"Oʻrgimchak odam: yangi kun"gacha: sevimli qahramon haqidagi mashhur filmlar

Bir necha o‘n yillar davomida kino muxlislari orasida O‘rgimchak odam eng taniqli va sevimli superqahramonlardan biriga aylandi, u haqida koʻplab filmar va multfilmlar ishlandi.
Personaj 1962-yilda Marvel ssenariynavisi Sten Li tomonidan oʻylab topilgan boʻlib, bungacha u allaqachon “Fantastik to‘rtlik” kabi mashhur superqahramonlarni yaratgandi. Avvaliga yangi qahramon ko‘pchilikda shubha uyg‘otadi. Chunki bungacha qahramonlar yoshi kattalar edi, Li esa o‘quvchilarga nafaqat katta kuch bilan maqtanishga, balki katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lgan omadsiz o‘smirni taklif qiladi.
Biroq, qahramon tomoshabinlarga yoqib qolgan va oʻz hayoti bilan yashashni boshlagan. Superqahramonlar haqidagi filmlarga qiziqmaydigan tomoshabinlar ham hech boʻlmaganda bir marta Oʻrgimchak odamga duch kelgan. Qahramon pop-madaniyatning ham ajralmas qismiga aylangan.
Afisha.uz 6-avgustda boʻladigan “Oʻrgimchak odam: yangi kun” filmining premyerasidan oldin bu mavzuda qaysi kinokartinalarni koʻrish mumkinligi haqida ma’lumot beradi. Ha, aytgancha, film uchun chiptalar allaqachon sotuvda boʻlib, ularni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.
“Oʻrgimchak odam” (2002)

Oʻrgimchak odam haqida hikoya qiluvchi filmlar superqahramonlar mavzusi trendga aylanishidan ancha oldin 2002-yilda boshlangan va darhol mashhurlikka erishgan. Bunda jangari filmni insoniylashtira olgan rejissyor Sem Reyvining ham, personajni yaxshi ochib bera olgan aktyor Tobi Maguayrning ham oʻrni katta.
Piter Parker oddiy maktab o‘quvchisi. Bir kuni u sinfdoshlari bilan ekskursiyaga boradi va u yerda uni g‘alati mutant o‘rgimchak chaqib oladi. Vaqt o‘tishi bilan yigit o‘zida g‘ayrioddiy kuch, harakatlanishdagi chaqqonlik va eng asosiysi — devorlarga tirmashib chiqish hamda qoʻlidan o‘rgimchak to‘rini chiqarish qobiliyatini payqay boshlaydi. Piter odamlarga yordam berib, jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi O‘rgimchak odam ismli haqiqiy super qahramonga aylanadi. Ammo superqahramon bo‘lgan joyda ertami-kechmi superyovuzlar ham paydo bo‘ladi…
“Oʻrgimchak odam 2” (2004)

Oradan 2 yil oʻtib, Sem Reymi filmning ikkinchi qismini ham ishlaydi. Filmda asosiy aktyorlar oʻz rollariga qaytadi. Kinokartina trilogiyalarda muhim hisoblanadigan eng yaxshi “ikkinchi qism"lardan biri sifatida kino tarixida ham qolgan.
Kamtar Piter Parker ikki xil hayot chegarasida muvozanatni saqlashga harakat qiladi. U bit vaqtning oʻzida ham O‘rgimchak odam, ham oddiy kollej talabasi. Uning barcha yaqinlari bilan munosabatlari xavf ostida yoki boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Hayot esa unga yangi sinov tayyorlab qo‘ygan. U shafqatsiz telba doktor Otto Oktaviusni mag‘lub etish uchun o‘zidagi barcha super qobiliyatlarni ishga solishi lozim.
“Oʻrgimchak odam 3” (2007)

Tobi Maguayr “Oʻrgimchak odam"ining yana bir xususiyatlaridan biri bunda tomoshabinga superqahramonlar olami juda keng ekanini koʻrsatiladi. Uchinchi qismda ilk bor muxlislar Venom personaji bilan tanishadi.
Piter “buyuk kuch bilan buyuk mas’uliyat kelishini” anglaganiga besh yil, adolat kurashchisi bo‘lishdan bosh tortganiga esa uch yil bo‘ldi. Piterning o‘qishi yaxshilangan, Nyu-York uni qahramon sifatida tan olgan, Meri Jeyn bilan munosabatlari ham yaxshi. Piter hatto unga turmush qurishni taklif qilmoqchi! Lekin, afsuski, uning eng yaqin do‘sti Garri Ozborn haligacha otasining bevaqt o‘limiga aynan O‘rgimchak odam sababchi deb hisoblaydi.
“Yangi oʻrgimchak odam” (2012)

