Yozgi ta'til uchun sarguzashtga boy 6 ta anime serial

E’lon qilingan sana· 205
Yozgi ta'til uchun sarguzashtga boy 6 ta anime serial

Yozgi ta’til boshlanishi bilan uzun kunlarni qanday mazmunli o‘tkazish yoki nimalarni tomosha qilish mumkinligi haqidagi savollar ko‘payadi. Ko‘pchilik bir necha fasldan iborat qiziqarli serial izlaydi, ayrimlar esa bolalari, ukalari yoki singillariga nimani tavsiya qilishni bilmay qoladi. Shunday vaziyatlar uchun o‘smir yoshdagilardan boshlab tomosha qilish mumkin bo‘lgan anime seriallar jamlanmasini havola etamiz. Balki yozingizni soz o‘tkazishga bu ham kichik hissa qo‘shar.


Haikyuu!!/ Voleybol!

Voleybol haqida anime deyilganida ko‘pchilik avvaliga qiziqmasligi mumkin. Ammo Haikyuu! sportni yaxshi ko‘radimi-yo‘qmi, deyarli har qanday tomoshabinni o‘ziga torta oladigan seriallardan. Hikoya bo‘yi past bo‘lsa ham katta orzulari bor Hinata ismli yigit va uning jamoasi atrofida rivojlanadi. Anime nafaqat musobaqalar, balki do‘stlik, mehnat, o‘z ustida ishlash va jamoa bo‘lib harakat qilishning qadrini ham ko‘rsatadi.

Serialni tomosha qilish.


My Hero Academia/ Mening Qahramonlik Akademiyam

Tasavvur qiling, deyarli hamma odamlar qandaydir superqobiliyatga ega bo‘lgan dunyoda tug‘ilib, sizda esa bunday qobiliyat bo‘lmasa-chi? My Hero Academia aynan shunday savol bilan boshlanadi. Anime orzularidan voz kechmaydigan Izuku Midoriya va uning qahramon bo‘lish yo‘lidagi sarguzashtlarini hikoya qiladi.

Serial yorqin qahramonlari, dinamik janglari va ilhomlantiruvchi kayfiyati bilan ajralib turadi. Unda kuchli bo‘lish faqat qobiliyatga emas, balki qat’iyat, mehnat va boshqalarga yordam berishga tayyorlikka ham bog‘liq ekani ko‘rsatiladi.

Serialni tomosha qilish.


Solo Leveling/ Yolg‘iz kuchayish

Solo Leveling so‘nggi yillarning eng mashhur fantastik animelaridan biri. Hikoya odamlar g‘ayritabiiy mavjudotlar bilan kurashadigan dunyoda eng kuchsiz ovchilardan biri hisoblangan Son Jinvu haqida. Bir voqeadan keyin uning hayoti butunlay o‘zgaradi va u boshqalardan farqli imkoniyatga ega bo‘ladi. Anime tez rivojlanadigan syujeti, ta’sirchan jang sahnalari va qahramonning bosqichma-bosqich kuchayib borishi bilan tomoshabinni o‘ziga tortadi. Har bir yangi sinov va topshiriq hikoyaga qiziqishni yanada oshirib boradi.

Serialni tomosha qilish.


Mob Psycho 100/Mob Psixo 100

Mob Psycho 100 bir qarashda g‘ayritabiiy qobiliyatlar va ruhlar haqidagi oddiy animega o‘xshashi mumkin. Ammo uning asosiy mavzusi aslida kuch emas, balki insonning o‘zini anglash va ulg‘ayish jarayonidir. Hikoya nihoyatda kuchli psixik qobiliyatlarga ega, ammo oddiy hayot kechirishni istaydigan Mob laqabli o‘smir haqida. U maktab, do‘stlar, his-tuyg‘ular va kundalik muammolar bilan hal qilishga harakat qilar ekan, asta-sekin o‘ziga bo‘lgan ishonchni ham shakllantirib boradi.

Serialni tomosha qilish.


One-Punch Man/ Bir Mushtboy

Superqahramonlar haqidagi hikoyalarda odatda qahramon kuchayishga intiladi. One-Punch Man esa bu g‘oyaga mutlaqo boshqacha yondashadi: uning bosh qahramoni Saitama raqiblarini birgina zarba bilan mag‘lub eta oladi. Muammo shundaki, bunday kuch bilan yashash kutilganidek qiziqarli emas.

Anime superqahramonlar janrini kulgili tarzda parodiya qilishi, yorqin qahramonlari va ta’sirchan jang sahnalari bilan ajralib turadi. Bir tomondan u tomoshabinni kuldirsa, boshqa tomondan kuch, mashhurlik va maqsad haqidagi savollarni ham o‘rtaga tashlaydi.

Serialni tomosha qilish.


Bleach

Bleach — o‘smirlik, sarguzasht va g‘ayritabiiy kuchlar uyg‘unlashgan mashhur anime. Hikoya oddiy maktab o‘quvchisi Ichigo Kurosaki atrofida boshlanadi, u kutilmaganda ruhlar va ularni boshqaradigan maxsus jangchilar dunyosiga aralashib qoladi.

Serialda kuchli janglar, murakkab dushmanlar va asta-sekin ochiladigan sirli dunyo juda katta o‘rin egallaydi. Shu bilan birga, u do‘stlik, mas’uliyat va o‘z yo‘lini topish kabi mavzularni ham yoritadi.

Serialni tomosha qilish.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling