Piter Parker uchun haqiqiy yangi kun: “O‘rgimchak odam: yangi kun” filmiga sharh

E’lon qilingan sana· 208
Piter Parker uchun haqiqiy yangi kun: “O‘rgimchak odam: yangi kun” filmiga sharh

Tom Holland ijrosidagi “O‘rgimchak odam: yangi kun” avvalgi trilogiyaning oddiy davomi emas. Film Piter Parkerning hayotidagi eng katta yo‘qotishlardan keyingi davrni ko‘rsatib, uni avvalgidan ancha ulg‘aygan, jiddiy va yolg‘iz qahramon sifatida tasvirlaydi. Biroq Marvel bu safar multikoinot shov-shuviga emas, Piterning o‘ziga e’tibor qaratishga urinayotgan bo‘lsa-da, film buni har doim ham bir xil darajada uddalay olmaydi.

Yangi kun, eski Piter

“O‘rgimchak odam: uyga yo‘l yo‘q” yakunida Piter Parker o‘zi sevgan insonlarini saqlab qolish uchun juda katta badal to‘lagandi. Doktor Strenjning afsuni oqibatida butun dunyo Piter Parkerning kimligini, hatto uning mavjudligini ham unutgan. MJ va Ned endi uni tanimaydi. Xolasi Mey esa avvalgi filmda vafot etgan.

“Yangi kun” voqealari oradan to‘rt yil o‘tib boshlanadi. Piter endi maktab o‘quvchisi yoki kelajagini izlayotgan yosh yigit emas. U Nyu-Yorkdagi jinoyatchilikka qarshi kurashni deyarli to‘liq ishiga aylantirgan. Kunduzi va kechasi o‘rgimchak odam sifatida jinoyatchilarni tutadi, keyin esa yangi texnologiyalar ustida ishlash uchun uyiga qaytadi.

Bu Piterning eng katta o‘zgarishi. Avvalgi filmlarda uning o‘rgimchak odam sifatidagi faoliyati o‘qish, do‘stlar, sevgi va oddiy hayot bilan birga kechardi. Endi esa niqob ortidagi hayot deyarli qolmagan. U shaharga kerak bo‘lgan qahramon, lekin hech kim uchun Piter Parker emas.

Shuning uchun filmning markaziy mavzusi ham navbatdagi katta yovuz kuchni mag‘lub etishdan ko‘ra yolg‘izlik va o‘zlikni izlashga yaqinroq.

MJ’ni unutish — eng og‘riqli jang

Filmning eng kuchli chizig‘i Piter va MJ o‘rtasidagi munosabat bo‘lib qoladi. MJ Piter Parker haqida hech narsa bilmaydi, Piter esa uning hayotini uzoqdan kuzatib yuradi. MJ o‘z hayotini davom ettirgan, Piter esa o‘tmishda qolib ketgan.

Bu g‘oya dastlab oddiy romantik drama sifatida ko‘rinsa-da, film uni o‘rgimchak odam hikoyasining asosiy konfliktiga aylantiradi. Piter MJ bilan yana uchrashish, uning xotirasida o‘ziga joy topish imkoniyatini izlaydi. Ammo bu urinishlar uni yanada og‘riqli vaziyatlarga olib keladi.

Ayniqsa ularning bir-birini tanimasligi filmning eng yaxshi dramatik paradokslaridan birini yaratadi: ikki inson bir-biriga juda yaqin, lekin ulardan faqat bittasi bu yaqinlikni eslaydi.

Yangi xavf ko‘rinmaydi

Piterning hayotidagi ichki muammolar bilan bir vaqtda shaharda ancha noodatiy xavf paydo bo‘ladi. Sirli mavjudot odamlarning ongini egallab, ularning tanasi orqali harakat qilishi mumkin. Eng qizig‘i, o‘rgimchak odam bu ta’sirdan himoyalangan.

G‘oya qog‘ozda qiziqarli: Piter avvalgidek musht bilan urib, to‘r otib yengadigan dushman emas, balki kimligini ham bilmaydigan va ong orqali hujum qiladigan kuch bilan kurashadi.

Filmning ayrim sahnalarida bu qo‘rqinchli kayfiyat yaxshi ishlaydi. Ammo yangi antagonistning konsepsiyasi oxir-oqibat kutilgan darajada ta’sirchan bo‘lib chiqmaydi. Film uni sirli va xavfli ko‘rsatishga urinsada, biroq yakuniy yechimda qahramon va yovuz obraz o‘rtasidagi chegaralar ancha noaniqlashadi.

Bu esa finaldagi to‘qnashuvning dramatik kuchini biroz pasaytiradi. Tomoshabin film davomida katta xavfni kutadi, ammo yakunda masala oddiy “yaxshilar yovuzlarni yengadi” formulasidan ancha boshqacha hal bo‘ladi.

Jazolovchi filmni jonlantiradi

“Yangi kun"dagi eng yaxshi qo‘shimchalardan biri — Jon Bernthal ijrosidagi Frenk Kesl, ya’ni Jazolovchi.

O‘rgimchak odam va Jazolovchi bir-biriga umuman o‘xshamaydigan ikki qahramon. Piter insonlarni qutqarishga, hatto dushmanlariga ham imkon berishga harakat qiladi. Frenk esa muammoni ancha keskin usulda hal qilishga moyil.

Shu sababli ularning birgalikdagi sahnalari filmning eng jonli qismlaridan biriga aylanadi. Kesl qahramonini jiddiy tutsa ham, Piter bilan qarama-qarshiliklarida filmga kerakli hazil va energiyani olib kiradi.

Jazolovchi shunchaki navbatdagi Marvel qahramoni sifatida qo‘shilmagan. U Piter uchun o‘ziga xos qarama-qarshi aks vazifasini bajaradi: ikkalasi ham jinoyatchilarga qarshi kurashadi, ammo bu ishni nima uchun va qanday bajarish kerakligi borasida mutlaqo boshqa qarashlarga ega.

Halk, Yelena va fan-servis

Filmda Mark Ruffalo ijrosidagi Bryus Benner ham paydo bo‘ladi. Piter o‘zida yuz berayotgan g‘alati o‘zgarishlarni tushunish uchun Bennerga murojaat qiladi. Ammo odatdagidek, maslahat uzoq davom etmaydi va Halk ishtirokidagi katta jangga aylanadi.

Bu filmning eng tomoshabop epizodlaridan biri. Shu bilan birga, u Marvel’ning tanish formulasini ham eslatadi: syujet qayerga ketmasin, tomoshabinga tanish qahramonni olib kirish uchun imkon topiladi.

Florens Pyu ijrosidagi Yelena Belova esa ancha qisqa, lekin kulgili epizod bilan filmga qo‘shiladi.

Bunday qahramonlar filmni Marvel olamiga bog‘lab turadi. Biroq “Yangi kun"ning asosiy kuchi aynan shunday krossoverlarda emas. Film eng muhim nuqtalarda o‘z qahramonlari bilan yolg‘iz qoladi.

Xulosa

“O‘rgimchak odam: yangi kun” mukammal film emas. Unda ortiqcha syujet tarmoqlari, ba’zan cho‘zilib ketadigan epizodlar va o‘z g‘oyalarini haddan tashqari jiddiy taqdim etadigan lahzalar bor. Yangi antagonist ham kuchli obrazga aylanmaydi.

Ammo filmning muhim yutug‘i shundaki, u Tom Hollandning o‘rgimchak odamini qahramon sifatida emas, avvalo inson sifatida ko‘rsatishga urinadi.

Piter endi o‘smir emas. U xatolar qilgan, yaqinlarini yo‘qotgan va buning evaziga butun shaharni himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan yosh yigit. U MJ’ni qaytarishni xohlaydi, ammo ayni paytda uning hayotiga rahna solishdan qo‘rqadi. U o‘rgimchak odam bo‘lishni yaxshi ko‘radi, lekin o‘rgimchak odam bo‘lmagan Piter Parker qanday yashashini deyarli unutgan.

Shuning uchun “Yangi kun” nomi shunchaki navbatdagi qism nomi emas. Bu Piter Parker uchun hammasini qaytadan boshlash imkoniyati.

Film Marvel’ning eng katta va eng shov-shuvli filmlaridan biri bo‘lishga urinmaydi. U bundan ko‘ra qiyinroq narsani — qahramonini ulg‘aytirishni tanlaydi. Va barcha kamchiliklariga qaramay, Tom Hollandning Piter Parkeri uchun bu yo‘nalish o‘zini oqlagan.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling