Osmondagi drama: aviahalokatlar haqidagi 5 ta film

E’lon qilingan sana· 322
Osmondagi drama: aviahalokatlar haqidagi 5 ta film

Ba’zida ta’sirli kino ssenariysi uchun uzoq o‘ylab o‘tirish shartdek tuyuladi. Ammo hayotning o‘zi shunchalik keskin voqealarni taklif qiladiki, ular deyarli tayyor syujetga aylanadi. Eng dahshatli ssenariylardan biri — aviahalokatlar. Bir lahzada yuz beradigan fojea, yuzlab taqdirlar va omon qolish uchun kurash bir nuqtada tutashadi. Shu sabab ham bunday filmlar tomoshabinni ilk daqiqalardanoq o‘ziga tortib, so‘nggi lahzagacha qo‘yib yubormaydi.

Aviahalokatlar mavzusida ko‘plab filmlar suratga olingan. Biz ushbu jamlnmada esa ular orasidan eng ta’sirli va esda qolarlilarini jamladik.


“Sully"/ “Gudzon moʻjizasi”

Ushbu film aviahalokatlar haqidagi eng ta’sirli filmlardan biri. Syujet real voqealarga asoslangan bo‘lib, 2009-yilda kapitan Chesley Sullenberger boshqaruvidagi samolyot dvigatellari ishlamay qolganidan so‘ng favqullodda vaziyat haqida hikoya qiladi. Film faqatgina halokat jarayonini emas, balki undan keyingi bosimni ham ko‘rsatadi. Qahramon sifatida e’tirof etilgan uchuvchi birdaniga tergov markaziga tushib qoladi, uning qarori to‘g‘rimi yoki xatomi degan savol ostida qoladi. Shuningdek, filmning ta’sirli chiqganligiga yana bir sabab, bosh roldagi Tom Hanks esa obrazni juda tabiiy va ishonarli tarzda gavdalantirgan.

Filmni tomosha qilish.


Flight/ Ekipaj

Bu film aviahalokatdan keyingi qahramonlik va insoniy zaiflik o‘rtasidagi keskin chiziqni ko‘rsatadi. Hikoya markazida Denzel Vashington ijrosidagi tajribali uchuvchi turadi. U og‘ir vaziyatda samolyotni deyarli imkonsiz bo‘lgan usulda qo‘ndirib, yuzlab yo‘lovchilar hayotini saqlab qoladi. Ammo voqeadan keyin boshlangan tergov uning hayotidagi boshqa haqiqatlarni ham yuzaga chiqaradi. Filmning kuchli tomoni shundaki, u aviahalokatni faqat texnik muammo sifatida emas, balki inson xarakteri sinovi sifatida ko‘rsatadi.

Filmni tomosha qilish.


United 93/Reys 93

“Reys 93” aviahalokatlar haqidagi eng og‘ir va realistik filmlardan biri. Film 11-sentabr voqealari fonida, United Airlines 93-reysi ichida sodir bo‘lgan holatlarni tasvirlaydi. Bu safar filmda “qahramonlik” yoki “fantastik yechim” yo‘q, voqealar hammasi juda sovuq, real va og‘ir ohangda berilgan. Samolyot ichidagi yo‘lovchilar vaziyatni tushunib yetgan sari keskinlik ortib boradi. Filmni deyarli hujjatli uslubda ishlagan, shuning uchun tomoshabin voqealarni kinodan ko‘ra real hayotga yaqinroq his qiladi.

Filmni tomosha qilish.


Non-stop/ Havo marshali

Liam Nison ishtirokida filmlar doim tomoshabinni qiziqitirib kelgan, ulardan biri boʻlgan ushbu film ham e’tibordan chetda qolmaydi. Bu safar voqealar samolyot ichida, parvoz davomida sodir bo‘ladi. Liam Neeson ijrosidagi federal agent transatlantik reysda xizmat paytida noma’lum shaxsdan tahdidli xabarlar ola boshlaydi. Vaziyat tobora nazoratdan chiqib borgani sayin, samolyot ichidagi har bir inson gumondorga aylanadi. Film klassik aviahalokat ssenariysidan biroz farq qilsa-da, bu yerda halokat asta-sekin yaqinlashayotgan xavf sifatida beriladi.

Filmni tomosha qilish.


101-reys

O‘zbek kinosida aviahalokat mavzusiga murojaat qilgan kam sonli filmlardan biri sifatida ham bu film e’tiborga loyiq. Film syujeti 101-reys atrofida qurilgan bo‘lib, parvoz davomida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat voqealar rivojini keskin o‘zgartiradi. Film 2001-yil 11-sentabr voqealari atrofida sodir boʻladi. Kinokartinada asosiy urg‘u faqat halokatning o‘ziga emas, balki insoniy omilga qaratilgan: qo‘rquv, mas’uliyat, jasorat va vahima holatidagi xatti-harakatlar ochib beriladi. Mahalliy kino uchun bunday mavzu kam uchrashi sababli, “101-reys” tomoshabinga o‘zbek kino makonida noodatiy syujetni taklif qiladi.

Filmni tomosha qilish.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling