Buyuk Britaniya Paramount va Warner Bros. o‘rtasidagi bitimni ma’qulladi

Buyuk Britaniya regulyatorlari Paramount Skydance tomonidan Warner Bros. Discoveryni sotib olish bo‘yicha milliard dollarlik bitimni ma’qulladi. Bu kelishuv yakunlanishi yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.
Buyuk Britaniyaning Raqobat va bozorlar boshqarmasi (CMA) kompaniyalar birlashuvi kino prokati, bolalar televideniyesi va striming xizmatlari kabi asosiy yo‘nalishlarda raqobatga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, degan xulosaga keldi. Qaror Paramount Britaniyadagi media loyihalarining tahririy mustaqilligi va alohida brend sifatida faoliyatini saqlab qolish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar berganidan so‘ng qabul qilindi.
Xususan, kompaniya Channel 5 telekanali va boshqa yangiliklar tahririyatlarining mustaqilligini saqlab qolish hamda ularning tahririy faoliyatini boshqa media resurslari bilan birlashtirmaslik majburiyatini olgan.
Bitim yakunlangach, Warner Bros., HBO, DC, Garri Potter va Taxtlar o‘yini kabi yirik brendlar va media kutubxonasi Paramount Skydance nazoratiga o‘tadi. Kelishuv avvalroq Yevropa regulyatorlari tomonidan ham ma’qullangan, biroq AQShda u hali ham monopoliyaga qarshi da’volar yuzasidan sud muhokamasida qolmoqda.