Robert Pattinson ishtirokidagi “Betmen. Ikkinchi qism” filmining ilk tizeri e’lon qilindi

E’lon qilingan sana· 108
Robert Pattinson ishtirokidagi “Betmen. Ikkinchi qism” filmining ilk tizeri e’lon qilindi

Warner Bros. Robert Pattinson ishtirokidagi “Betmen. Ikkinchi qism” filmining ilk tizerini e’lon qildi. Tizer muxlislarni unchalik hayratga solmaydi — unda deyarli yangi kadrlar yo‘q.

Tomoshabinlarga faqat Robert Pattinson ijrosidagi Betmen namoyish etilgan. Qahramonning o‘zi esa 2022-yilda chiqqan birinchi film orqali allaqachon tanishtirilgan edi.

Shuningdek, film premyerasi yana ortga surildi. Endi “Betmen. Ikkinchi qism” 2027-yil oktabrida emas, 2028-yil fevralida katta ekranlarga chiqadi.

Film rejissyori Mett Rivzning ilk “Betmen” filmi qorong‘i detektiv muhiti va realistik yondashuvi bilan muxlislar va tanqidchilar tomonidan iliq kutib olingandi. Kartinada ko‘plab zamonaviy superqahramon filmlaridan farqli ravishda multikoinot va krossoverlar yo‘q edi.

Davomiy qismda Kolin Farrell ijrosidagi Pingvin va Barri Keogan gavdalantirgan Joker yana paydo bo‘ladi. Biroq ular Betmenning asosiy raqiblari bo‘lmaydi. Filmning bosh antagonisti hali biror marta ham katta ekranda namoyon bo‘lmagan yangi yovuz qahramon bo‘lishi aytilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling