Xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda film suratga olish xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi

E’lon qilingan sana· 258
Xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda film suratga olish xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan xorijiy kinematografiya kompaniyalarining O‘zbekistonda film yaratish bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qoplab berish (“rebate”) tartibi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, xorijiy kompaniyalarga mamlakat hududida film suratga olish xarajatlarining 10 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan qismi qaytarib beriladi.

Qoplab beriladigan mablag‘ miqdori xarajatlar hajmiga qarab belgilanadi:

  • 3 milliard so‘mgacha bo‘lgan xarajatlar uchun — 10 foiz;
  • 3 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha — 15 foiz;
  • 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha — 20 foiz;
  • 10 milliard so‘mdan ortiq xarajatlar uchun — 25 foiz.

Bunda bitta film uchun qaytariladigan mablag‘ 4 milliard so‘mdan oshmasligi kerak.

“Rebate” dasturida qatnashish uchun kompaniyalar maxsus platforma orqali elektron ariza yuboradi. Suratga olish ishlari tugaganidan keyin esa xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar 60 kun ichida kiritilishi lozim.

Komissiya hujjatlarni 15 ish kuni davomida ko‘rib chiqadi. Ijobiy qaror qabul qilingach, mablag‘ 5 ish kuni ichida xorijiy kompaniya hisobiga o‘tkaziladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling