yigit xorijga o‘qishga kiradi va uchuvchi sifatida ishlay boshlaydi. Ammo ishqiy munosabatlar uzoqqa bormaydi, Sadaf Iskandarga qayta qo‘ng‘iroq qilmasligi, boshqa insonga turmushga chiqayotganini aytadi.

Shundan so‘ng Iskandar ham uylanadi. Biroq u Sadafga bo‘lgan muhabbatidan voz kechmaydi.

Aktyorlar jamoasi
Film voqealari inson taqdiri, hayot sinovlari va murakkab voqealar silsilasi orqali ochib berilgan. Tomoshabinni chuqur o‘yga chorlaydigan dramatik syujetga ega kartinada bosh rollarni Yulduz Rajabova va Merdan Matveliyev ijro etgan.
Shuningdek, unda Ilmira Rahimjonova, Sayyora Yunusova, Rustam Karimov, Farhod Abdullayev, Tamara Mirmaqsudova, Aziz Bupumqulov, Xurshida Arabshoyeva, Sabina Ibrohimova va Sitora Shernazarova ham turli harakterdagi qahramonlarni gavdalantirgan. Suratga olish jarayonlari Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Rossiyada bo‘lib o‘tgan.
Yulduz Rajabova, Sadaf roli ijrochisi:

“Mazkur rol uchun albatta, kasting o‘tkazildi. Undan keyin esa ssenariyni yuborishdi. Jahongir aka bilan birinchi hamkorligim bo‘lgani uchun birga ishlashga qiziqdim, shuningdek, voqealar ketma-ketligi ham ma’qul keldi. Bu filmda voqea bor va bunga har bir personajning munosabati mavjud. Aynan shu munosabatlarni ko‘rgan tomoshabin qayerdadir o‘zini ko‘radi, savollariga javob topadi va shunisi bilan ham o‘ziga jalb qiladi, deb o‘ylayman.

Tomoshabinda aviaparvozning yagona qurboni kim, degan savol tug‘ilishi tabiiy va buni har xil interpretatsiya qilish mumkin. Chunki kartinada har bir xarakterning o‘z liniyasi bor. Shu sababli ham har bir personajga yagona qurbon sifatida qarash mumkin, deb o‘ylayman. Lekin asosiy qurbon, albatta, Sadaf emas (kuladi)".

Xayriddin Sultonov, “Osmoni falaklarda” asari muallifi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi:
“Ushbu film ssenariysini kinostudiyaga topshirayotganimda, hurmatli rejissorimiz Jahongir Qosimovga bir shart qo‘ydim, ya’ni filmga kitob o‘qiydigan intellektual, badiiy saviyasi baland aktyorlarni jalb etish talab qilgandim. Chunki kitobxonlik baxti va saodatidan mahrum bo‘lgan, qalbi va chehrasida ma’naviyat ziyosi bo‘lmagan aktyorlar bilan bunday yuksak didli tomoshabinga mo‘ljallangan badiiy film yaratishning mutlaqo imkoni yo‘q edi. Baxtimizga hali kino olamida kitob o‘qiydigan aktyorlar, rejissyor va operatorlar, rassomlar, prodyuserlar bor ekan. Ular mazkur filmda bir jamoa bo‘lib, juda katta mas’uliyat bilan yondashdi. Lekin baribir eng odil hakam bu tomoshabindir, eng xolis va haqqoniy bahoni ular beradi”.

Film rejissyori Jahongir Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, u yozuvchi Xayriddin Sultonov bilan dastlab 1989-yilda “Changak” video filmida birga ishlagan, bu ularning ikkinchi hamkorligi hisoblanadi.

“Mazkur filmda o‘zbek kinosida hali aytilmagan so‘zlar aytildi. To‘g‘ri, sevgi-muhabbat to‘g‘risida kino ko‘p. Shekspir ta’kidlaganidek, hayotda 26 ta syujet bor. Masalan, Romeo va Juliyettadan keyin sevgi-muhabbat haqida yana qanaqa kitob yozish yoki kino yaratish mumkin? Lekin biz ijodkorlar uni aytilmagan, sir bo‘lib qolib ketgan, odamlar ichidagi armonlarni yoritishga harakat qilamiz. O‘ylaymanki, bu film tomoshabinlarga manzur bo‘ladi”, — deydi rejissyor.

“Aviaparvozning yagona qurboni” filmi ikkita novelladan iborat bo‘lib, katta asar bo‘lishi kerak edi. Ammo material ko‘payib, asarning mag‘zi bitta filmga sig‘madi va ikkita film qilishga qaror qilindi. Ikkinchi film 7-may — O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi kunida premyera qilinishi rejalashtirilmoqda", — deya qo‘shimcha qildi Jahongir Qosimov.