“Tomoshabinda g‘urur uyg‘otadi”. Alisher Uzoqovning “Chempion” filmi qanday suratga olinyapti? Reportaj

E’lon qilingan sana· 240
“Tomoshabinda g‘urur uyg‘otadi”. Alisher Uzoqovning “Chempion” filmi qanday suratga olinyapti? Reportaj

Alisher Uzoqov nafaqat aktyor, balki rejissyor sifatida suratga olgan “Mening akam bo‘ydoq”, “Muzlagan”, “Kuzda gullagan daraxt” singari filmlari orqali ham tomoshabinlar qalbiga kirib borgan. U rejissyorlik karyerasidagi 10 yillik tanaffusdan so‘ng bolalar futboliga oid loyihaga qo‘l urdi. Alisher Uzoqov OAV vakillarini “Chempion” filmining syomka maydonchasiga taklif qildi. Afisha.uz muxbirlari ham Bo‘stonliq tumanining Sijjak qishlog‘ida bo‘lgan tasvirga olish jarayonlarida qatnashib, reportaj tayyorladi.

Film haqida

“Chempion” filmi Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga asosan, Sport vazirligi hamkorligida suratga olinmoqda. Kino bolalar, sport va katta orzular haqida hikoya qiladi.

Film prodyuseri va postanovkachi rejissyor Alisher Uzoqov bo‘lib, unda Matyoqub Matchonov, Farhod Abdullayev, Shohida Ismoilova, Asqar Hikmatov, Malika Avazova, Ixtiyor Otajonov singari taniqli aktyor va aktrisalardan tashqari Sherzodbek Shamsiddinov, Firdavs Toshboyev kabi yoshlar ham rol o‘ynamoqda.

“G‘alaba yo‘li haqida hikoya”

Alisher Uzoqov, film prodyuseri va rejissyori:

Futbol va kino hayotimning bir bo‘lagi. Agar shu film orqali ijodimni davom ettiradigan bo‘lsam, miriqib ishlasam kerak, deb o‘yladim va shunday ham bo‘lyapti. “Chempion"da rejissyorlikdan tashqari, rol ham ijro etyapman. Buni albatta, o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.

Mazkur filmning bosh qahramonlari bolalar bo‘lgani uchun munosib nomzodlarni tanlash juda qiyin kechdi. Kastingga 12 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 2500 dan ziyod ishtirokchilar qiziqish bildirdi. Ulardan 500 nafarga yaqini to‘g‘ridan to‘g‘ri kastingda qatnashdi va 40 nafari tanlab olindi.

Filmning asosiy g‘oyasi — yosh avlodda chempionlik ruhini uyg‘otib, sportga qiziqtirish va o‘z ustida ishlab, rivojlantirishga undashdir. Film keng auditoriya, ayniqsa yoshlar va oilalar uchun mo‘ljallangan. “Chempion” shunchaki kino emas, bu yangi avlod, katta orzular va g‘alaba sari yo‘l haqida hikoya.

“Bolalar bilan mazza qilib ishlayapman”

Farhod Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

Oxirgi paytlarda rejissyorlar meni negadir mahalla raisi rolida ko‘rishyapti (kuladi). “Mening mahallam” filmidan so‘ng “Chempion"da ham rais rolini ijro etyapman. Qahramonim juda jonkuyar odam bo‘lib, qishlog‘idagi bolalarni yig‘ib, futbol jamoasi tuzadi va shahardan kelgan bolalarga qarshi o‘ynatadi. Ularga sharoitlar qilib, kuyib-pishadigan, o‘z ishidan zavqlanib, yashaydigan odam bo‘ladi. Futbolda mahallasining bolalari yutishi uchun o‘yinga o‘zi hakamlik ham qiladi.

Alisher hurmatimni joyiga qo‘shib, taklif qilganidan mamnunman. Har bir jarayon qiziq bo‘lyapti, bolalar bilan mazza qilib ishlayapman. Bu bolalarning ko‘zlarini yonishini ko‘rsangiz… Juda zavqli jarayonda qatnashayotganimdan juda baxtiyorman. Film tomoshabinga g‘urur beradi. Har bir ota-ona yoki bobo-momolar “Chempion"ni ko‘rib, “Men ham albatta, nabiramni futbolga beraman”, deya niyat qiladi.

“Vaziyatni his qilib ishlashga majburmiz”

Jahongir Ibragimov, postanovkachi operator:

— Bolalar bilan ishlash bir tarafdan qiziq bo‘lsa, boshqa tomondan qiyin kechyapti. Chunki ularning aksariyati futbol maktablarida tahsil oladi. Bir paytning o‘zida to‘p tepish bilan birga rol ijro etish professional aktyorlar uchun ham qiyinchilik tug‘diradi. Shunday bo‘lishiga qaramay, ijodiy jamoa bilan bolalarni qo‘llab-quvvatlayapmiz.

Filmning juda ko‘p sahnalari Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda suratga olinyapti. Bahor fasli bo‘lgani uchun ob-havo tez-tez o‘zgaradi: bir necha soat yomg‘ir yog‘sa, birozdan keyin quyosh chiqadi. Bunday holatlarda operatorlar albatta, qiynaladi, chunki tasvirlar sifatli chiqishi shart.

Shuningdek, film futbol haqida bo‘lgani bois syomka jarayonlarida tezlikni his qilib, tezkor ishlash kerak. Zarbani bittada ushlay olmadingizmi, keyingi dublda u zarb kuchli chiqmaydi. Garchi suratga olish maydonchasida bir qancha kamera ishlayotgan bo‘lsa-da, har bir operator vaziyatni his qilib ishlashga majbur.

Bolalar futboli haqidagi ushbu film ota-onalarni o‘z farzandiga nisbatan yanada e’tiborli bo‘lishga undaydi. Har bir farzandning qiziqishi va xohishiga qarab, unga imkoniyat va sharoit qilib berish zarur. O‘ylaymanki, tomoshabinga birinchi beradigan hissiyot shu bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, film qahramonlarining boshdan kechirgan sinovlari va intilishlari ham yosh tomoshabinlarda qiziqish uyg‘otib, o‘z orzulariga nisbatan ishonch paydo qiladi.

Alisher Uzoqovning aytishicha, Jahon chempionatidan oldin “Chempion” premyerasini o‘tkazish reja qilinmoqda. Toshkentdagi taqdimot 1-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, AQSH va Yevropa davlatlarida ham namoyish etish ko‘zda tutilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling