Anya Teylor-Joy "Uzuklar hukmdori"ning yangi filmida rol ijro etadi

Film "Gollum ovi" tagsarlavha ostida suratga olinadi hamda Endi Serkis rejissyorlik qiladi, u shuningdek, Gollum rolini yana bir bor ijro etadi
Warner Bros. studiyasi Anya Teylor-Joy (“Qirolichaning yurishi”, “Furiosa: Jinnivoy Maks dostonlari”) “Uzuklar hukmdori: Gollum ovi” filmining aktyorlar tarkibiga qo‘shilganini rasman e’lon qildi. Aktrisa ushbu film uchun maxsus yaratilgan va J. R. R. Tolkin asarlarida uchramaydigan yangi qahramon — Seren rolini ijro etadi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Seren Qora o‘rmonlik sindar elfi va qirol Tranduilning eng ishonchli ayg‘oqchilaridan biri sanaladi.
Filmga Endi Serkis rejissyorlik qiladi, u shuningdek, Gollum rolini yana bir bor ijro etadi. Film voqealari Bilbo Begginsning 111 yilligini nishonlash va Uzuk Qardoshligining Moriya orqali safarga otlanishi oralig‘ida bo‘lib o‘tadi. Syujet Gollumni izlashga bag‘ishlanadi, zero u Sauronga Hukmdorlik Uzugi qayerdaligini oshkor qilishidan avval Aragorn uni topishi kerak.
Avvalroq loyihaga yosh Aragorn rolini ijro etadigan Jeymi Dornan, Leo Vudall hamda Keyt Uinslet qo‘shilgan edi. Shuningdek, franshiza faxriylari — Gandalf rolida Ien Makkellen, Tranduil rolida Li Peys va Frodo Beggins rolida Elayja Vudning qaytishi kutilmoqda.
Film xorijiy prokatga 2027-yil 17-dekabrda chiqadi.