Zulfiqor Musoqovning yangi "Fayzulla Xoʻjayev" filmi treyleri e'lon qilindi

Rejissyor Zulfiqor Musoqovning yangi “Fayzulla Xoʻjayev” (“Tegirmon”) nomli badiiy-publitsistik janrdagi filmning treyleri e’lon qilindi. Bu haqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kinokartina “Tirik tarix” filmlar dasturi doirasida suratga olingan. Film O‘zbekistonning ilk rahbarlaridan biri — Fayzulla Xo‘jayevning hayoti, faoliyati va fojeali taqdiri haqida hikoya qiladi. Asarda uning jadidchilik harakatidagi ishtiroki, xalq ozodligi va taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona kurashi badiiy talqin etiladi.

Shuningdek, filmda tarixiy hujjatlar, foto va kinomateriallar asosida davr voqealari aks ettirilgan. Bundan tashqari, badiiy to‘qimalar va sahnalashtirilgan lavhalar ham oʻrin olgan.
Bosh rollarni Sirojiddin Sattorov, Yusufjon Fayziyev, Otabek Musayev, Karim Mirxodiyev, Seydulla Moldaxanov va boshqalar ijro etgan.