“Neyromant” serialining ilk tizeri e’lon qilindi

Serial Uilyam Gibsonning kiberpank janriga asos solgan kult romani asosida suratga olingan.
Apple TV+ Uilyam Gibsonning mashhur “Neyromant” romani asosida yaratilgan serialning ilk tizerini taqdim etdi. Asar kiberpank janrini shakllantirgan eng muhim romanlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Syujet markazida kiberfazo bilan bog‘lanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan iste’dodli xaker Keys turadi. Yo‘qotgan qobiliyatini qaytarish imkoniyatiga ega bo‘lgach, u yollanma qotil Molli bilan xavfli topshiriqni bajarishga rozi bo‘ladi. Dastlab oddiy o‘g‘rilikka o‘xshagan missiya keyinchalik qudratli korporativ sulola va sun’iy intellekt bilan bog‘liq yirik fitnaning bir qismi ekani ayon bo‘ladi.
Serialda Kallum Terner, Briana Middlton, Mark Strong, Klemans Poezi, Piter Sarsgaard, Deyn DeXaan, Jozef Li, Emma Laird va Andre De Shilds rollarni ijro etgan.
1984-yilda ilk bor nashr etilgan “Neyromant” “Hyugo”, “Nebyula” va Philip K. Dick Award mukofotlarini qo‘lga kiritgan hamda ilmiy fantastikadagi “uch karra toj"ni qo‘lga kiritgan ilk roman sifatida tarixga kirgan. Asar ommaviy madaniyatga “kiberfazo” tushunchasini olib kirgan va zamonaviy kiberpank janrining poydevorini yaratgan.
Serial premyerasi 2027-yil 22-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.