Otalar haqida turli janrlardagi 7 ta film

Otalar haqida eng yaxshi filmlar ko‘pincha superqahramonlar haqida emas. Ular farzandi uchun qo‘rquvni yengadigan, payti-payti bilan xatolar qiladigan, kechirim so‘raydigan va har qanday vaziyatda yonida qolishga harakat qiladigan oddiy insonlar haqida. Har yil iyun oyining 3-yakshanbasi, bu yil uchun esa 21-iyun chet davlatlarda otalar kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
Shu munosabati bilan otalikning turli ko‘rinishlarini aks ettirgan turli janrlardagi filmlarni jamladik.
Big Fish/ Katta baliq

Ba’zi otalar o‘z sevgisini quchoqlash yoki balandparvoz so‘zlar bilan emas, hikoyalar orqali izhor qiladi. Tim Burtonning “Big Fish” filmi ham aynan shunday ota haqida.
Film markazida butun umri davomida aql bovar qilmas sarguzashtlar haqida hikoya qilib kelgan Edvard Blum va uning bu hikoyalarga shubha bilan qaraydigan o‘g‘li turadi. Voqealar rivojlangan sari tomoshabin haqiqat va afsona o‘rtasidagi chegaralar qanchalik nozik ekanini anglay boshlaydi. bu film otalarni mukammal qahramon sifatida emas, balki o‘ziga xos kamchiliklari va orzulari bilan ko‘rsatadi.
Prisoners/ Asiralar

Farzandning xavfsizligi har qanday ota uchun eng katta qadriyat. “Prisoners” esa shu tuyg‘uni hayajonli triller shaklida ekranga olib chiqadi. Hyu Jekmang ijrosidagi ushbu film kichik shaharchada sodir bo‘lgan sirli voqeadan boshlanadi. Tergov davom etar ekan, vaqt tobora qimmatli tus oladi, shubhalar esa ortib boradi. Tergovchi rolidagi Jeyk Jillenhol voqealar keskinligini yaxshi ijro etib bergan.
Life Is Beautiful/ Hayot goʻzal

Ba’zan otalikning eng buyuk ko‘rinishi farzandni dunyoning barcha tashvishlaridan himoya qila olishda namoyon bo‘ladi. Roberto Benigni suratga olgan “Hayot goʻzal” ana shunday filmlardan biri. Ikkinchi Jahon urushi davri tasvirlangan koʻplab filmlar mavjud, ammo bir paytning oʻzida ham kulib ham yigʻlatoladiganlar sanoli. Ushnu film aynan shunday filmlar sirasiga kiradi. undagi qahramonlik balandbarvoz dialoglar asosida qurilmagan, bu yerda shunchaki insonoy tuygʻular va mehr kuchi barchasini yengib oʻtadi. Kulgi va qayg‘uni mahorat bilan uyg‘unlashtirgan “Hayot goʻzal” otalik, sevgi va inson ruhining kuchi haqida hikoya qiladi.
Babam ve Oğlum/ Dadam va Oʻgʻlim

Ota va farzand o‘rtasidagi rishtalar ba’zan yillar davomida aytilmagan so‘zlar, kechirilmagan xafagarchiliklar va sog‘inch bilan sinovdan o‘tadi. “Dadam va Oʻgʻlim” ana shu tuyg‘ularni nihoyatda samimiy va ta’sirli tarzda hikoya qiladigan filmlardan biridir. Turk kinosining eng mashhur asarlaridan biri bo‘lgan “Dadam va Oʻgʻlim” oilaviy qadriyatlar, yo‘qotish, sog‘inch va ota mehrini chuqur his etishga undaydi. Film ko‘plab tomoshabinlar uchun nafaqat ota haqidagi hikoya, balki oila haqida suratga olingan eng ta’sirli filmlardan biri sifatida qadrlanadi.
Les Fugitifs/ Otalar

Ba’zan ota bo‘lish uchun qon-qarindoshlikning o‘zi yetarli emas — buning uchun mehr, mas’uliyat va fidoyilik ham kerak bo‘ladi. Fransuz kinosining klassik komediyalari qatoridan joy olgan “Otalar” ana shu g‘oyani kulgili va ta’sirli voqealar orqali ochib beradi. Pyer Rishar va Jerar Depardyening ajoyib dueti tufayli film ham kuldiradi, ham o‘ylantiradi. “Otalar” oilaning asl mohiyati ba’zan tug‘ilgan rishtalarda emas, balki insonlarning bir-biriga bergan mehrida ekanini eslatib turadigan samimiy kartinalardan biridir.
The Pursuit of Happyness/ Baxt ortidan quvib

Yana bir ta’sirli filmlardan biri. Ota bo‘lish ba’zan farzandingiz uchun butun dunyoga qarshi kurashishni anglatadi. “Baxt ortidan quvib” ana shu fidoyilik haqida hikoya qiladigan eng ilhomlantiruvchi film hisoblanadi. Haqiqiy voqealarga asoslangan ushbu film otalik mas’uliyati, matonat va umid mavzularini samimiy tarzda yoritadi. Film hayotidagi og‘ir moliyaviy va shaxsiy qiyinchiliklarga qaramay, o‘g‘liga munosib kelajak yaratishga intilayotgan Kris Gardner haqida hikoya qiladi.
Chef/ Shef

Shaxsan aytadigan boʻlsam, bu filmnii tasodifan koʻrib qolim yakuniga qadar chalgʻimasdan koʻrgan filmlarimdan biri. Film mashhur oshpaz Karl Kasperning hayotida yuz bergan kutilmagan o‘zgarishlardan so‘ng yangi sahifa ochishga urinishlari haqida hikoya qiladi. Bu yo‘lda u o‘g‘li bilan yaqinlashish, yo‘qotilgan ishonchni qayta tiklash va hayotdagi haqiqiy qadriyatlarni qayta kashf etishga harakat qiladi. Filmda ba’zan farzandga beriladigan vaqt, e’tibor va birga yaratilgan xotiralar eng katta sovg‘a ekanligi aytiladi.