“Odisseya” filmi Buyuk Britaniya va Irlandiyada rekord o‘rnatdi

E’lon qilingan sana· 1 007
“Odisseya” filmi Buyuk Britaniya va Irlandiyada rekord o‘rnatdi

Kristofer Nolanning “Odisseya” filmi Buyuk Britaniya va Irlandiya prokatida ilk dam olish kunlaridayoq 12,5 million funt sterling (qariyb 201 milliard so‘m) yig‘ib, kassada birinchi o‘rinni egalladi.

Bu natija rejissyorning mazkur bozordagi ikkinchi eng muvaffaqiyatli startiga aylandi va “Oppengeymer” filmining ilk hafta natijasini ortda qoldirdi. Film, ayniqsa, IMAX va boshqa premium formatlardagi yuqori talab evaziga yilning eng yirik juma kungi ochilishlaridan birini qayd etdi.

Londondagi BFI IMAX kinoteatri ham tarixiy rekordni yangiladi. Kino uch kun ichida bitta zalning o‘zida qariyb 294 ming dollar yig‘ib, 2017-yilda “Star Wars: The Last Jedi” o‘rnatgan rekordni ortda qoldirdi. Hozirgacha ushbu kinoteatrda filmni 82 mingdan ortiq tomoshabin ko‘rgan.

Hafta yakunlariga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni “O‘yinchoqlar tarixi 5”, uchinchi pog‘onani esa “Moana” egalladi. Top-10 ro‘yxatidan, shuningdek, “Minions & Monsters”, “Evil Dead Burn”, “Supergirl” va boshqa filmlar ham joy oldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling