100 ming dollarlik “Lag‘mon”. Mitti.me jamoasi suratga olgan film premyerasidan reportaj

O‘zbekistondagi taniqli blogerlar jamoasi Mitti.me “Lag‘mon” nomli yangi filmini suratga oldi. 24-may kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi (Panorama)da mazkur kartina premyerasi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbirlari ushbu taqdimotda qatnashib, reportaj tayyorladi.
“Lag‘mon” filmi kulgu orqali jamiyatdagi dolzarb ijtimoiy masalalarni yoritadi. Unda ijtimoiy tarmoqlar orqali insonlarning ishonchi va mehribonligidan foydalanishga urinayotgan oila haqida hikoya qilinadi. Yaxshi hayot va tez boylik ortidan quvgan Sobir aka va uning o‘g‘li Samandar turli yolg‘on voqealarni uyushtirib, odamlardan yordam puli yig‘ishni boshlaydi.

Ular o‘zlarini jabrlanuvchi va nogiron sifatida ko‘rsatib, taniqli instablogerlar orqali insonlarning rahm-shafqatidan foydalanadi. Kelgan pullar esa yordam uchun emas, shaxsiy manfaat va hashamatli hayot uchun sarflanadi. Ammo yolg‘on ustiga qurilgan hayot uzoqqa bormaydi va oxir-oqibat haqiqat oshkor bo‘lib, ular qonun oldida javob berishga majbur bo‘lishadi.
Film rejissyori Abdulloh Vahobov, ssenariy muallifilari esa Abdulloh Vahobov, Bekzod Yangiboyev. Bosh rollarni G‘ulom Nasriddinov, Abdurahim Abdukarimov, Ulug‘bek Shodibekov, Sitora Alimjonova va Umid Shodmonov ijro etgan. Shuningdek, Rajab Adashev, Vazira Yunusova, Anvar Salimov, Barchin G‘ofurova kabi aktyorlar hamda Chechenka, mominlive, O‘tkir Shodmonov, Zebo Rahimova kabi Instagram`dagi mashhur blogerlar ham suratga tushgan.

“Film byudjeti 100 ming dollar”
Ulug‘bek Shodibekov, Mitti.me jamoasi vakili: Dekabr oyi yakunida telefonda suratga olgan “Kasha” nomli ilk filmimizni omma e’tiboriga havola qildik. Uni muxlislar iliq kutib olishdi va bu bizga ilhom berdi, yangi rejalar paydo bo‘ldi. 2026-yilning birinchi yarmida navbatdagi filmni premyera qilishga kirishdik.

Biz shu kungacha Instagram uchun 2000 ga yaqin vaynlar olgan bo‘lsak, har doim plagiatdan uzoq yurganmiz. To‘g‘ri, “Lag‘mon” filmini ko‘rgan tomoshabin mavzuni o‘g‘irlashibdi, degan fikrga borishi mumkin. Chunki bu aktual mavzuda qo‘shni va boshqa mamlakatlarda ham turli kinolar ishlab chiqarildi. Hamma ijodkorlarning maqsadi odamlarni ogohlikka undash, deb o‘ylayman. Shu niyatda biz ham bu muammoga o‘zimizning yo‘nalishda qo‘l urdik, ya’ni komediya tarzida olib chiqdik.
Ijodiy faoliyatimiz davomida asosan, o‘zimiz rol o‘ynab, imkon darajasida sifatli mahsulotlar tayyorlashga harakat qilganmiz. “Lag‘mon” filmini suratga olishda esa professional mutaxassislarni ham jalb etdik. Ko‘plab filmlarda ikkinchi rejissyor sifatida ishlagan Shahlo Karimova, rassom Ahror aka, Rajab Adashev, Vazira Yunusova, Anvar Salimov kabi ustoz san’atkorlar taklifimizni rad etmay, qo‘llab-quvvatladi. Biz san’at sohasi bo‘yicha hech qayerda o‘qimaganmiz, ijodini iPhone-8'da vaynlar olishni boshlagan bolalarmiz. Shu sababli professional ustozlar bilan birga ishlash jarayonida ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandik.

“Lag‘mon"da bloger rolini ijro etishdan tashqari, film prodyuseri vazifasini ham bajardim. Loyihaga 100 ming dollarga yaqin pul ishlatdik. Syomka davomida o‘zimizning kamchiliklarimizni ham tushunib yetdik. Keyingi filmlarimizda bu xatoliklarga yo‘l qo‘ymagan holda kattaroq byudjet ishlatib, bundan ham sifatli kontent olishga qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.
“Oilaviy komediya, uyatsiz sahnalar yo‘q”
Abdurahim Abdukarimov, Mitti.me jamoasi vakili: Mittivine jamoasi yig‘ilganimizdan beri kino olish niyatida yurgandik. “Qamalgan kelin” kabi vaynlarni Instagramga joylab, tajriba orttirib bordik. “Kasha” nomli qisqa metrajli mobil kinoni olgach, katta filmga tayyormiz, degan xulosaga keldik.

