Billi Aylish ishtirokidagi “The Bell Jar” filmining suratga olish ishlari boshlandi

Torontoda Silviya Platning “The Bell Jar” romani asosida suratga olinayotgan yangi film ustida ish boshlandi. Filmda bosh rolni xonanda Billi Aylish ijro etadi. Bu loyiha uning to‘liq metrajli badiiy kinodagi ilk aktyorlik ishi bo‘ladi.
Film voqealari 1950-yillarda kechadi va nufuzli ayollar jurnalida amaliyot o‘tash imkoniyatini qo‘lga kiritgan iqtidorli talaba Ester Grinvud haqida hikoya qiladi. Tashqi muvaffaqiyat ortida esa qahramonning tobora kuchayib borayotgan ichki inqirozi yashirin bo‘lib, u oxir-oqibat og‘ir depressiyaga yuz tutadi.
Filmga Sara Polli rejissyorlik va ssenariynavislik qilmoqda. U “Women Talking” (“Ayollar so‘zlaydi”) filmi uchun “Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy” yo‘nalishida “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Loyihani Focus Features, Plan B Entertainment va StudioCanal kinokompaniyalari ishlab chiqarmoqda.
Film premyerasi 2027-yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.