Muhammad Ali haqidagi serialning ilk tizer-treyleri e’lon qilindi

Prime Video bokschi Muhammad Ali haqidagi “The Greatest” biografik serialining tizer-treylerini e’lon qildi. Sakkiz qismdan iborat filmning premyerasi 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Unda bosh rolni Jaalen Best (“American Horror Stories”) ijro etgan. Syujet nafaqat bokschining sportdagi yutuqlarini, balki uning ringdan tashqaridagi hayotini ham qamrab oladi.
“Meni yengib bo‘lmaydi. Men tarixdagi eng yosh og‘ir vazn toifasidagi jahon chempioni bo‘laman”, — deydi qahramon treylerda.
Serialda, shuningdek, Jim Chad (“What We Do In The Shadow”), Deyv Devis (“The Big Short”), Brendon Maknayt (“Flash”), Riko E. Anderson (“Grey's Anatomy”), Jovanni Ribizi (“Lost In Translation”) va boshqalar rol o‘ynagan. Prodyuserlardan biri Maykl B.Jordan. Ssenariyni Josh Uekli yozgan.
Muhammad Ali (tug‘ilganda ismi Kassius Kley) — afsonaviy amerikalik bokschi va jamoat arbobi. U og‘ir vaznda uch karra jahon chempioni, 1960-yilgi Olimpiada oltin medali sohibi. U o‘zining jangovar uslubi (“kapalak kabi parvoz qil, asalari kabi chaq”) va Vyetnam urushi paytida o‘z e’tiqodi uchun armiyada xizmat qilishdan bosh tortgani bilan mashhur bo‘lgan.