Sem Reymining trilogiyasi yakunlanganidan 5 yil oʻtib, 2012-yildaa tomoshabinlar orasida yana barcha narsani hal qiladigan yoqimtoy superqahramonga talab paydo boʻldi. Endryu Garfild bosh rolni oʻynagan film-dialogiya esa bu talabni qondirdi. Shuningdek, kinoda Emma Stoun ham asosiy obrazlardan birini gavdalantirgan.
Bolaligida ota-onasi Piter Parkerni tashlab ketgan va shu sababli u amakisi va xolasi tomonidan katta qilingan. Yillar o‘tdi, Piter oddiy o‘rnak bo‘ladigan maktab o‘quvchisi bo‘ldi, bezorilarning tajovuziga uchradi va sinfdoshi Gven Steysiga oshiq bo‘ldi, u ham yashirincha bunga javob qaytardi. Ammo genetik jihatdan modifikatsiyalangan o‘rgimchak chaqqanidan so‘ng, Piter aql bovar qilmas super qobiliyatlarga ega bo‘ladi va uning hayoti butunlay o‘zgaradi.
“Yangi oʻrgimchak odam: yuqori kuchlanish” (2014)

Dialogiyaning ikkinchi qismi ham omadli chiqadi va personaj muxlislariga hech qachon javob topilmaydigan “Tobi Maguayr yaxshiroqmi yoki Endryu Garfild”, degan savolni yuzaga keltiradi. Film tomoshabinga hissiyot berish nuqtai nazaridan ham avvalgilaridan qolishmaydi.
Piter Parker O‘rgimchak odam niqobi ostida dunyoni yovuzlar va jinoyatchilardan qutqarishda davom etib, bo‘sh vaqtini sevgilisi Gven bilan o‘tkazadi, ammo maktab davri tugab, qahramonlarni katta hayot kutardi. Taqdir Piterga kutilmagan sovg‘alar tayyorlab qoʻygan. Uning yo‘lida yangi raqib — Elektro paydo bo‘ladi, bundan tashqari, u uzoq yillik do‘sti Garri Osborn bilan yana uchrashishi va o‘z oilasining o‘tmishi haqida ko‘p narsalarni bilib olishi kerak.
“Kapitan Amerika: fuqorolar urushi” (2016)

Ayni davrda butun dunyoda Marvel gegemonligi yuz berayotgandi va Oʻrgimchak odamning alohida filmlaridan tashqari Kapitan Amerika, Temir odam, Tor kabi qahramonlar modada edi. Marvel kinoolamiga Piter Parkerning kirib kelishi radikal tarzda emas, boshqa filmlarga yondosh tarzda yuz bergan. Tom Holland ijrosidagi personaj ilk bor “Kapitan Amerika"ning solo filmida koʻrinish bergan.
Kapitan Amerika boshchiligidagi qasoskorlar xalqaro miqyosdagi halokatli hodisaning ishtirokchisiga aylanadi. Bu voqealar hukumatni tartibga solish haqida o‘ylashga majbur qiladi. Bunda fuqarolik huquqlarining buzilishini va o‘zi ishongan narsalarga tupurilganini koʻrgan Stiv Rojers qo‘llab-quvvatlovchi qahramonlar guruhini yetaklab, yangi rejimga ochiqdan-ochiq qarshi chiqadi. O‘z navbatida, Toni Stark yangi shartnoma qoʻllab-quvvatlaydi va oʻz jamoasini tuzadi. Bularning barchasi Qasoskorlarning muqarrar bo‘linishiga va tomonlar o‘rtasidagi urushga olib keladi.
“Oʻrgimchak odam: uyga qaytish” (2017)

Oradan bir yil oʻtib esa avvalgi ikki personajga qaraganda ancha zamonaviyroq Oʻrgimchak odamning yakkaxon filmi dunyo yuzini koʻrgan. Marvel’ning odatiy filmlari kabi ishlangan kinokartina oldinda turgan ajoyib seriyaning boshlanishi edi.
Qasoskorlar jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin Piter Parker uyiga qaytadi va Mey xolaning vasiyligida oddiy hayot kechirishga harakat qiladi. Lekin ayni vaqtda boshqa birov ham Piterga ko‘z-quloq bo‘lib yuribdi. Toni Stark O‘rgimchak odamni amaliyotda ko‘rgan va endi uning ustozi bo‘lishi kerak. Yangi yovuz Qirg‘iy Piter uchun qadrli bo‘lgan hamma narsani yo‘q qilish bilan tahdid qiladi va haqiqiy super qahramon kim ekanini hammaga ko‘rsatish vaqti keladi.
“Qasoskorlar: cheksizlik jangi” (2018) va “Qasoskorlar: final” (2019)

Oʻrgimchak odamni koʻrishimiz mumkin boʻlgan keyingi filmlar Marvel kinoolamining choʻqqisi hisoblanadigan “Qasoskorlar"ning uchinchi va toʻrtinchi qismlariga toʻgʻri keladi. Bu kinolarda Piter Parker ansamblni buzib qoʻymagan, lekin alohida oʻzini ham koʻrsatmagan. Biroq baribir “Qasoskorlar” uning hikoyasi emasdi. Uning haqiqiy hikoyasi keyingi qismlardan boshlangan.
Tanos cheksizlik toshlarini qoʻlga kiritib, butun olamdagi teng yarim tirik jonni oʻldirishga harakat qiladi. “Qasoskorlar” jamoasi esa unga qarshilik qiladi. Birinchi jang magʻlubiyat bilan yakunlanadi, ikkinchi jang esa hayot-mamot masalasini hal qiladi.
“Oʻrgimchak odam: uydan uzoqda” (2019)

Ushbu filmda Oʻrgimchak odam haqidagi komikslar orqali mashhur boʻlgan “Misterio” qahramonining ham ekran versiyasini koʻramiz. Uni mashhur aktyor Jeyk Jillenxol ijro etgan. Kinokartina avvalgilariga qaraganda syujetdagi kutilmagan burilish bilan ham esda qoladi.
Piter Parker sinfdoshlari bilan Yevropaga yozgi ta’tilga yoʻl oladi. Biroq do‘stlar hordiq chiqarishi ehtimoldan yiroq. Guruh Venetsiyaga yetib kelgach, xavfli jang markaziga tushib qoladi. Qandaydir suvdan tashkil topgan mavjudot yo‘q joydan paydo bo‘lib, yo‘lida uchragan hamma narsani vayron qila boshlaydi va endi Piter sirli superqahramon Misterio bilan birga Yevropa me’moriy yodgorliklarini qutqarishi kerak bo‘ladi.
“Oʻrgimchak odam: uyga yoʻl yoʻq” (2021)

Film uzoq 2002-yildan beri Oʻrgimchak odam personajiga muxlislik qilib kelgan fanbaza uchun haqiqiy sovgʻa boʻlgan. Chunki unda… mayli nega bunday boʻlganini filmni koʻrib bilib olgan ma’qul.
Piter Parkerning hayoti va obroʻsi xavf ostida, chunki Misterio o‘rgimchak odamning sirini butun dunyoga oshkor qildi va uning haqiqiy ismi ma’lum boʻldi. Vaziyatni tuzatishga harakat qilayotgan Piter yordam so‘rab Stiven Strenjga (Doktor Strenj) murojaat qiladi, ammo tez orada vaziyat yanada xavfli tus oladi.
“Oʻrgimchak odam: yondosh olamlar” (2018)

Oʻrgimchak odamlar olami filmlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu qahramon haqidagi har bir komiks va ulardagi qahramonlar shunchalik mashhurki, ijodkorlar barchasini ekranizatsiya qilishga urinadi. Maylz Morales haqidagi hikoya ham shular jumlasidan.
Ushbu animatsion film markazida nyu-yorklik oʻsmir Maylz Morales turadi, u superqahramonlar kostyumini undan boshqalar ham kiyishi mumkin boʻlgan, imkoniyatlar cheksiz Oʻrgimchak-odamlar olamida yashaydi.
“Oʻrgimchak odam: olamlar toʻri” (2023)

2023-yilda animatsion filmning ikkinchi qismi premyera qilinadi va bu hikoya ham ushbu kinoolamni yanada boyitish uchun xizmat qiladi.
Gven Steysi bilan qayta birlashgan do‘stona qo‘shni O‘rgimchak odam Bruklindan Multiolamga tushib qoladi va uni himoya qilayotgan O‘rgimchak odamlar jamoasiga duch keladi. Yangi tahdidga qarshi kurashar ekan, Maylz boshqa olamlardan kelgan O‘rgimchak odamlar bilan to‘qnashadi. Nihoyat, u o‘zi uchun eng aziz insonlarni qutqaradigan qahramon bo‘lish aslida nimani anglatishini anglaydigan payt keladi.