Kattalar uchun hikoya: “O‘yinchoqlar tarixi 5” multfilmiga sharh

E’lon qilingan sana· 251
Kattalar uchun hikoya: “O‘yinchoqlar tarixi 5” multfilmiga sharh

31 yil avval Pixar dunyoga o‘yinchoqlar ham yashirin hayot kechirishi mumkinligini ko‘rsatgandi. O‘shandan beri “O‘yinchoqlar tarixi” bolalik, ulg‘ayish va ayriliq haqida hikoya qiluvchi eng katta animatsion franshizalardan biriga aylandi. To‘rtinchi film mantiqiy yakun bo‘lib tuyulganidan keyin beshinchi qism e’lon qilinganda ko‘pchilikda bitta savol tug‘ildi: yana nima haqida hikoya qilish mumkin? Ajablanarlisi shundaki, Pixar bunga munosib javob topgan.

Bu safar multfilm o‘yinchoqlarning unutib qoldirlishi haqida emas. Ularning o‘rnini bosayotgan yangi raqib haqida. U ham plastikdan yasalgan, ammo qo‘g‘irchoq yoki kosmik reynjer emas. Bu — Lilypad nomli bolalar plansheti.

Bonni sakkiz yoshga to‘lgan. U Jessi, Bazz va qolgan o‘yinchoqlar bilan vaqt o‘tkazadi. Sinfdoshlari ekranlar qarshisida ulg‘aymoqda, ota-onasi esa qizining do‘st topishiga yordam berish umidida unga Lilypad sovg‘a qiladi. Planshet o‘z vazifasini uddalaydi: Bonni qisqa fursatda yangi tanishlar orttiradi. Ammo Pixar bu yerda muhim savolni o‘rtaga tashlaydi: internet orqali topilgan do‘st haqiqiy o‘yin va jonli muloqot o‘rnini bosa oladimi?

“O‘yinchoqlar tarixi 5” texnologiyani yovuzlik sifatida tasvirlamaydi. Lilypad salbiy qahramon emas. U ham bolani baxtli qilishni istaydi. Muammo planshetda emas, balki ekranlar bolalarning tasavvurini va haqiqiy o‘yinini asta-sekin siqib chiqarayotganidadir. Shu sababli film “eski davrlar"ni sog‘inadigan oddiy nostalgik mahsulotga aylanib qolmagan. Pixar ancha nozik fikrni ilgari suradi: texnologiya foydali, ammo u bolalikning eng muhim qismi — tasavvur va birga o‘ynash hissini almashtira olmaydi.

Bu safar markazda Vudi ham, Bazz ham emas. Hikoyaning yuragi — Jessi. Avvalgi filmlarda Jessining eng katta qo‘rquvi egasi tomonidan unutilish bo‘lgan edi. Bu safar ham aynan shu qo‘rquv uni oldinga undaydi. Bonni ham undan voz kechsa-chi? Yana bir bor tashlab ketilish hissini boshdan kechirishga kuchi yetadimi?

Joan Kyusakning dublyaji Jessi obraziga bir vaqtning o‘zida iliqlik, qat’iyat va mo‘rtlik baxsh etadi. Natijada beshinchi qismni bemalol uning filmi deb atash mumkin. Aynan Jessi orqali Pixar ulg‘ayish, ayriliq va kerakli bo‘lib qolish istagi haqida gapiradi.

Rejissyor Endryu Stanton franshizaga yangi nafas olib kirgan. Ayniqsa Bonnining tasavvurida jonlanadigan o‘yin sahnalari multfilmning eng yorqin qismi hisoblanadi. Ranglar, fantaziya va vizual yechimlar bolalar tasavvurining cheksizligini ko‘rsatadi.

Texnik jihatdan ham Pixar yana bir bor o‘z darajasini namoyish etadi. Yorug‘lik, materiallar va mayda detallar avvalgidan ham mukammal ko‘rinadi. Ammo studiyaning eng katta yutug‘i texnologiyada emas, hissiyotlarda. U zamonaviy animatsiya imkoniyatlarini tomoshabinni hayratga solish uchun emas, hikoyani yanada ta’sirli qilish uchun ishlatgan, deyish mumkin.

Yangi qahramonlar esa kutilganidan ancha muvaffaqiyatli chiqqan. Eng esda qolarlisi — o‘zini hammadan aqlli deb hisoblaydigan Smarty Pants. Bolalarni hojatga o‘rgatish uchun yaratilgan bu gadjetning kinoyali hazillari multfilmning eng kulgili lahzalarini taqdim etadi.

Snappy va Atlas kabi eskirgan texnologik o‘yinchoqlar ham qiziqarli topilma. Ular bir vaqtlar zamonaviy gadjet bo‘lgan, bugun esa keraksiz buyumga aylangan. Shu orqali Pixar texnologiyaning ham umri qisqa, biroq o‘yin va tasavvur undan uzoq yashashini eslatadi.

Shu bilan birga, multfilm kamchiliklardan ham xoli emas. Yangi Bazz Lightyear`lar bilan bog‘liq voqealar ba’zan asosiy syujetdan chalg‘itadi. Vudining qaytishi ko‘proq muxlislarni xursand qilish uchun qo‘shilgandek taassurot qoldiradi — hikoya usiz ham bemalol davom etardi.

Biroq bu kamchiliklar multfilmning asosiy ustunligini soya ostida qoldira olmaydi. “O‘yinchoqlar tarixi 5” nostalgiya ortiga yashirinmaydi. Aksincha, u bugungi bolalar qanday ulg‘ayayotgani, ekranlar ularning dunyoqarashini qanday o‘zgartirayotgani haqida gapiradi. Eng muhimi, film aybni bolalarga yuklamaydi. Planshetni Bonni o‘zi sotib olmagan. Uni kattalar olib bergan. Pixar tomoshabinga tayyor javob bermaydi, ammo muhim savolni qoldiradi: bolalarning tasavvuri va haqiqiy o‘yini uchun hali ham yetarlicha joy qoldiryapmizmi?

Agar to‘rtinchi qism qo‘yib yuborish (ayrilish) haqida bo‘lgan bo‘lsa, beshinchi qism bolalikni saqlab qolish haqida. Yangi multfilm texnologiya o‘yinchoqlarni emas, bolalikning o‘zini siqib chiqarayotganini ko‘rsatadi. Xulosa qilib aytganda, Pixar yana bir bor oddiy o‘yinchoqlar tili bilan bugungi kunning eng og‘riqli muammosini ko‘rsatib bera oldi.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling