“The Boys” seriali yakunlandi: kutilmagan final va katta yo‘qotishlar

E’lon qilingan sana· 1 643
“The Boys” seriali yakunlandi: kutilmagan final va katta yo‘qotishlar

Mashhur superqahramonlar seriali “The Boys” 7 yil va 40 ta qismdan soʻng tugadi. Yakuniy qismi chiqqach, ijtimoiy tarmoqlar va reyting platformalarida keskin tanqidlarga uchramoqda. Tomoshabinlar finalni “shoshma-shosharlik bilan yozilgan”, “mantiqsiz” deb baholamoqda.

Ogohlantiramiz, matnda spoilerlar mavjud.


Xususan, serialning asosiy qarama-qarshiligi bo‘lgan Batcher va Houmlender o‘rtasidagi yakuniy jang katta rezonans uyg‘otdi. Finalda Kimiko Houmlenderni radiatsiya yordamida kuchsizlantiradi, shundan so‘ng Batcher uni o‘ldiradi. Biroq keyinchalik Batcher iti Terror ham oʻlganidan soʻng barcha superqahramonlarni yo‘q qilish uchun virus tarqatishga urinadi va aynan Hyui tomonidan otib tashlanadi.

Ko‘plab muxlislar aynan Batcher’ning bunday keskin o‘zgarishini va Hyui qo‘lidan o‘lishini serial ruhiga zid deb hisoblamoqda. Reddit va X’dagi muhokamalarda ayrim foydalanuvchilar finalni “Taxtlar oʻyini uslubidagi muvaffaqiyatsiz yakun” deb atadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Houmlender. ishtirokidagi memlar yana avj oldi. Uning oʻlimidan oldingi chorasiz va kuchsiz holati ayrimlarning rahmini keltirgan boʻlsa, boshqalar uchun kutilgan voqea boʻldi.

Shuningdek, reytinglarda ham pasayish kuzatilgan. Final qism tomoshabinlar baholarida serialning avvalgi mavsumlariga nisbatan ancha past ko‘rsatkichlarni (matn yozilgan paytda IMDb’da 6,6) qayd etdi. Tanqidchilar esa ushbu qismning dramatik sahnalari va aktyorlik ishlarini maqtash bilan birga, ssenariy haddan tashqari melodramatik bo‘lib ketganini yozmoqda.

Biroq serial yaratuvchisi Erik Kripke final aynan shunday rejalashtirilganini aytdi. Variety nashriga bergan intervyusida u Batcher va Hyui hikoyasi boshidan shu yakunga olib kelishi ko‘zlanganini ta’kidladi. Kripke so‘zlariga ko‘ra, Houmlenderning o‘limidan oldingi qo‘rqoq holati ham ataylab yozilgan:

“Agar uning kuchlarini olib tashlasangiz, u aslida hech kim emas.”

Intervyuda Kripke yana “Gen V” serialining bekor qilingani sabab ayrim syujetlar to‘liq ochilmay qolganini ham ma’lum qilgan. Uning aytishicha, “The Boys” olamidagi yangi spin-offlar ustida hali ham muhokamalar davom etmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling