“Children of Blood and Bone” fentezi filmining ilk treyleri e’lon qilindi

“Children of Blood and Bone” (Qon va suyak farzandlari) fentezi filmining ilk treyleri taqdim etildi. Kartinada Viola Devis, Idris Elba va Sintiya Erivo bosh rollarni ijro etgan.
Film yozuvchi Tomi Adeyemining shu nomdagi bestseller romani asosida suratga olingan. Syujet sehrgarlar sulolalari yashagan Orisha nomli sehrli mamlakat haqida hikoya qiladi. Mamlakatda zolim qirol hokimiyat tepasiga kelgach, ko‘plab sehrgarlar, jumladan bosh qahramon Zeliyning onasi ham qatl etiladi. Oradan yillar o‘tib ulg‘aygan Zeli yovuzlikka qarshi kurashib, Orishaning avvalgi qudratini tiklash yo‘liga chiqadi.
Filmda, shuningdek, Demson Idris, Amandla Stenberg, Chivetel Ejiofor, Lashana Linch, Redjina King va boshqa aktyorlar ham suratga tushgan.
Kartinaga “Qadimgi gvardiya” filmi bilan tanilgan Jina Prins-Baytvud rejissyorlik qilgan. Paramount studiyasi filmni AQSh kinoteatrlarida 2027-yil 15-yanvardan namoyish etishni rejalashtirgan.