Oʻzbekiston va Pokiston hamkorligida Bobur haqida qisqa metrajli film suratga olinadi

Oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakillaridan biri boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida Oʻzbekiston va Pokiston kino ijodkorlari hamkorligida qisqa metrajli film suratga olinadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri Ataulla Tarar bilan uchrashgan va suhbat davomida ushbu filmni suratga olish boʻyicha ham soʻz borgan.
“Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan qisqa metrajli film yaratishda hamkorlik qilishga tayyormiz. Film Boburning bolalik davri, ushbu mintaqaga kelishi va o‘z imperiyasiga asos solishi haqida bo‘ladi”, — dedi federal vazir.
Ta’kidlanishicha, tomonlar Bobur faoliyatiga bag‘ishlangan filmni hamkorlikda yaratish ishlarini boshlash uchun O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi hamda Pokiston Axborot va radioeshittirish federal vazirligi mutasaddilari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etadi.