“Naruto” filmi uchun bosh rollarga kasting boshlandi

Lionsgate rasman Masashi Kishimotoning mashhur “Naruto” mangasining film adaptatsiyasi uchun butun dunyo bo‘ylab kasting boshlanganini e’lon qildi. Hozirda ijodkorlar “7-jamoa” a’zolari Naruto Uzumaki, Saske Uchiha va Sakura Xaruno rollari uchun aktyorlarni qidirmoqda, qolgan qahramonlar uchun kasting esa keyinroq boshlanadi.
Film rejissyori Destin Deniel Kreton (“Shan-Chi va o‘n uzuk afsonasi”, “O‘rgimchak odam: Mutlaqo yangi kun”). U muxlislarga murojaatida Masasi Kishimoto hikoyalari butun bir avlod kitobxonlari va tomoshabinlarini ilhomlantirganini, “Naruto” olamini ilk bor jonli ijrodagi film formatiga olib chiqish imkoniyati esa u uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi.

Masasi Kishimotoning o‘zi ham kasting boshlanishiga izoh berib, buni “haqiqiy mo‘jiza” deb atadi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, u Naruto, Saske va Sakurani katta ekranda gavdalantiradigan aktyorlarni ko‘rishni intiqlik bilan kutmoqda.
1999-yildan 2014-yilgacha chop etilgan “Naruto” mangasi butun dunyo bo‘ylab 250 milliondan ortiq nusxada sotilgan va tarixdagi eng ko‘p sotilgan mangalardan biri bo‘lib qolmoqda. Yosh ninzya Naruto Uzumakining hikoyasi muvaffaqiyatli anime adaptatsiyasi, bir nechta to‘liq metrajli filmlar va “Boruto” shaklidagi yangi mavsumga ega. Gollivud filmi esa franshizaning aktyorlar ishtirokidagi ilk ekranlashtirilishi bo‘ladi.