Taxtgacha boʻlgan ogʻir yoʻl: amerikalik ijodkorlar ishlagan "Amir Temur" filmiga taqriz

27-mart kuni Cinematica kinoteatrida amerikalik ijodkorlar tomonidan ishlangan “Amir Temur” filmining yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi. Film rejissyori sport mavzusidagi “Iron Cowboy” hujjatli filmi bilan taniylgan Jeykob Shvarts hisoblanadi.
Bosh rolni “NCIS: Los Angeles” serialida oʻynagan Kristian Mortensen ijro etgan. Shuningdek, u filmning prodyuseri ham hisoblanadi. Qayd etilishicha, suratga olish ishlari Xiva shahrida, Tuproqqal’a shahar xarobalarida, shuningdek, Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan.
Ehtiyot boʻling, matnda spoylerlar bor.

Film syujeti
Kinokartina voqealari 1360-yillarda boshlanadi. Mintaqa uchun asosiy savdo-sotiq yoʻnalishi boʻlgan Buyuk ipak yoʻlida tartibsizliklar yuz bera boshlaydi. Film Amir Temurning taxtgacha boʻlgan yoʻli haqida hikoya qiladi. Buyuk hukmdor bu yoʻlda xiyonat, yo‘qotishlarga duch keladi va og‘ir jarohat oladi.
Keyin esa Kayxusrav yordami bilan oʻziga keladi va Amir Husayn bilan birga moʻgʻul hukmdori Ilyosxoʻjaga qarshi bir necha janglarga kirishadi. Unda ham xiyonatlar seriyasi davom etadi, tarixga “Loy jangi” nomi bilan kirgan urush ham filmda koʻrsatiladi.

Kinoning yana bir asosiy qahramoni — Oʻljoy Turkon ogʻo boʻlib, u Amir Temurning rafiqasi hisoblanadi. Uning rolini oʻzbekistonlik aktrisa Yulduz Rajabova ishtirok etgan. Filmda Amir Temurning ilk farzandi Jahongir Mirzoning dunyoga kelishi ham namoyish etiladi. Aynan shu voqea ham qahramon xarakteridagi burilishga sabablardan biri boʻladi.

Qahramonlar xarakteri
Film ijodkorlari mintaqa va butun dunyo uchun qay darajadagi muhim tarixiy shaxsga murojaat qilayotganini yaxshi his qilgan. Bundan tashqari, uning hayoti, xarakteri, xohish-istaklari va boshqa koʻplab tarixiy manbalar oʻrganilgan. Shunga qaramay, filmda namoyish etilgan Amir Temurga oʻzbek tomoshabinida savollar tugʻilishi tabiiy. Chunki oʻz ajdodi deb biladigan qahramon siymosini har kim oʻzicha tasavvur qiladi.
Kinokartinada Amir Temur avvaliga taxtga intilmagani, oʻzidan katta xon va amirlarga bergan va’dalarining ustidan chiqish uchun intilgani namoyish etiladi. U keyinchalik dushmaniga aylanadigan Ilyosxoʻja bilan ham, keyinchalik oʻziga xiyonat qiladigan Amir Husayn bilan ham sulh tuzib yashashga harakat qiladi. Ammo voqealar rivoji uni oʻzgarishga majbur qiladi.

Bundan tashqari, kinoda Oʻljoy Turkon ogʻoning xarakterini shakllantirishda ham jiddiy ishlangan. Yulduz Rajabova esa uni yaxshi ochib bera olgan. Tarixan olib qaraganda, Amir Temur saltanatida ayollar muhim oʻrin tutgan.
Filmda ham qahramon kuchli, aqlli ekanini, qiyinchiliklarga chidamli va har jabhada Temurga yordam berishi koʻrsatilgan. Aynan ushbu qahramon misolida personajlar ustida katta badiiy va tarixiy ish olib borilganini sezish mumkin.

Amir Husayn obrazini “The Witcher” serialidagi roli bilan dunyoga mashhur boʻlgan aktyor Mahesh Jadu gavdalantirgan. Qahramon shaxsiyati biroz klishelar ustiga qurilgan. Tarixdan xabari boʻlmagan inson ham film avvalida “mana shu salbiy personaj boʻlsa kerak”, degan fikrga keladi.

Bundan tashqari, film davomida yana koʻplab tarixiy shaxslar koʻrinish beradi. Xususan, Saroymulkxonim va Ilyosxoʻja kabi muhim personajlar uchun oʻziga xos tipajga ega aktyorlar tanlangani loyihaning darajasini oshiradi.

Muhim janglar va shahmat
Albatta, bu film koʻplab jang sahnalarisiz mavjud boʻla olmasdi. Shuningdek, film davomida Amir Temurning oyogʻidan jarohat olishi va cho‘loq boʻlib qolishiga sabab bo‘lgan kichik toʻqnashuv ham ko‘rsatiladi. Ammo tarixchilar orasida bunga sabab sifatida bir nechta versiyalar mavjud, ijodkorlar esa ulardan birini tanlagani va badiiylik qoʻshgani aniq.

Amir Temur hayotidagi yana bir muhim va mashhur janglardan biri bu — “Loy jangi”. Unda Amir Temur magʻlub boʻlgan, Amir Husayn esa xiyonat qilgan. Ushbu janga filmda biroz kamroq vaqt ajratilgandek tassurot uygʻotdi. Shuningdek, yangi qurol — poroxni ishlatish vaqtida saspens ham kamlik qildi.
Shuningdek, umumiy kadrlarda jangchilar soni kamdek koʻrinadi. Ammo film sinopsisida tilga olingan “Buyuk ipak yoʻlining goʻzal peyzajlarida” jumlasini aynan shu epizodda his qilish mumkin. Bu kadrlar filmning burilish nuqtasiga aylanadi.

Film juda koʻp janglarda qatnashgan qahramon Amir Temur haqida boʻlsa-da, unda qonni juda kam koʻrish mumkin. Film davomida katta jang sahnalari ham, qatl qilish jarayonlari ham mavjud. Ammo qon minimallashtirilgan.

Bundan tashqari, butun film davomida shatranj donalari qahramonlar bilan birga boʻladi. Shuningdek, aynan shatranj asosiy qahramonlar Amir Temur va Oʻljoy Turkon ogʻoning xarakterlarini ko‘rsatadi. Temur aynan shatranj orqali piyodadan istalgan kuchli donaga aylanishi mumkinligini tushunadi va taxt tomon yurishini boshlaydi. Deyarli butun film Temur shatranj donasini ko‘tarib yuradi.

Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Jeykob Shvartsning “Amir Temur” filmi buyuk sarkardaning shaxsiyati va uning taxtga kelish yo‘lidagi murakkab jarayonlarni xalqaro kino tili bilan ko‘rsatib berishga qilingan jiddiy urinishdir.

Garchi filmda ba’zi jang sahnalari va tarixiy personajlar talqinida gollivudcha yondashuv (biroz klishelardan foydalanish va hokazo) sezilsa-da, kartina o‘zbek aktyorlarining mahorati, tarixiy muhitning mahobatli tasviri va shatranj ramzi orqali berilgan falsafiyligi bilan ajralib turadi.
Ushbu film nafaqat tarixiy voqelikni qayta tiklash, balki Amir Temur qahramonini jahon tomoshabiniga insoniy iztiroblar va iroda kurashi prizmasi orqali tanishtirish yo‘lida xizmat qiladi.
Film 2-apreldan kinoteatrlarda namoyish etiladi.