“Futurama”ning 14-mavsumi treyleri e’lon qilindi

Yangi faslda Fry, Lila, Bender va Planet Express jamoasi yana telbalarcha kosmik sarguzashtlarga otlanadi.
Hulu “Futurama"ning 14-mavsumi uchun to‘liq treylerni taqdim etdi.
Treylerga ko‘ra, yangi faslda Fry, Lila, Bender va Planet Express jamoasi yana telbalarcha kosmik sarguzashtlarga otlanadi. Tomoshabinlarni kosmik qaroqchilar, sun’iy yetishtirilgan go‘sht, firibgarliklar, yangi galaktikalararo missiyalar, shuningdek, doktor Zoidbergning uzoq yillik sevgilisi kutilmaganda qaytishi kutmoqda.
Ovoz bergan aktyorlar tarkibiga Billi Uest (Fry, professor Farnsvort, doktor Zoidberg va boshqalar), Jon Di Madjio (Bender), Keti Sagal (Lila), Tress Maknill, Moris Lamarsh, Loren Tom, Fil Lamarr va Devid Herman yana qaytdi.
Yangi fasldan tashqari, Hulu davomiyligi uzaytirilgan uchta maxsus epizod ishlab chiqilayotganini ham ma’lum qildi. Ularning birinchisi Rojdestvoga bag‘ishlanadi va 2027-yilda namoyish etiladi.
Mett Groy tomonidan yaratilgan kult ilmiy-fantastik animatsion serialining davomi 3-avgust kuni Hulu va Disney+ platformalarida namoyish etila boshlaydi.