Hozirgi kunda aldanib qolayotganlar va aldamoqchi bo‘lganlar juda ko‘payib boryapti. “Lag‘mon” shu haqda. Unda ijtimoiy tarmoqlar orqali yolg‘on yo‘l bilan odamlarning ishonchi va mehribonligidan foydalanib, mablag‘ yig‘ishga urinayotgan ota va o‘g‘il haqida hikoya qilinadi. Filmda bosh rollardan biri, ya’ni otani ijro etganman.
Komediya orqali odamlarga bu noto‘g‘ri yo‘l ekanini tushuntirish va yoshlarni mehnatga undashni maqsad qilganmiz. Bu oilaviy komediya, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha tomoshabin bemalol ko‘rishi mumkin, hech qanaqa uyatsiz sahnalar yo‘q. Umumiy bahoni baribir tomoshabin beradi. Hamma kinodan o‘ziga yarasha xulosa chiqaradi, deb o‘ylayman.
Anvar Salimov, aktyor va boshlovchi: Ushbu kinoda tadbirkor rolini o‘ynaganman. Yordam bermoqchi bo‘lgan ishbilarmonni ham firibgar ota-bola chuv tushirishga urinadi. “Lag‘mon” o‘zimizning ikir-chikirlarimiz, hozirgi kunda atrofimizda bo‘layotgan holatlar haqida.
Mitti.me jamoasini Instagram orqali anchadan beri kuzataman. Jamoa faqat ijtimoiy tarmoqlarda zo‘r shakllangan. Asta-sekin katta kino va sahnaga qadam qo‘yishyapti, bu zo‘r bosqich. Suratga olish jarayonlarida shuni tushundimki, bu yigitlar tomoshbinlarni kinozallarga qaytarishmoqchi. Ularning bu maqsadini qo‘llab-quvvatlayman. To‘g‘ri, televideniye, internet, kino o‘z yo‘liga. Lekin “Lag‘mon” kabi kinolar orqali tomoshabinlar kinozallarga qaytsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

“To‘laqonli professional film, vayn darajasida qolib ketmagan”
Sarvar Karimov, kino rejissyor: Bizda bunaqa samimiy, yengil komediyalar olinmayotganiga ancha bo‘lgan edi. Aktyorlar jamoasi yaxshi tanlangan, ayniqsa, ota-bola o‘z rolini qoyilmaqom ijro etgan. Mavzu ham dolzarb: ayni paytda bo‘layotgan masalalardan birini ko‘tarib chiqishgan. Film orasidagi kichik-kichik sahnachalar ham oxirida bir narsaga xizmat qilyapti, ya’ni shunchaki vayn darajasida qolib ketmagan, Mitti.me yigitlari yaxshi mehnat qilgan. Buni to‘laqonli professional film, deb ayta olaman. Haqiqatan yaxshi chiqibdi, mazza qilib ko‘rdim. Tomoshabinlar ham yaxshi qabul qiladi, degan umiddaman. O‘ylaymanki, jamoa kelajakda yana yaxshi filmlarga qo‘l uradi. Ularga omad tilayman.

Bobur Mansurov, bloger: Ulug‘bek va uning jamosini birdaniga blogerlikdan katta kinoga qadam qo‘yib, bu darajada film olishlarini kutmagan edim. Men o‘ylaganimdan ham zo‘r chiqibdi. Anchadan beri komediya ko‘rib bunchalik kulmagandim, maza qilib ko‘rdim.
Mavzu hayotiy. Bunday odamlar va blogerlar haqida eshitganmiz, o‘z ko‘zimiz bilan ham ko‘rganmiz. Bu dolzarb mavzuni ko‘tarib chiqishgani quvonarli. Tomoshabinni ogoh bo‘lishga chaqiradi. Film rejissyori ham ancha izlanibdi, kutilmagan topilmalarga qo‘l urilgan. Boshlanishi yomon emas, keyingi filmlari ham omadli chiqsin. Bu film bizga ham katta motivatsiya bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 25-maydan boshlab kinoteatrlarda “Lagʻmon” filmi namoyishi boshlandi. Film uchun chiptalarni Afisha.uz orqali bir necha soniyalar ichida xarid qilish mumkin.